00:13 / 05.01.2025
49

Yaponiyada yer yuzidagi eng keksa ayol vafot etdi

Yaponiyada yer yuzidagi eng keksa ayol vafot etdi
Foto: AP
Yaponiyaning eng keksa fuqarosi va dunyodagi eng keksa inson Tomiko Itooka 116 yoshida vafot etdi. Itooka 2019 yildan buyon yashagan Asiya shahridagi qariyalar uyi vakili Kyodo agentligiga oʻlim tabiiy sabablarga koʻra sodir boʻlganini ma'lum qildi.

Tomiko Itooka 1908 yil may oyida Yaponiyaning Osaka shahrida tugʻilgan. 20 yoshida ayol turmushga chiqqan, uning toʻrtta farzandi boʻlgan. Tomiko Itooka 1979 yilda 71 yoshida beva qolgan, ammo faol turmush tarzini davom ettirgan va sport bilan shugʻullangan.

Tomiko Itooka 2024 yil sentyabr oyida Er sayyorasining eng keksa fuqarosi va dunyoda yashovchi odamlarning eng keksasi deb tan olingan. Oʻsha paytda u 116 yosh-u 116 kunlik edi. Ungacha ispaniyalik Mariya Branyas Morera Er yuzidagi eng keksa odam hisoblangan. U 2024 yil avgust oyida 117 yosh-u 169 kunligida vafot etgan.

Joriy yilning 2 yanvar kuni Vengriyada Olimpiya oʻyinlari tarixidagi eng keksa sovrindor ayol Agnesh Keleti vafot etgani haqida xabar berilgandi. 9 yanvar kuni u 104 yoshga toʻlishi kerak boʻlgan.

Foto: Getty Images
Keleti 25 dekabr kuni pnevmoniya tufayli yurak etishmovchiligi va nafas olishi qiyinlashgani uchun kasalxonaga yotqizilgan. 2 yanvar kuni ertalab vafot etgan. Marhuma sport gimnastikasi boʻyicha besh karra Olimpiya chempioni hisoblanadi. U 1940 yilda Vengriyaning birinchi chempionatida gʻolib chiqqan. Shundan keyin kelib chiqishi yahudiy boʻlgani uchun unga har qanday sport bilan shugʻullanishni taqiqlashgan.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng Agnesh Keleti yana sport bilan shugʻullana boshladi va 1952 yilda oʻzining birinchi Olimpiada oltin medalini qoʻlga kiritgan. U jami 10 ta Olimpiada medaliga (beshta oltin, uchta kumush va ikkita bronza) hamda uchta jahon chempionati medali (bitta oltin, kumush va bronza) sazovor boʻlgan.

1957 yilda Keleti Isroilga koʻchib oʻtgan, 2015 yilda esa vatani Budapesht shahriga qaytib kelgan. Sportdagi faoliyatini tugatgach, Keleti Tel-Avivda jismoniy tarbiya boʻyicha murabbiy sifatida ishlagan, milliy terma jamoaga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, u gimnastika musobaqalarida hakam sifatida ham taklif etilardi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada yer yuzidagi eng keksa ayol vafot etdi