Rossiya rahbari Vladimir Putin AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan imkon qadar tezroq uchrashib, Ukraina urushi masalasini muhokama qilmoqchi. Bu haqda Tramp 22 dekabr kuni Arizona shtatida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda bayonot berdi.
«Demak, buni (Putin bilan uchrashuv nazarda tutilmoqda – tahr.) kutishimizga to‘g‘ri keladi. Biz bu urushni to‘xtatishimiz kerak. Bu dahshatli, juda dahshatli urush», – degan respublikachilar partiyasi vakili.
Tramp dekabr oyi boshida Parijda Fransiya va Ukraina prezidentlari Emmanyuel Makron va Vladimir Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv yakunida ham Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgandi.
Siyosatchi saylovoldi kampaniyasi davrida ham agar prezident etib saylansa, Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishini iddao qilgan edi. U amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyatini ham Ukrainaga harbiy ko‘mak sabab ko‘p bora tanqid qilgani ma’lum.
Tahlilchilarga ko‘ra, Tramp 2025 yil yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishgach, Ukrainaga harbiy ko‘makni qisqartirib, Kiyevni Moskva bilan muzokaralarga majburlashi mumkin.
The Wall Street Journal nashri avvalroq Trampning Ukraina borasida yagona tinchlik rejasi yo‘qligi, ammo ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biri mojaroni to‘xtatib, haqiqiy front chizig‘i bo‘ylab chegaralarni belgilash va 1300 kilometr uzunlikda demilitarizatsiya zonasini yaratish ekani haqida yozgandi.
E’tiborga molik jihati, Tramp 22 dekabr kuni Arizonadagi uchrashuvda ko‘targan masalaga Vladimir Putin ham ayni shu kuni Rossiya davlat telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida e’tibor qaratgan.
Moskvaning Ukrainaga faol ko‘mak ko‘rsatayotgan Vashington bilan munosabatlariga to‘xtalgan Putin murosaga tayyorligini bildirgan.
«Biz o‘z manfaatlarimizga zarar yetkazmagan holatda sulh-murosaga tayyoramiz», – degan u.
Putinga ko‘ra, Rossiyaning AQSH bilan munosabatlarni «chuqur o‘ra»dan olib chiqishi niyati bor. Putin an’anaga sodiq qolib, raqiblar vaziyatni beqarorlashtirayotganini ham qistirib o‘tishni unutmagan.
Garchi Rossiya va AQSH hozirda turli qutblarni egallab turgan bo‘lsa-da, Tramp va Putin munosabati iliq ekani taxmin qilinadi.
Tramp joriy yil iyun oyida bergan intervyusida prezidentlik davrida Rossiya rahbari bilan munosabatlari «juda yaxshi» bo‘lganini ta’kidlagan edi. «Menga zaiflarga qaraganda kuchlilar bilan til topishish osonroq» deya, u Putinni «kuchli» deb sifatlagandi.
Putin ham joriy yil fevral oyida amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Tramp bilan munosabatlarini «do‘stona» deb baholagan.
Avval xabar berganimizdek, noyabr oyida Putin saylovoldi kampaniyasi davrida bir necha suiqasddan omon qolgan Trampning xavfsizligidan xavotirda ekanini bildirgandi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Germaniyada Rojdestvo yarmarkasida terakt sodir etildi
Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga ultimatum qo‘ydi
Ilon Mask: “Yevropa davlatlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida”
Rossiyalik harbiylar Kiyevga ballistik raketa bilan hujum qildi
Mask Ukrainaga yordam berishni AQSHning eng yomon qarorlaridan biri deb atadi
Zelenskiy Putin shartlari asosida o‘t ochishni to‘xtatish xavfidan ogohlantirdi
G7 davlatlari Rossiya neftining narxini 60 dollardan 40 dollarga tushirmoqchi
Arnold Shvarseneggerning yangi videosi muxlislarining xavotiriga sabab bo‘ldi