
Vetnamlik Hyuin Thi Than Thuyi (Huỳnh Thị Thanh Thủy) ismli talaba qiz Yaponiyada boʻlib oʻtgan 62-sonli Miss International-2024 xalqaro goʻzallik tanlovining mutlaq gʻolibi boʻldi, deb xabar bermoqda Tengrinews.

Foto: Saostar.vn
Tanlovda jami 71 davlatdan kelgan vakillar ishtirok etdi va butun dunyo boʻylab tomoshabinlarga jonli efirda namoyish etildi. Mazkur musobaqaning birinchi qismida barcha ishtirokchilarning milliy ruhdagi liboslar namoyishi boʻlib oʻtdi. Yangi zelandiyalik 21 yoshli Santa Puul ushbu bosqichda eng yaxshi ishtirokchi deb topildi. Soʻng hakamlar hay'ati boshqa liboslarda oʻtkazilgan tanlovning eng yaxshi 20 taligini saralab oldi.
Yarim finalga chiqqan 20 nafar ishtirokchilar tomoshabinlar va hakamlar uchun oqshom liboslari va obrazlarini taqdim etdi. Bu bosqichda turli qit'alar malikalari aniqlandi. Kabo-Verdelik ishtirokchi Afrika qirolichasi, kubalik tadbirkor Amerika qirolichasi, Irlandiya vakili Evropa qirolichasi, Yaponiyadan kelgan nutritsiolog Osiyo malikasi sifatida tanlandi.

Foto: Saostar.vn
Finalga sakkiz nafar goʻzallar: Boliviya, Polsha, Chexiya, Vetnam, Indoneziya, Ispaniya, Yangi Zelandiya va Venesuela davlatlaridan kelgan ishtirokchilar chiqdi. Tanlov reglamentiga koʻra, ular hakamlarning turli savollariga toʻgʻri va aniq javob berishlari kerak edi.
Vetnamlik qizga qanday global voqealar kelajak avlodning ta'lim tizimiga katta ta'sir qilgani haqida savol berildi. U bunga javoban COVID-19 pandemiyasi va masofadan ta'lim olishning rivojlanishi, deb aytdi.

Foto: Saostar.vn
Shundan soʻng tanlovning mutlaq gʻolibi e'lon qilindi. Bu Vetnamdan tashrif buyurgan model Hyuin Thi Than Thuyi edi. Thuyi Miss International tanlovida gʻolib boʻlgan ilk vetnamlik qiz boʻldi. U 2022 yilda vatanidagi Miss Vietnam tanlovida gʻolib boʻlganidan keyin butunjahon bellashuviga yoʻl olgan edi.

Foto: Saostar.vn
22 yoshli qiz ikkita universitetda tahsil oladi, ingliz va koreys tillarida erkin soʻzlashadi, model sifatida ishlaydi va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha loyihalarda koʻngilli sifatida ishtirok etadi.
Intervyulardan birida gʻolib qiz avvallari qoʻrqoq va oʻziga ishonmagan inson boʻlgani haqida soʻzlab berdi. U ulgʻaygan sari hayotga ijobiyroq qaray boshlagan va emotsional jihatdan etukroq boʻlishga harakat qilib kelmoqda.

Foto: Saostar.vn
Miss International xalqaro goʻzallik tanlovi toʻrtta yirik xalqaro goʻzallik konkursi: Miss Universe (Koinot goʻzali ), Miss World (Dunyo goʻzali) va Miss Earth (Er sayyorasi goʻzali) dan biri boʻlib, 1960 yilda Amerikaning Kaliforniya shtatida tashkil qilingan va 1972 yildan boshlab Yaponiyada oʻtkazila boshlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar