16:29 / 23.12.2024
14

Alisher Usmonov urush boshlanganidan buyon qanday qilib 13,4 mlrd dollarga boyidi?

Alisher Usmonov urush boshlanganidan buyon qanday qilib 13,4 mlrd dollarga boyidi?
Foto: Facebook
Yevropa ittifoqi sanksiyalaridagi bo‘shliq tufayli rossiyalik milliarderlar Yevropa bilan savdoda pul ishlashda davom etmoqda. Jumladan, Alisher Usmonov urush boshlanganidan buyon 13,4 milliard dollarga boyidi. The Insider nashri tegishli surishtiruvini e’lon qildi.

Prezident Putinga shaxsan yaqin bo‘lgan milliarderlar aksiyador bo‘lgan kompaniyalar go‘yo hech narsa bo‘lmagandek o‘z mahsulotlarini G‘arbga eksport qilishni davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ular Yevropa ittifoqi bozorlarida to‘siqsiz ishlash imkonini beruvchi qonuniy bo‘shliqdan foydalanyapti, chunki sanksiyalar ostidagi biznesmenlarning aksiyalar ulushi 50 foizdan kam. Natijada Gennadiy Timchenko, Alisher Usmonov va Oleg Deripaska kabi oligarxlar Yevropa bilan savdo-sotiqdan milliardlab foyda olmoqda.

Oleg Deripaska qanday qilib sanksiyalarni chetlab o‘tdi

Jurnalistlarga ko‘ra, Deripaska Yevropa ittifoqi tomonidan unga qarshi sanksiyalar joriy etilgandan so‘ng En+ va “Rusal”dagi ulushini 50 foizdan pasaytirdi. Bu avtomatik ravishda korxonalarni sanksiyalar ostidan olib chiqdi.

Bugungi kunda Deripaska En+ kompaniyasining 35 foizini nazorat qilmoqda. En+ yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchi “Rusal” aksiyalarining deyarli 57 foiziga egalik qiladi.

Aniqlanishicha, 2024 yilning birinchi yarmida “Rusal” Yevropa mamlakatlarida 1,3 milliard dollar daromad olgan. Kompaniyaning Shvetsiyada (Kubikenborg Aluminium AB), Irlandiyada (Aughinish Alumina), Germaniyada (Aluminium Rheinfelden) va Italiyada (Eurallumina) ham o‘z ishlab chiqarish korxonalari borligi aytilmoqda.

The Insider nashrining yozishicha, urush davrida, ya’ni 2022 yildan 2024 yilgacha Deripaskaning boyligi bir yarim barobardan ko‘proq oshgan. Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uning aktivlari umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga baholanmoqda

Usmonov foydalangan “taktika”

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov ham USM kompaniyasidagi ulushini 49 foizgacha qisqartirdi, shu sababli endi unga sanksiyalar ta’sir qilmaydi. The Insider ma’lumotlariga ko‘ra, USM tarkibiga kiruvchi Rossiya va MDHning eng yirik temir rudasi kompaniyasi “Metalloinvest” o‘z mahsulotlarini Yevropa mamlakatlariga eksport qilishni davom ettirmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Alisher Usmonovning boyligi 13,4 milliard dollargacha ko‘paygan, deyiladi xabarda.

Putinga yaqin bo‘lgan boshqa rossiyalik tadbirkorlar ham G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Ular o‘zlari benefitsiar bo‘lgan kompaniyalardagi ulushlarini qisqartirish yoki aktivlarning bir qismini qarindoshlariga o‘tkazish orqali bunga erishgan.

Bunday tadbirkorlar qatoriga “Fosgaro” aksiyadori Andrey Gurev, Sankt Peterburg kon-metallurgiya universiteti rektori va “Fosagro”da ham ulushga ega bo‘lgan Vladimir Litvinenko, “Yevroxim” aksiyadori Andrey Melnichenko, “Yevraz” va “Nornikel” aksiyadori Roman Abramovich hamda “Novatek” va “Sibur” aksiyadori Gennadiy Timchenko kiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Alisher Usmonov urush boshlanganidan buyon qanday qilib 13,4 mlrd dollarga boyidi?