date
views 58

Kaliforniyada Tramp mitingidan oldin miltiq va toʻpponcha bilan qurollangan shaxs qoʻlga olindi

Kaliforniyada Tramp mitingidan oldin miltiq va toʻpponcha bilan qurollangan shaxs qoʻlga olindi
Foto: Reuters
Riversayd okrugi sherifi Chad Byankoning soʻzlariga koʻra, Las-Vegasda yashovchi 49 yoshli Vem Miller Trampa chorrahadagi
blokpostlardan birida chiqish qilishiga bir soat qolganida qoʻlga olingan — u qora rangli yoʻltanlamas avtomobil boshqaruvida boʻlgan, uning yonidan miltiq, oʻqlangan toʻpponcha hamda katta sigʻimli oʻqdon topilgan. Rasmiylarning tasdiqlashicha, ushbu shaxsning yonida bir necha pasport hamda haydovchilik guvohnomalari boʻlgan.

Xabar qilishlaricha, erkak noqonuniy tarzda qurol va oʻq-dori saqlashda ayblanib hibsga olingan, keyin esa 5 ming dollar miqdoridagi garov puli evaziga qoʻyib yuborilgan. Uning ishi boʻyicha tinglov keyingi yil 2 yanvariga belgilangan.

Millerning oʻzi har qanday ayblovni rad etgan. U doimo qurol bilan yurishi va «100 foizga Tramp tarafdori» ekanini aytgan.

Rasmiylar bu hodisa Tramp yoki miting ishtirokchilari xavfsizligiga ta'sir koʻrsatmaganini aytishgan.

Mahalliy sherif politsiyachilar Donald Trampga suiqasdning oldini olgandek koʻrinayotgani, ammo koʻp savollar javobsiz qolayotganini aytgan.

Chad Byanko gumonlanuvchining miyasida qanday xayol boʻlganini aniq bilib boʻlmasligi, uning niyati suiqasd qilish boʻlganini isbotlash imkonsiz ekanini tan olgan.

Uning aytishicha, yoʻltanlamasdagi davlat raqami soxta boʻlgan, avtomobil ichkarisi esa toʻzib yotgandi. Byankoning ma'lumotiga koʻra, u erda bir necha pasport va turli shaxslar nomidagi haydovchilik guvohnomalari boʻlgan.

Uning soʻzlariga koʻra, gumonlanuvchi «Suveren fuqarolar» guruhi a'zosi ekanini aytgan. «Men buni jangari guruh demagan boʻlardim. Bu shunchaki hukumatga va davlat nazoratiga ishonmaydiganlar guruhi», — degan u.

Chad Byanko — respublikachi, avvalroq u Trampni qoʻllab-quvvatlashini bildirgandi. U shuningdek nomzodning Kaliforniyadagi ishonchli vakili sanaladi.

CBS News telekompaniyasi federal huquq-tartibot organlariga asoslanib, hozircha Tramp hayotiga suiqasd qilingani haqida hech qanday ma'lumot yoʻqligini xabar qilgan.

Federal ma'murlar tergov davom ettirilayotganini aytishgan. Maxfiy xizmat va FQB hibs haqida xabardorligini ma'lum qilib, mahalliy politsiyachilarga minnatdorchilik bildirgan, ammo hodisa Tramp xavfsizligini ta'minlashga ta'sir koʻrsatmagani ma'lum qilingan.

«Biz miting oʻtkazilayotgan joyni qoʻriqlagani va prezident Trampning xavfsizligini ta'minlashga yordam koʻrsatgani uchun huquq-tartibot organlariga minnatdorchilik bildiramiz. Biz hibs haqida xabardormiz va ayni vaqtda vaziyatni kuzatib, qoʻshimcha ma'lumot yigʻyapmiz», — degan Trampning saylovoldi shtabi kommunikatsiyalar boʻyicha direktori Stiven Chung.

Saylovoldi kampaniyasi chogʻida Tramp iyul oyida ilk suiqasdni boshdan kechirgandi, oʻshanda Pensilvaniyadagi mitingda u chiqish qilgan sahna yaqinidagi bino tomidan turib unga qarata oʻq uzilgandi. Tramp qulogʻidan yaralangan, uni oʻqqa tutgan 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks voqea joyida otib tashlangandi, uni jinoyatga undagan sabablar hozirgacha noma'lum.

Ikkinchi holat Trampning Florida shtati, Palm-Bich shahridagi golf-klubi yaqinida sodir boʻldi, bu erda Maxfiy xizmat agenti butazorda miltiq uchini koʻrib qolgach, shu tomonga qarata oʻq uzgan. Shundan keyin, butazor ichidan bir kishi chopib chiqqan va yashirinishga uringan, koʻp oʻtmay uni qoʻlga olishgan. Keyinroq, qoʻlga olingan shaxs — 58 yoshli Rayan Uesli Rut ekani ma'lum boʻlgan. FQB hodisani suiqasdga urinish sifatida tergov qilayotganini xabar qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo