17:35 / 15.11.2024
11

AQSHda 10 mlrd dollarlik bitkoin o‘g‘irlagan xaker qamaldi

AQSHda 10 mlrd dollarlik bitkoin o‘g‘irlagan xaker qamaldi
Foto: us.cnn.com
Rossiya va AQSH fuqaroligiga ega Ilya Lixtenshteyn yirik miqdorda kriptovalyuta o‘g‘irlagani uchun AQSHda besh yilga qamaldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Lixtenshteyn 2016 yilda Bitfinex kriptovalyuta birjasiga uyushtirilgan xakerlik hujumi va deyarli 120 000 bitkoin o‘g‘irlangan holat bo‘yicha o‘zini aybdor deb tan oldi. O‘sha vaqtda o‘g‘irlangan summa 71 million dollarga baholangan. Ammo bitkoin narxining keskin oshishi oqibatida bu summa 4,5 milliard dollargacha ko‘tarildi. Hozirgi kurs bo‘yicha esa 10 milliard dollardan oshadi.

AQSH bosh prokurorining o‘rinbosari Liza Monakoning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida olib qo‘yilgan aktivlar Adliya vazirligi tarixidagi eng yirik musodara bo‘ldi.

Bunday jinoyatlarni jazosiz sodir etib bo‘lmasligini, ular salbiy oqibatlarga olib kelishini anglatish muhim, dedi okrug sudyasi Kollin Kollar-Kotelli.

2022 yil fevralda hibsga olinganidan buyon qamoqda o‘tirgan Lixtenshteyn qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi. Shuningdek, u jazoni o‘tab bo‘lgach, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda o‘z mahoratini sinab ko‘rmoqchi. Lixtenshteyn bilan birga uning rafiqasi Hezer Morgan ham hibsga olingan. U 2023 yili pul yuvish maqsadida til biriktirganlik bo‘yicha aybdor deb topilgan. Hukm unga 18 noyabrda chiqarilishi kerak.

Foto: Hezer Morgan / BBC
Sud hujjatlariga ko‘ra, Lixtenshteyn Bitfinex birjasini buzish uchun ilg‘or xakerlik vositalaridan foydalangan. U turmush o‘rtog‘i bilan birga “bu pullarni yuvishning ko‘plab murakkab usullarini qo‘llagan”, deyiladi AQSH Adliya vazirligi xabarida.

Ushbu usullar soxta shaxslardan foydalanish, mablag‘larni turli kriptovalyutalarga o‘tkazish va oltin sotib olishni o‘z ichiga oladi.

Rossiyada tug‘ilgan va AQSHda o‘sgan Lixtenshteyn oilaviy sayohatlar paytida kurerlar bilan uchrashgan va yuvilgan pullarni vatanga o‘tkazgan, deydi prokurorlar.

Er-xotin Manxettenning Uoll Strit tumanida yashagan. Hezer Morgan Forbes jurnali bilan hamkorlik qilgan va rep o‘qigan, qo‘shiqlardan birida o‘zini “Uoll Strit timsohi” deb atagan. Morgan hibsga olingandan keyin uning qo‘shiqlari va videokliplari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan.

Olingan mablag‘larning bir qismi turli xaridlarga, masalan, Walmart do‘konining 500 dollarlik sovg‘a kartasiga sarflangan. Ushbu kartadagi xaridlar ko‘p jihatdan jinoyatchilarning iziga tushishiga yordam berdi, deyiladi sud hujjatlarida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda 10 mlrd dollarlik bitkoin o‘g‘irlagan xaker qamaldi