
Arxiv foto: “TASS”
Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy xarajatlarni rekord darajaga ko‘tarib, kelgusi uch yilga mo‘ljallangan budjet rejalarini tasdiqladi. Hujjat Huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
Putin “2025 yil va 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan federal budjet to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Davlat dumasi uni 21 noyabrda qabul qildi, Federatsiya kengashi esa 27 noyabrda ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya budjeti daromadlari 40,3 trillion rubl (376 milliard dollardan ziyod, YAIMning 18,8 foizi), xarajatlari esa 41,47 trillion rubl (387 milliard dollardan ortiq, YAIMning 19,3 foizi) darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Shu tariqa budjet taqchilligi 1,17 trillion rublni tashkil etadi.
Harbiy ehtiyojlar uchun 2025 yilgi xarajatlar 13,5 trillion rubldan (126 milliard dollardan ortiq) iborat. Bu mamlakat umumiy budjetining qariyb 32,5 foiziga teng. 2024 yilda milliy mudofaa xarajatlari esa 28,3 foiz bo‘lgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu yo‘l bilan Moskvaning urushga va kuch ishlatuvchi tuzilmalarni ta’minlashga sarflaydigan xarajatlari ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy siyosat va milliy iqtisodiyotga ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdoridan oshib ketadi.
2026-2027 yillarda harbiy xarajatlar bir oz kamayadi: mos ravishda 12,8 va 13,1 trillion rubl bo‘ladi.
“Milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish” moddasi bo‘yicha, ya’ni kuch tuzilmalarining faoliyatiga yo‘naltiriladigan xarajatlar 2025 yilda 3,5 trillion rublni tashkil etadi. “Milliy mudofaa” bilan birgalikda bu federal budjetning 41 foiziga to‘g‘ri keladi.
Ukraina mudofaa uchun qancha mablag‘ ajratmoqda?
Ukraina 2025 yil uchun davlat budjetidan mudofaa va xavfsizlik sektorlariga rekord darajadagi 54,2 milliard dollar (2,23 trillion grivna) ajratdi. Shundan 17,96 milliard dollari (739 milliard grivna) qurol-yarog‘ ishlab chiqarish, xarid qilish va dronlar uchun mo‘ljallangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar