11:30 / 18.12.2024
121

Putin shimoliy koreyalik askarlar evaziga Kim Chen Inga nimalar berdi?

Putin shimoliy koreyalik askarlar evaziga Kim Chen Inga nimalar berdi?
Foto: Getty Images
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga jo‘natgani evaziga Moskvadan milliardlab dollar qiymatdagi oziq-ovqat, neft, naqd pul va zamonaviy qurol-yarog‘ tizimlarini olmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Qo‘shin yuborish Shimoliy Koreya uchun bir qator afzalliklarni, jumladan, zarur pul va diplomatik ta’sirni taqdim etadi. Bu, ehtimol, Kim Chen Inga xalqaro sanksiyalarga bardosh berish va o‘z qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish imkonini beradi.

Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 20 000 ta konteyner hajmidagi qurol-yarog‘ yetkazib bergan. Bu qurollar tarkibiga millionlab artilleriya o‘qlari, yangi ishlab chiqarilgan ballistik raketalar, reaktiv o‘t ochish tizimlari va uzoq masofali gaubitsalar kiradi.

"Shimoliy Koreya Rossiya bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlardan 5,5 milliard dollargacha foyda olgan", deydi Seuldagi Xankuk xorijiy tadqiqotlar universiteti tadqiqotchisi Yelena Guseynova.

Bundan tashqari, KXDR qo‘shinlarni yuborish natijasida har yili 572 million dollargacha daromad olishi mumkin. Mamlakatning rasmiy eksporti o‘tgan yilning o‘zida 330 million dollarni tashkil etgan. Biroq na Rossiya, na Shimoliy Koreya askarlar uchun Moskva qanday haq to‘laganini oshkor qilmaydi.

Ammo Shimoliy Koreyaning neft tankerlari Rossiyadan BMT sanksiyalari bilan ruxsat etilganidan ancha ko‘p neft olib kelmoqda. Buni o‘tgan oyda Buyuk Britaniyaning Ochiq manbalar markazi va BBC tomonidan e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili tasdiqlaydi.

Ukrainaga qarshi urush Shimoliy Koreyaga o‘zining eng yangi KN-23 va KN-24 ballistik raketalarini haqiqiy jangda g‘arb havo hujumidan mudofaa tizimlariga qarshi sinab ko‘rish imkonini berdi. Seulning asosiy tashvishi shuki, Shimoliy Koreya Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirib, strategik yadroviy raketalar ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lishi mumkin.

"Menimcha, Rossiya hali o‘ta maxfiy yadroviy va raketa texnologiyalari hamda komponentlarini taqdim etish darajasiga yetmagan", dedi Seuldagi Milliy xavfsizlik strategiyasi institutining tahlilchisi Jang Seho.

KXDRdan Ukrainadagi urushga yuborilgan askarlar

Janubiy Koreya va AQSHning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 10 mingdan ortiq askar yuborgan. Ulardan ba’zilari allaqachon Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari soni 100 mingga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga og‘ir artilleriya – o‘ziyurar gaubitsalar va ko‘plab raketa tizimlarini ham yetkazib beradi.

Rossiya va Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, G‘arb sanksiyalariga qarshi hamkorlikni o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin shimoliy koreyalik askarlar evaziga Kim Chen Inga nimalar berdi?