09:51 / 16.01.2025
55

BAA taraqqiyoti: asoschi otalar va ularning davomchilari kim?

BAA taraqqiyoti: asoschi otalar va ularning davomchilari kim?
Birlashgan Arab Amirliklari mustaqillik, federal hamkorlik va tinch-totuv davlatchilikning 54-yiliga qadam qoʻydi. Bu davrda erishilgan olamshumul yutuqlar neft omilidan tashqari, avvalo samarali boshqaruvning mevasi boʻldi. Xoʻsh, bu boshqaruvchilar kim? Ushbu maqolada BAA prezidentlari va bosh vazirlari – Abu Dabi va Dubay amirlari haqida hikoya qilinadi.

Shu kecha-kunduzda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib turibdi. Nufuzli xalqaro tadbirlar va yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlar oʻtkazish uchun allaqachon dunyodagi eng maqbul lokatsiyalardan biriga aylangan Abu Dabi navbatdagi nufuzli tadbirda oʻz mehmonlarini qabul qilmoqda.

BAAning global raqobatbardoshlik koʻrsatkichlaridagi yuqori reytinglari, uning keng qamrovli rivojlanish strategiyasi, innovatsion davlat boshqaruv tizimi, xizmatlar va qulayliklarni taqdim etishdagi mukammalligi hamda global investorlar, ijodkorlar va iste'dodlarni jalb qilishdagi samaradorligi yana bir bor namoyish qilinmoqda.

BAA yashash va ishlash uchun eng maqbul joy sifatida arab va Koʻrfaz hamkorlik kengashi davlatlari orasida etakchilik qilyapti. US News & World Report oʻtkazgan soʻrovda, BAA hayot sifati, koʻngilochar tadbirlar, mehnat bozori va daromad darajasi boʻyicha mintaqada birinchi va jahon miqyosida 33-oʻrinni egallagan.

Mazkur maqolada birlashgan amirliklarning shu singari ajoyib natijalari va taraqqiyot yoʻlining dastlabki bosqichlarida pessimistlarning umidsiz bashoratlari asossiz ekanini isbotlab qoʻygan etakchilar haqida hikoya qilinadi.

Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon – zamonaviy amirlik asoschisi

150 yillik hukmronlikdan soʻng, 1968 yilda Buyuk Britaniya Fors koʻrfazidan chiqib ketishini e'lon qildi. Bu holat mahalliy hukmdorlarni siyosiy boʻshliq holatiga yuzlantirgan bir vaqtda, Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon (1918-2004) etakchilikni qoʻlgan oldi va Dubay amiri Shayx Rashid bin Said Ol Maktum bilan birgalikda kuchli davlat barpo qilishga kirishib, qolganlarni ham bunga ishontira oldi.

1971 yil 2 dekabrga kelib, rasmiy ravishda BAAni tashkil etishda etti amirlik Shayx Zoidga ergashdi. “Ittifoqqa boʻlgan ishonchimiz arab va islomiy merosimizdan kelib chiqadi”, – degan edi Shayx Zoid ittifoq zaruriyatini ta'kidlab. Shu tariqa, u imkonsizdek koʻringan ishni uddaladi va kelajakda global davlat maqomini oladigan yangi davlatning asoschisi boʻldi.

Ma'lumki, “BAA moʻ'jizasi” asosida qora oltin – neft yotadi. Lekin hamma faqat gap bunda emas. Neft va gaz singari qimmatbaho boyliklarga ega davlatlar oz emas va ularning hammasi ham bu boyliklardan foydalanib oʻz moʻ'jizalarini yaratolgani yoʻq. Shayx Zoid neft bilan nima qilish mumkinligini va uning oxiri ham borligini yaxshi bilardi. Shuning uchun u butun faoliyatida neftdan samarali, oqilona, adolat bilan foydalanish harakatida boʻldi.

Xudo xalqimizga ato etgan neft boyligi vatandoshlarimiz hayotini yaxshilash va millatimiz kelajagini yuksaltirish uchun xizmat qilishi lozim... Xudoning marhamatiga sazovor boʻlish uchun, eng avvalo, bu boylikni mamlakatimizni obod qilish, xalqimizga farovonlik va yuqori turmush darajasini ta'minlash yoʻlida oqilona sarflashimiz kerak”, – degandi u.

Shayx Zoid arab-islom an'analari negizida farovonlik, adolat va qadr-qimmatga asoslangan yangi jamiyat qurishni maqsad qilgan, milliy boylikni adolatli taqsimlashni oʻz burchi deb bilgan. Shu boisdan, oʻzining mashhur hikmatiga amal qildi:

Agar boylik xalq farovonligi va rivojiga xizmat qilmasa, u hech qanday qiymatga ega emas”.

BAA ta'sis qilingan vaqtda xorijiy kuzatuvchilar amirliklarning qoʻshnilari bilan (xususan Eron) kelishmovchiliklari va hatto ichkarida, amirliklar oʻrtasida ham hali mavjud boʻlgan tafovutlarga ishora qilib, qiyinchilik va boshboshdoqlik roʻy berishini bashorat qilgan edi. Shayx Zoid esa koʻproq optimist edi va oʻsha dastlabki pessimistlarning bashoratlari asossiz ekanini isbotladi. Bugungi kunda BAAni tavsiflovchi farovonlik, totuvlik va zamonaviylik kabi ta'riflar – asoschilarning uzoqni koʻzlagan qarashlari va qat'iyati tufayli ekaniga shubha yoʻq.

Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon – ikkinchi prezident

BAA – sulolaviy boshqaruvdagi mamlakat. 7 ta amirlikning har birini alohida hukmdorlik oilasi boshqaradi. Mamlakatga asos solingan 1971 yildan buyon davom etib kelayotgan an'anaga koʻra, Abu Dabi amiri mamlakat prezidenti va qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni, Dubay amiri esa vitse-prezident va bosh vazir boʻladi. Amirlar vafot etganida, ularning oʻgʻli yoki yaqin erkak qarindoshi taxtga oʻtiradi.

Shunga koʻra, Shayx Zoid 1971 yildan to vafotiga qadar, 2004 yilgacha BAA prezidenti va Abu Dabi amiri boʻlib qoldi. Amalda esa 1990-yillarning oxiridan – davlat rahbarining sogʻligi yomonlasha boshlagan paytdan boshlab, toʻngʻich oʻgʻli Shayx Xalifa uning islohotlarini davom ettirdi.

Har qanday ilgʻor davlatning asl boyligi – uning xalqidir, ayniqsa, bilimdonlari. Xalqning farovonligi va muvaffaqiyati ularning bilim darajasi bilan oʻlchanadi”, – degan ikkinchi prezident oʻz faoliyatida inson kapitalini rivojlantirishga asosiy urgʻu qaratdi.

Shayx Xalifa amirliklarda hayot sifatini yaxshilash, mamlakatning eng yuqori natijalar va taraqqiyot maqsadlariga erishish maqsadida bir qancha tashabbus va qarorlar qabul qildiki, provardida bu qarorlar BAAni global iqtisodiyotning mintaqaviy markaziga aylantirdi.

U mamlakat iqtisodini neftga qaramlikdan olib chiqish yoʻlidagi muqobil manba sifatida fan, texnologiya va innovatsiyalarning ahamiyatini yaxshi tushungan. Shu maqsadda 2015 yilni innovatsiyalar, 2016 yilni esa kitobxonlik yili deb e'lon qilgan, shu orqali milliy kadrlarni shakllantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni kuchaytirishni maqsad qilgan edi.

Inson kapitali – bu mamlakatning haqiqiy boyligi, neftdan oldin ham, keyin ham shunday boʻladi. Vatandoshlar manfaatiga xizmat qilish – biz har kuni intiladigan maqsad. Inson resurslarini shakllantirish ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning markaziy qismidir”, – degan edi Shayx Xalifa.

Ikkinchi prezident boshqaruvining yana bir yutugʻi – u mamlakatga ishlash uchun kelgan xorijlik ishchilarga munosib mehnat sharoiti va turmush tarzini va'da qilib, ularni yagona maqsad – BAA taraqqiyoti yoʻlida birlashtirdi. U mamlakatdagi ishchi kuchining 85 foizi xorijliklar ekanini nazarda tutib, shunday degandi:

Tirikchilik Allohdan, pul Allohniki, er Allohniki, inoyat Allohnikidir, biz hammamiz Allohnikimiz. Yaratganga ishongan kishi hech qachon magʻlub boʻlmaydi va bizga kelganlar, xush kelibsiz”.

Shayx Xalifa federal hukumatni ham, Abu-Dabi hukumatining ham yirik qayta qurilishiga raislik qildi. Shayx Xalifa amirliklar ehtiyojlarini oʻrganish uchun BAA boʻylab keng sayohatlar uyushtirib, uy-joy, ta'lim va ijtimoiy xizmatlar bilan bogʻliq qator loyihalarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Uning boshqaruv yillarida BAA iqtisodiyoti misli koʻrilmagan darajada oʻsdi, Yaqin Sharqning sayyohlik, savdo va moliyaviy markaziga aylandi.

Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon – uchinchi prezident

Shayx Xalifaning vafotidan soʻng, 2022 yilda BAA prezidenti va Abu Dabi amiri vakolatlari mamlakat asoschisining uchinchi oʻgʻli Shayx Muhammadga oʻtdi.

Shayx Muhammad – harbiy. U Angliyaning Sandherst shahridagi qirollik harbiy akademiyasini tamomlab, soʻng BAA Qurolli Kuchlarida xizmat qilgan, 2005 yilda general unvonini olgan. 2004 yildan boshlab BAA Qurolli Kuchlari Bosh qoʻmondonining oʻrinbosari lavozimida boʻlgan. U amirliklar xavfsizligiga bevosita rahbarlik qilgan va qilayotgan davr dunyoda terrorchilik hujumlari avj olgan, Yaqin Sharqda turli radikal guruhlar faollashgan vaqtga toʻgʻri keladi. Shunga qaramay, BAA jahonning eng tinch mamlakatlari reytinglarida doimiy ravishda eng yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.

Amaldagi prezident otasi va akasining izidan borib, mamlakatni yanada jipslashtirishga harakat qilmoqda. Iqtisodiyotda asosiy e'tibor – uzoq istiqbolda neftga qaramlikni tugatish uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, Norvegiya modeli kabi strategiyalarni jiddiy tatbiq qilishga qaratilmoqda.

Shayx Rashid bin Said Ol Maktum – Dubay poydevorini qurgan hukmdor

Shayx Rashid 1958 yildan 1990 yilgacha (vafotiga qadar) Dubay hukmdori boʻlgan. U, shuningdek, 1971 yildan umrining oxirigacha BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri edi. Shayx Rashidning boshqaruvi davrida Dubay Yaqin Sharqdagi eng muhim logistik nuqtaga aylandi, jahon moliyaviy va biznes xaritasidan mustahkam joy oldi.

1970 yillarning boshlarida Shayx Rashid Dubay amirligida ulkan shahar, dengiz porti va aeroportlar boʻlishini aniq tasavvur qilgan. Uning qarashlariga koʻra, Dubay infratuzilmasini rejalashtirish aholining tezkor ehtiyojlariga javob berishga qaratilmasligi, balki shaharning kelajakdagi rivojlanishi haqidagi ulkan gʻoyalar bilan chambarchas bogʻliq boʻlishi kerak edi va u buni amalga oshira oldi.

1985 yilda Shayx Rashid BAA va mintaqadagi birinchi erkin iqtisodiy zona – Jebel Alini ochdi. Yillar oʻtib, bu zona raqobatdosh erkin hududlar uchun namunaga aylanib, BAAning asosiy daromad manbalaridan boʻlgan logistika sektorining asosini tashkil etdi. Dubay hukmdori fidoyi va mehnatsevar amaldorlarni ragʻbatlantirishi ularni ilhomlantirgan, Dubay muvaffaqiyatining kaliti boʻlgan oʻziga xos rivojlanishga zamin yaratgan.

Shayx Maktum bin Rashid Ol Maktum — “savdogar shahzoda”

Shayx Maktum bin Rashid Ol Maktum 1990–2006 yillarda Dubayni boshqarib, uni Yaqin Sharqning birinchi raqamli savdo markaziga aylantirdi. Uning boshqaruv falsafasi asosida “savdo va siyosat alohida dunyolarda yashashi kerak” degan gʻoya yotar edi.

Fors koʻrfazida neft topilishidan ancha oldin Dubay Arabiston va Hindiston yarimoroli oʻrtasidagi strategik yoʻnalishda joylashgan, rivojlangan savdo markazi edi. U neft va gazga emas, aynan mazkur qulay joylashuvga urgʻu bergan. Mohiyatan, bu omil bugungi kunda Dubayning asosiy roli boʻlib qolmoqda.

Dubay oʻzining muhim rolini yoʻqotmasligini ta'minlash uchun Shayx Rashid ham, Shayx Maktum ham ikki shart har doim bajarilishiga intildi. Birinchisi, Dubay u erda savdo qilmoqchi boʻlgan barchaga oʻz eshiklarini ochishi va ularni barcha zarur qulayliklar bilan ta'minlashi shart. Ikkinchidan, siyosatning savdoga aralashuviga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Ular buni uddaladi va mazkur falsafa Dubay taraqqiyotining asosiy ikki ustuni boʻlib kelmoqda.

Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum – Dubayning amaldagi hukmdori

Shayx Muhammad bin Rashidning Dubay amiri, BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri sifatidagi faoliyati 2006 yil 4 yanvardan boshlangan. U 2007 yilda BAA boʻylab barqaror rivojlanishga erishish, federal resurslardan yanada samarali foydalanish, federal tuzilmalar boʻyicha hisobdorlik va shaffoflikni ta'minlashga qaratilgan BAA hukumati strategiyasini e'lon qildi.

2010 yilda BAA hukumati “Vision 2021” dasturini ishga tushirdi. Bu dastur BAAning 2021 yilgacha boʻlgan rivojlanishining keyingi bosqichini belgilab, 2021 yilda ittifoqning oltin yubileyi – mustaqillikning 50 yilligi paytiga BAAni dunyoning eng yaxshi mamlakatlari qatoriga kiritishni maqsad qilgan edi va u bunga erishdi.

Kelgusi marra – BAA tashkil topganiga 100 yil toʻladigan 2071 yil uchun ham rejalar ishlab chiqilgan. Kelajakka sarmoya kiritish maqsadida, Muhammad bin Rashid 2021 yildan keyingi 50 yilga moʻljallangan “BAAning yuz yilligi – 2071”ni e'lon qildi. Bu reja amirliklarning nufuzi va yumshoq kuchini mustahkamlash choralarini qamrab oladi.

Shayx Muhammad bin Rashid oʻz boshqaruv tamoyillarini “Mening hikoyam” nomli kitobida bayon qilgan. Bu tamoyillar mamlakatda “Oʻnta amr” deb ataladi. Ular quyidagilar:

- Odamlarga xizmat qiling!
- Kresloga sigʻinmang!
- Reja tuzing!
- Oʻzingizni kuzatib boring!
- Ish jamoangizni tuzing!
- Yangilik kiriting yoki chekining!
- Muloqot qiling!
- Har doim raqobat bor!
- Liderlarni yarating!
- Hayotni oʻzgartiring!

Ajoyib notiq va benazir shoir Shayx Muhammad bin Rashidning ilhomlantiruvchi aforizmlari ham mamlakat yoshlari orasida mashhur. Masalan:
  • “Bizning nigohimiz oʻtkir, maqsadlarimiz aniq, resurslarimiz ulkan, irodamiz kuchli va oldindagi qiyinchiliklarga qarshi turishga tayyormiz”.
  • “Dubay iqtisodiyotining asosi – neft emas, savdo”.
  • “Men xato qiladigan odamlarga murosali boʻlishim mumkin, lekin umuman harakat qilmaydiganlarga – aslo”.

Dubay boshqaruvchilarining siyosiy falsafasiga koʻra, yangi avlod ajdodlari chekkan azoblardan xabardor boʻlishi kerak. Bu xabardorlik ota-bobolar boshlagan qurilish va taraqqiyot dostonini nihoyasiga etkazish uchun ularga gʻayrat va qat'iyat beradi.

Ular yutuqlar va hissalar haqidagi bu qissalarga oʻnlab yillik tartibsizlik, qoloqlik va mahrumlikdan keyingi milliy orzu-niyatlarning timsoli deb qaraydi.

Shavkat Ikromov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo