date
views 117

Asad tarafdorlari Suriyada yangi IIVning 14 nafar xodimini otib oʻldirdi

Asad tarafdorlari Suriyada yangi IIVning 14 nafar xodimini otib oʻldirdi
Foto: Reuters
Suriyaning agʻdarilgan prezidenti Bashar Asad tarafdorlari oʻtish davri hukumati xavfsizlik kuchlarining 14 nafar a'zosini otib oʻldirdi, yana 10 nafarini jarohatladi. Bu haqda Suriyaning yangi rasmiylariga tayanib SANA davlat axborot agentligi xabar berdi.

Suriya Ichki ishlar vazirligi bayonotiga koʻra, xavfsizlik kuchlari Asad rejimi davridagi sobiq zobitni hibsga olishga urinayotganda pistirmaga tushib qolgan. Suriya Inson huquqlari kengashi (SOHR) ma'lumotlariga koʻra, zobit siyosiy mahbuslar oʻnlab yillar davomida qiynoqqa solingan va qatl etilgan Sednaya qamoqxonasidagi jinoyatlarga aloqador.

SOHR ma'lumotlariga koʻra, u “minglab mahbuslarga oʻlim jazosi va oʻzboshimchalik bilan hukm chiqargan”.

Toʻqnashuvlar chogʻida uch nafar qurollangan shaxslar ham halok boʻlgan”, deydi kuzatuvchilar.

SANA agentligiga koʻra, 26 dekabr kuni Suriyaning yangi harbiy qoʻmondonligi Tartus viloyatining qishloq hududlarida avvalgi ma'muriyatning sobiq xodimlarini ta'qib qilish boʻyicha operatsiya boshlagan.

25 dekabr kuni Suriyaning bir qancha shaharlari aholisi Aleppo shahridagi alaviylar ziyoratgohi tahqirlanayotgani aks etgan video tarqalib ketganidan norozilik bildirib, koʻchalarga chiqqan. Muvaqqat hukumat IIV xabariga koʻra, isyonchilarning Halabga hujumi boshlangan noyabr oyida ziyoratgoh “noma'lum guruhlar” tomonidan vayron qilingan.

Sobiq rejimning siyosiy va harbiy elitasining koʻp vakillari, jumladan, Asad oilasi shialikning bir tarmogʻi boʻlmish alaviylikka mansub.

SOHR ma'lumotlariga koʻra, ommaviy norozilik namoyishlari alaviylar tayanch nuqtasi boʻlgan shaharlarda boʻlib oʻtgan. AFP namoyishchilar minglab kishini tashkil etishini qayd etgan. Aniqlanishicha, bir namoyishchi halok boʻlgan, yana besh nafari jarohatlangan. Shu munosabat bilan Suriyaning yangi hukumati Latakiya va Xoms viloyatlarida komendantlik soati joriy qildi.

Bashar Asad rejimining qulashi

Noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshida Suriyadagi islomiy muxolifatning sunniylar guruhi Hayat Tahrir ash-Shom boshchiligidagi qurolli kuchlari ikki haftadan kamroq vaqt ichida mamlakatning eng yirik shaharlarini bosib olishga muvaffaq boʻldi. 8 dekabrga oʻtar kechasi muxolifat kuchlari poytaxt Damashqni egallab, prezidentni hokimiyatdan agʻdardi. U otasi bilan Suriyani yarim asrdan ortiq boshqargan. Asad iste'foga chiqdi, mamlakatni tark etdi va Rossiyaga qochib ketib, u erda boshpana oldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Asad tarafdorlari Suriyada yangi IIVning 14 nafar xodimini otib oʻldirdi
-->