Hindiston hukumati Rossiyadan Ukrainaga qarshi urishayotgan fuqarolarini muddatidan oldin ozod etishni talab qildi. Bu haqda Deccanherald xabar berdi.
Tegishli talab Hindiston fuqarosining jang maydonida halok boʻlgani fonida e'lon qilindi. Gap Kerala shtatining Trissur shahrida tugʻilgan Binil Babu haqida bormoqda. Uning qachon va qayerda halok boʻlgani aniq emas. Biroq uning oʻlimi haqidagi xabardan soʻng Nyu Deli Rossiya hukumatidan barcha hindlarni tezroq vataniga qaytarishni talab qilgan.
Hozirda Hindistonning Moskvadagi elchixonasi Babuning jasadini uning ona shahriga etkazib berish masalasini hal qilmoqda.
“Biz marhumning oilasiga chuqur ta'ziyamizni bildiramiz. Moskvadagi elchixonamiz jabrlanganlarning oilalari bilan aloqada boʻlib, mumkin boʻlgan barcha yordamni koʻrsatmoqda. Marhumning jasadini Hindistonga tezroq etkazib berish uchun Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Qolgan hind fuqarolarini tezroq ozod qilish haqidagi talabimizni ham takrorladik”, dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Randhir Jaysval.
Hindiston hukumati, shuningdek, Moskvadan Ukrainadagi janglarda yaralangan, Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan Jayn Kurienni iloji boricha tezroq vataniga qaytarishni talab qilmoqda.
Hindiston fuqarolari Rossiya armiyasi safida
2024 yil 13 dekabrda Rossiya qoʻshinlarida Hindistonning 19 nafar fuqarosi qolgani ma'lum boʻlgandi. Hindiston hukumati Rossiyadan armiyadagi hindistonliklar joylashuvi haqida yangilangan ma'lumot berishni, shuningdek, ularning xavfsizligini ta'minlash va tezroq harbiy xizmatdan boʻshatishni soʻrab murojaat qilgan.
Avgust oyida tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar 91 nafar hindistonlik Rossiya armiyasiga chaqirilgani va ulardan sakkiz nafari halok boʻlganini aytgan.
Sentyabr oyida 45 nafar hindistonlik Rossiya armiyasidan boʻshatilgach, 50 nafari Ukrainaga qarshi jang qilishni davom ettirgan. Ular noqonuniy ravishda Rossiya armiyasiga qoʻshilishga majburlangani va frontga joʻnatilgani aytmoqda.
Iyul oyida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Moskvaga tashrifi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chogʻida hindlarni harbiy xizmatdan boʻshatish va yangi yollashlarga yoʻl qoʻymaslik masalalarini koʻtargandi.
Putin har ikki masalani hal qilishga koʻmaklashishini aytgan. Koʻp oʻtmay, bir nechta hind oilalari Ukrainadagi urushda halok boʻlgan qarindoshlari uchun “Rossiyadan tovon puli” ola boshlaganini bildirgan. Gap oʻn minglab dollar miqdoridagi mablagʻ haqida ketmoqda.
Mart oyi boshida Hindiston Markaziy tergov byurosi (CBI) bir oy ichida 35 ga yaqin hind fuqarosi aldov yoʻli bilan Rossiya armiyasiga yollanganini xabar qildi. Jami ularning soni yuzdan ortiq boʻlishi mumkin. Ikki kishi halok boʻlgan, yana bir nechasi ogʻir yaralangan.
May oyida Hindistonda mahalliy aholini Ukrainadagi urushga yuborish uchun yollash bilan shugʻullangan olti kishidan iborat tarmoq fosh etildi. Ular ijtimoiy tarmoqlar va bir nechta shtatlardagi mahalliy yollovchilar orqali ish olib borgan. Jinoyatchilar hindlarga Rossiyada qoʻriqchi boʻlib ishlashni va'da qilgan. Koʻpincha shartnomaga qishloq joylaridan kelib chiqqan, ma'lumoti past va hujjatlarni imzolashda aldangan yoshlar jalb qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar