date
views 90

Yaponiya mudofaa xarajatlari uchun rekord darajada mablagʻ ajratmoqchi

Yaponiya mudofaa xarajatlari uchun rekord darajada mablagʻ ajratmoqchi
Foto: Report.az
Yaponiya hukumati 2025-moliya yili uchun 730 milliard dollarlik byudjetni tasdiqladi. Mazkur mablagʻning 55 milliard dollari mudofaa uchun moʻljallangan. Bu Yaponiya uchun rekord darajadagi koʻrsatkich hisoblanadi. Bu haqda Kyodo agentligi ma'lum qildi.

Mudofaa xarajatlari birinchi marta 8,7 trillion ienaga (55 milliard dollar) etdi. Chunki mamlakat Xitoydagi jadal harbiy qurilish va Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan aloqalari kuchayayotgan bir sharoitda mintaqaviy tahdidlarga javob berish qobiliyatini kuchaytirishni maqsad qilgan”, deya ta'kidlaydi agentlik.

Xususan, mablagʻlar uzoq masofali raketalarni ommaviy ishlab chiqarishni ta'minlashi kerak. Kyodo agentligining xabar berishicha, Yaponiya mudofaa xarajatlarini ketma-ket 13 yil davomida oshirgan.

Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish uchun Yaponiya Vazirlar Mahkamasi mablagʻlarni yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish va sun'iy intellekt texnologiyalari sohasiga yoʻnaltiradi. 640 million dollar Yaponiyaning yarimoʻtkazgich komponentlarini ishlab chiqaruvchi Rapidus kompaniyasiga ajratiladi.

Byudjetning taxminan uchdan bir qismi — 244 milliard dollar ijtimoiy ta'minotga yoʻnaltirilgan. Yaponiya aholining qarishi va tugʻilish darajasining pasayishi bilan kurashishni reja qilgan.

Biroq, Kyodo eslatishicha, oktyabrdagi parlament saylovlaridan keyin bosh vazirga aylangan Sigeru Isiba muxolif partiyalarining soʻrovlariga javoban, byudjet loyihasini qabul qilish uchun unga tuzatishlar kiritishi kerak boʻlishi mumkin.

Avvalroq Yaponiya hukumati Jahon bankining “Oʻsish uchun asos” dasturi doirasida Ukrainaga 567 million dollar miqdorida yordam ajratishi ma'lum qilingandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya mudofaa xarajatlari uchun rekord darajada mablagʻ ajratmoqchi