00:30 / 19.12.2024
18

Xitoy va Hindiston Himolaydagi yarim asrlik hududiy nizoni hal qilmoqchi

Xitoy va Hindiston Himolaydagi yarim asrlik hududiy nizoni hal qilmoqchi
Xitoy va Hindiston oliy rahbariyati vakillari 18 dekabr kuni Pekinda chegara muammosi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. Unda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va XXR raisi Si Szinpinning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS sammitidagi uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar asosida ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish yo‘llari muhokama qilindi.

Foto: Kommersant
Bu so‘nggi besh yil ichida Xitoy va Hindiston yuqori darajadagi vakillarining chegara muammosi bo‘yicha birinchi uchrashuvidir. Unda XXR TIV rahbari Van I va Hindistonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Doval ishtirok etdi. Bu uchrashuv 1962 yilgi urushdan keyin hal qilinmagan hududiy nizolar bo‘yicha ikki yetakchi Osiyo davlati o‘rtasidagi muloqotni qayta jonlantirdi.

Xitoy ikki mamlakat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni amalga oshirish, ikkala tomonni xavotirga soladigan sabablarni bartaraf etish, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni barqaror va sog‘lom rivojlanish yo‘liga tezroq qaytarish uchun muloqot orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlash maqsadida Hindiston bilan hamkorlik qilishga tayyor”, deya ta’kidladi XXR TIV rasmiy vakili Lin Szyan.

Hindistonning Dehlidagi yuqori martabali manbalari “2020 yildagi Galvan voqeasiga o‘xshash mojarolarning oldini olish uchun Xitoy bilan mazmunli muloqotga umid qilishi”ni bildirdi.

Xitoy va Hindiston maxsus vakillarining hududiy nizolari bo‘yicha Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralari 2003 yildan buyon 23-muloqot bo‘ldi.

Avvalgi, muzokaralarning 22-raundi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan, shundan so‘ng Hindiston-Xitoy munosabatlarida keskin tanazzul yuz bergan, buning natijasida ikki davlat yangi urush yoqasiga kelib qolgandi.

1959 yilda Hindiston Arunachal-Pradesh shtatining bir qismini Xitoy o‘zlashtirganini e’lon qildi va 1962 yilda qisqa, ammo qonli urush boshlanib, natijada Pekin taxminan 38 ming kvadrat kilometr hududni o‘z nazoratiga olgandi.

Shu bilan birga, Hindiston bayonotida tilga olingan Galvandagi hodisa 1962 yilgi urushdan keyingi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi eng past nuqta bo‘ldi. O‘shanda 2020 yil may oyidagi chegara voqealaridan so‘ng, 2020 yil 15 iyun kuni Sharqiy Ladakhning baland tog‘li hududida, Galvan daryosi vodiysi yaqinida 20 nafar hind harbiysi halok bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar Hindiston va Xitoy uchun “qora kun”ga aylangan edi (Xitoy tomoni o‘z yo‘qotishlari haqida hech qanday ma’lumot bermagan).

Foto: Reuters
Shundan so‘ng, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Xitoyni “dushman” deb atadi. Shu fonda Hindistonni norozilik namoyishlari to‘lqini qamrab oldi. Namoyishchilar Xitoy bayroqlari va Si Szinpinning portretlarini yoqib, Xitoy tovarlarini boykot qilishga chaqirdilar. Keyingi vaziyat keskinlashuvi davomida tomonlar chegara vazifasini bajaruvchi, umumiy uzunligi 3,5 ming kilometrga yaqin bo‘lgan nazorat chizig‘ida mudofaa inshootlari qurishni davom ettirdilar hamda chegara hududlariga qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar va og‘ir qurol-aslahalarni joylashtirdilar.

Xususan, Hindiston Sharqiy Ladaxga Hellfire yer-havo raketalari bilan jihozlangan Apache hujumkor vertolyotlarini, shuningdek, baland tog‘li hududlarga artilleriyani yetkazib bera oladigan Chinook vertolyotlarini joylashtirdi. Harbiy aerodromlarga esa qiruvchi samolyotlar joylashtirildi. Bundan tashqari, Hindiston harbiy-dengiz kuchlari kemalarining Bengal qo‘ltig‘ida to‘planishi jadal sur’atda davom etdi.

Uchrashuv yakunida “Sinxua” agentligi ikki davlat rahbarlari amaldagi nazorat chizig‘ida tinchlikni saqlab qolishga kelishib olganlari haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, XXR raisi hindistonlik hamkasbini “qo‘shni davlatlar uyg‘unlikda yashashi hamda yonma-yon rivojlanishi uchun to‘g‘ri yo‘l topishga” chaqirdi. Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Hindiston o‘z munosabatlarini raqiblar emas, balki hamkorlar sifatida qurishi lozim.

O‘z navbatida, Narendra Modi X ijtimoiy tarmog‘ida “Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar har ikki mamlakat xalqlari uchun, shuningdek, mintaqaviy va global tinchlik hamda barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega” ekanini yozdi. Hindiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Vikram Misri o‘z bosh vaziri bayonotiga izoh berar ekan, chegara masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar mintaqadagi tinchlik va osoyishtalikka putur yetkazmasligi muhimligini ta’kidladi va ikki davlat rahbari uchrashuvi uchun maydon taqdim etgani uchun Rossiyaga minnatdorchilik bildirdi.

Ushbu bayonotlardan ko‘p o‘tmay, Hindiston va Xitoy Sharqiy Ladaxdagi Depsang va Demchok hududlarida joylashgan ilg‘or pozitsiyalardan qo‘shinlarni olib chiqib ketishni boshladi. Hindiston va Xitoy qo‘shinlarining qismlari bosqichma-bosqich Sharqiy Ladaxdagi, 2020 yilgi qurolli to‘qnashuvgacha egallab turgan orqa pozitsiyalariga qaytarildi.

Bundan tashqari, Hindiston armiyasi va Xitoyning Xalq-ozodlik armiyasi 2020 yildan beri amalga oshirilmagan qo‘shinlar olib ketilayotgan hududlarda muvofiqlashtirilgan patrullikni tikladi.

Yaqin vaqtgacha Hindiston va Xitoyning ikki tomonlama siyosiy munosabatlari 2020 yildagi harbiy qarama-qarshilik tufayli deyarli barbod bo‘lgan, faqatgina savdo aloqalari saqlanib qolgan edi. Biroq, Qozonda ikki davlat rahbarining uchrashuvidan so‘ng va undan keyin keskinlikni yumshatish bo‘yicha qo‘yilgan qadamlar, jumladan Pekinda chegara muammosi bo‘yicha maxsus vakillarning 22-uchrashuvini o‘tkazilishi, amalda Hindiston-Xitoy munosabatlarini besh yil avvalgi holatiga qaytardi”, deya ta’kidladi taniqli hind eksperti Shastri Ramachandran Kommersant nashriga.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy va Hindiston Himolaydagi yarim asrlik hududiy nizoni hal qilmoqchi