date
views 74

Mask Tramp kampaniyasiga qancha xayriya qilgani ma'lum boʻldi

Mask Tramp kampaniyasiga qancha xayriya qilgani ma'lum boʻldi
Foto: AP Photo
Amerikalik milliarder, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask AQSh prezidentligi saylovlarida sobiq davlat rahbari Donald Trampni qoʻllab-quvvatlovchi America PAC siyosiy tashkilotiga uch oy davomida 75 million dollar xayriya qildi.

AQSh Federal saylov komissiyasi e'lon qilgan hujjatga koʻra, ushbu mablagʻlarning 72 million dollari 2024 yil iyul va sentyabr oylari orasida oʻtkazilgan, Mask shu uch oy davomida uning yagona donori boʻlgan.

The Washington Post nashri tashkilotni “Mask tomonidan Tramp saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida tuzilgan siyosiy harakatlar qoʻmitasi” deb atagan.

America PAC Trampning ikkinchi muddatga saylanishida asosiy oʻyinchi sifatida paydo boʻldi. U respublikachi nomzod uchun mustaqil saylovchilarni yigʻish boʻyicha eng ulugʻvor sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda”, deb yozadi nashr.

Reuters nashri ushbu tashkilot oʻz sa'y-harakatlarini shtatlarda saylovchilarni safarbar etishga qaratayotganini ta'kidlagan. Hisobotga koʻra, America PAC Trampni qoʻllab-quvvatlash uchun bir xil maqsadlarga ega boʻlgan boshqa guruhlarga qaraganda koʻproq pul sarflagan.

AQSh Demokratik partiyasiga ovoz bergan Mask avvalroq joriy saylovlarda Trampni qoʻllab-quvvatlashini ma'lum qilgan edi. Oʻzining X ijtimoiy tarmogʻida milliarder Trampning AQSh chegaralarini noqonuniy muhojirlardan himoya qilish siyosatini, mamlakatda ichki xavfsizlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarini, shuningdek, soʻz erkinligini himoya qilish boʻyicha pozitsiyasini ma'qullashini bir necha bor ta'kidlagan.

Tadbirkor Kamala Harrisni bir necha bor tanqid qilib, xususan, agar u gʻalaba qozonsa, bu saylovlar Qoʻshma Shtatlar uchun oxirgisi boʻlishini, Tramp esa aksincha, “demokratiyani saqlab qolishning oxirgi yoʻli” ekanini aytgan.

Tramp oʻz navbatida saylovda gʻalaba qozongan taqdirda Maskni maslahatchi yoki vazir lavozimiga tayinlash istagini ma'lum qilgan.

U juda aqlli odam. Agar rozi boʻlsa, albatta shunday qilgan boʻlardim”, degan edi AQShning sobiq etakchisi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mask Tramp kampaniyasiga qancha xayriya qilgani ma'lum boʻldi