01:22 / 10.01.2025
64

Tramp butun materikni egallamoqchi: hamma hayratda

Tramp butun materikni egallamoqchi: hamma hayratda
AQSh prezidenti Donald Tramp oldi-orqasiga qaramay qoʻshnilarining erlarini qoʻshib olish haqida gapiryapti. Hozir Tramp birdaniga 4 ta davlatga – Kanada, Meksika, Daniya va Panamaga ochiqchasiga tahdid qilmoqda. Trampning eng yaqin ittifoqchisiga aylangan Ilon Mask esa kecha Kanada sobiq bosh vaziri Jastin Tryudoni gubernator va qizaloq deb atagan boʻlsa, bugun boyvachcha Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni ketkazishga harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bu ishlarni koʻrayotgan Evropa sharqidagi bir siyosatchi hayratdan yoqa ushlayotgan boʻlsa kerak. Axir oʻsha odam uch yildan beri qoʻshnisining ikkita viloyatini ololmay halak, bu «zoʻravon anglosakslar» esa mayda-chuyda qilmay butun qit'ani egallab olmoqchi.

Siyosat bu – ilm, populizm emas

Tramp Grenlandiyani Daniyadan sotib olmoqchi. Kanadani esa shunchaki AQShning 51-shtati deb e'lon qilishni istaydi. Etmaganiga Meksikani ham AQSh tarkibiga qoʻshib olishga qarshi emas. Balki Tramp AQShni dunyodagi eng katta davlatga aylantirmoqchidir. Chunki Kanada ham qoʻshib olinsa, AQSh hududi chindan Rossiyanikidan kattaroq boʻladi.

Oʻzini dunyo demokratiyasi qoʻrgʻoni deb koʻrsatadigan Amerikaday davlatning boʻlajak prezidenti, uning ittifoqchisi boʻlgan dunyodagi eng boy odamning bunday bosqinchilarga xos gaplaridan ba'zi xulosalarga kelish mumkin. Eng asosiy xulosa shuki, siyosat bu – butun boshli ilm. Siz biznesda har qancha zoʻr boʻlmang, qanchalik koʻp pul topmang, fundamental bilimingiz boʻlmasa, bir dumalab siyosatchiga aylana olmaysiz.

Axir siyosat bilan shugʻullanish millionlab odamlar hayotiga ta'sir qiladigan, juda kichik detallargacha hisoblab chiqilgan islohotlarni amalga oshirish degani. Bu jarayonda siz mashhurlikka erishishingiz qiyin, chunki bunga vaqt boʻlmaydi. Populistik esa juda oson mashgʻulot. Hammaning oldiga chiqasiz-da, «Men falon davlatni qoʻshib olaman», deysiz, keyin hamma sizning shu gapingiz haqida gapira boshlaydi. Qarabsizki, barcha gazeta sahifalarida sizning suratingiz. Sizday radikal fikrlaydiganlar koʻpligi hisobga olinsa, populizm orqasidan mashhurlikka erishish tayin.

Tramp uchun ham Amerika ichida shugʻullanadigan ishlar juda koʻp, respublikachi bu haqda saylov kampaniyasi vaqtida ham va'dalar bergan. Lekin Tramp aftidan yana populistlikka zoʻr bergisi kelgan koʻrinadi. Prezidentlik muddati boshlanishi oldidan bunday bayonotlar berishi esa yaxshilikka emas.

Tahdidchi-ittifoqchi

Trampning imperialist qarashlari bir tomon, Ilon Maskning oʻzini tutishi bir tomon. Tramp ikkinchi muddatga saylanganidan keyin uning mulkida yashab kelayotgan Ilon Mask oxirgi vaqtlarda oʻzini dunyo aholisi hayotini yaxshilay oladigan koʻzi toʻq boylarday emas, ertaklardagi ochkoʻz boylarday tutmoqda.

Xabaringiz bor, Jastin Tryudo Kanada bosh vaziri lavozimidan ketdi. Bunga qaysidir ma'noda uning Tramp bilan munosabati ham sabab boʻlgan, katta ehtimol. Tramp bir necha oydan buyon Kanadani AQShga qoʻshib olish haqida gapirib, Jastin Tryudoni gubernator deb ataydi. Bu narsaning nomini odamning ustidan kulish deyishadi. Birovning ustidan kulish – pastkashlik. Ayniqsa kuchli tomon kuchsiz tomonning ustidan kulishi.

Ana shu Jastin Tryudo Trampning Kanadani qoʻshib olish haqida gaplariga munosabat bildirib, bu ish hech qachon sodir boʻlmaydi deb yozdi. Ilon Mask esa oʻz xalqining manfaatini himoya qilgan Tryudoga mana bunday tvit yozdi: «Qizaloq, sen ortiq gubernator emassan. Shu uchun gaping hech qanday ahamiyatga ega emas». Kap-katta odamning gapini qarang.

Shu oʻrinda Jastin Tryudo haqida ikki ogʻiz. Albatta, uning boshqaruvidagi oxirgi yillarda Kanadada iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keldi, uning iste'fosi deyarli aniq edi. Bundan tashqari, 2013 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Tryudoda Trampning tahdidlariga turib berish uchun qat'iyat etishmayotgandek edi. Lekin Trdyudo Kanadani dunyodagi eng tartibli, iqtisodiy mustahkam davlatlardan biriga aylantirishda katta hissa qoʻshgani ham bor gap. Ishoning, Kanada Amerikadan obodroq, tinchroq va aholi yashash tarzi boʻyicha yaxshiroq davlat. Farovonlik borasida Kanadadagi hayot tarzi Evropadagiga oʻxshaydi, u erda Amerikadagi kabi kriminal koʻcha hayotiga duch kelmaysiz.

Eng muhimi, Tryudo hech qachon Amerika manziliga yomon gapirmagan, uning ustidan kulishlari uchun biror qoʻpollik ham qilmagan. U juda oddiy hayot tarzida yashadi. Hatto xotini koronavirus boʻlib bolalariga enagalik qilayotgan holatida ular bilan birga xalqaro yigʻilishlarda video orqali qatnashgandi. Yaqinda Tryudo Kanadaning bir hududiga changʻi uchgani borganida mahalliy ayol janob bosh vazir bu erdan daf boʻling, deb aytdi. Tryudo esa rahmat, mem, kuningiz yaxshi oʻtsin, deb unga rahmat aytib ketdi. Ilon Mask mana shu siyosatchini qizaloq deb masxara qilyapti. Sogʻlom fikrlovchilar bu erda kim magʻlub ekanini osongina bilib oladi.

Darvoqe, bu hali hammasi emas. Moshinfurush Maskka Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham yoqmayotgan ekan. U ittifoqchilari bilan suhbat chogʻida Britaniya bosh vazirini almashtirish masalasini muhokama qilib, bu uchun boshqa partiyalarni qoʻllash fikrini ilgari surgan. Hatto tvitterda Britaniyaga qarshi kampaniya boshlab AQSh qirollikni qutqarib qolishi kerakmi degan masalani koʻndalang qoʻygan. Oldinroq esa Germaniya ichki siyosatiga aralashib yurgandi.

Xulosa shuki, hukumat rahbarlarining boylar, zodagonlar bilan osh-qatiq boʻlishi hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Tramp – Mask ittifoqi yangi davrni juda yomon boshlayapti. Oxiri baxayr boʻlsin.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo