20:15 / 29.12.2024
54

Janubiy Koreyada bir haftalik motam e'lon qilindi

Janubiy Koreyada bir haftalik motam e'lon qilindi
Foto: EPA
Janubiy Koreya qutqaruv xizmati 29 dekabr kuni yuz bergan aviahalokat oqibatida 179 kishi halok boʻlgani, ikki kishi omon qolganini ma'lum qildi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.

Halokat Bangkokdan Muanga parvoz qilayotgan Jeju Air aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti belgilangan aeroportga qoʻnayotganda halokatga uchraganida yuz bergan. Samolyot bortida 181 kishi boʻlgan. Ekipajning faqat ikki a'zosi omon qolgan, ulardan biri jiddiy jarohat olgan.

Dastlabki ma'lumotlarga koʻra, samolyot uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketib, beton toʻsiq bilan toʻqnashgan va yonib ketgan. Ekspertlar qush bilan toʻqnashuv versiyasini ham ilgari surmoqda. Bu oldi shassining ishdan chiqishiga olib kelgan boʻlishi mumkin. Ekipaj qoʻnishdan oldin aeroport ustidan aylanib uchib, shikastlanishni koʻz bilan baholashga harakat qilgan.

Kuchli yongʻin va vayronagarchilik qutqaruvchilarning ishini qiyinlashtirgan boʻlsa-da, tezkor xizmatlar darhol voqea joyiga etib kelgan. Janubiy Koreyaning vaqtinchalik prezidenti fojia qurbonlari xotirasiga etti kunlik milliy motam e'lon qilgan. Samolyotning qora qutilari topilgan.

Jeju Air aviakompaniyasi halok boʻlganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan va hodisa sabablarini aniqlash uchun hukumat bilan hamkorlik qilishini tasdiqlagan. Boeing kompaniyasi tergovga texnik yordam koʻrsatishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Bu 1997 yildan buyon Janubiy Koreyadagi eng yirik aviahalokat va qurbonlar soni boʻyicha 2024 yilda dunyoda kuzatilgan eng yirigidir.

Bu bir hafta ichida kuzatilgan uchinchi aviahalokatdir. Birinchisi 25 dekabr kuni Qozogʻistonning Oqtov shahrida yuz berdi. Ozarbayjon samolyoti qulashi oqibatida 38 kishi halok boʻldi, 29 kishi omon qoldi. Aviatexnika koʻzdan kechirilganida teshiklar aniqlandi. Ozarbayjon prezidenti samolyot Grozniy yaqinida oʻqqa tutilgani, bu samolyotni ishdan chiqarganini aytdi. Ilhom Aliyev Rossiyadan uzr soʻrash, aybdorlarni jazolash va kompensatsiya toʻlashni talab qildi.

Ikkinchisi 29 dekabr kuni Boeing 737-800 samolyoti Oslo shahriga favqulodda qoʻnishni amalga oshirdi. Amsterdamga uchayotgan samolyot gidravlikasida nosozlik yuz bergan. Samolyot Oslo aeroportiga qoʻnish chogʻida uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketib, oʻtlar ustida toʻxtagan. OAV hech kim jabrlanmagani, yoʻlovchilar evakuatsiya qilingani haqida yozmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo