
Foto: Alamy
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmogʻiga nisbatan e'tirozlarni siyosiy yoʻl bilan hal etish niyatida. U mamlakat Oliy sudini ijtimoiy tarmoqning AQShda taqiqlanishiga oid qonunni toʻxtatib turishga chaqirdi.
«U [Tramp] hurmat bilan sudni 2025 yil 19 yanvarda kuchga kiradigan qonunni toʻxtatib turishga chaqiradi. Bu yangi administratsiyaga ushbu jarayon boʻyicha muammolarni siyosiy yoʻl bilan hal etish imkonini beradi», — deyiladi Trampning advokati Jon Sauerning bayonotida. Uning soʻzlariga koʻra, Tramp ijtimoiy tarmoq bahsida hech bir tomonning pozitsiyasini egallamagan.
TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli. Aprelda prezident Jo Bayden ijtimoiy tarmoqning bloklanishini ta'minlaydigan qonunni imzolagan edi. Oʻz navbatida Tramp ijtimoiy tarmoqqa nisbatan «yaxshi munosabatda» ekanini bildirgan. Uning ta'kidlashicha, TikTokʼning yosh foydalanuvchilari ovozi unga saylovda gʻalaba qozonishiga yordam bergan. 2020 yilgi prezidentlik davrida Trampning oʻzi TikTokʼka nisbatan sanktsiyalar qoʻllash tashabbusi bilan chiqqan edi.
Avvalroq AQSh Federal apellyatsiya sudi Xitoyning ByteDance kompaniyasi zimmasiga 2025 yil 19 yanvarga qadar TikTok platformasini sotish majburiyatini yuklagandi. Aks holda platforma AQSh hududida bloklanadi. ByteDance’ning apellyatsiya da'vosida qisqa videolar servisiga qoʻyilayotgan taqiq AQSh konstitutsiyasining soʻz erkinligi toʻgʻrisidagi birinchi tuzatishini buzayotganini qayd etgan. Ammo sud ushbu asosga qoʻshilmagan.
Shuningdek, Kanada ham TikTok videoservisidan milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan mamlakatdagi TikTok Technology Canada Inc boʻlinmasi faoliyatini toʻxtatishni talab qilgan. Shu bilan birga, Kanada hukumati TikTok ilovasi ishini bloklash niyatida emas: undan foydalanish boʻyicha qarorni foydalanuvchilarning oʻzlari qabul qilishi kerak. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar