date
views 305

Donald Trampning inauguratsiyasida kimlar qatnashadi?

Donald Trampning inauguratsiyasida kimlar qatnashadi?
Foto: Reuters
Dunyoning eng boy odami Ilon Mask prezident Donald Trampning 20 yanvar kuni boʻlib oʻtadigan ikkinchi inauguratsiyasiga taklif etilgan bir nechta milliarderlar qatorida boʻladi. Forbes ma'lumotlariga koʻra, Tesla rahbari Trampning qayta saylanishida muhim rol oʻynagan va uning saylov kampaniyasiga chorak milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflagan.

Xabar qilinishicha, Mask Tramp ma'muriyatida tashkil etiladigan hukumat faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha yangi departamentga rahbarlik qiladi. Biotexnologiyalar sohasidagi tadbirkor Vivek Ramasvami esa departamentning boshqa hammuassisi boʻladi.

Trampning inauguratsiyasida Amazon rahbari Jeff Bezos va Meta rahbari Mark Tsukerberg ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Foto: Reuters
Xorijiy rahbarlar AQSh prezidentlarining inauguratsiya marosimlariga kamdan-kam taklif etilsa-da, Tramp bir nechta istisnolar qildi. Bloomberg ma'lumotlariga koʻra, marosimda Argentina prezidenti Xaver Miley ishtirok etadi. U noyabr oyidagi saylovlardan soʻng Tramp bilan uchrashgan birinchi xorijiy rahbar boʻldi.

Shuningdek, XXR raisi Si Szinpin ham taklif etilgan boʻlib, u marosimga oʻz vakilini yuboradi. Bundan tashqari, Italiyaning oʻta oʻng qanot bosh vaziri Jorja Meloni ham taklif qilingan, biroq u ish jadvalining zichligi tufayli Vashingtonga tashrif buyura olishiga ishonchi komil emasligini ma'lum qildi.

An'anaga koʻra, inauguratsiyada AQShning barcha hayot prezidentlari ishtirok etadi. Lavozimni topshirayotgan prezident Jo Bayden va birinchi xonim Jill Baydenlar ham marosimda qatnashadi. Toʻrt yil avval Tramp saylovda gʻalaba qozonganini da'vo qilib, Baydenning inauguratsiyasida ishtirok etishdan bosh tortgan edi.

Inauguratsiya marosimiga Qoʻshma Shtatlarning sobiq prezidentlari Barak Obama, kichik Jorj Bush va Bill Klinton ham tashrif buyuradi. Bush va Klinton tadbirga turmush oʻrtoqlari — Lora Bush va sobiq davlat kotibi Xillari Klinton bilan birga kelishadi.

Foto: Sky News
Biroq sobiq birinchi xonim Mishel Obama marosimda ishtirok etmaydi, bu haqda Obama oilasi idorasi xabar berdi. Bu soʻnggi haftalarda u muhim tadbirni oʻtkazib yuborayotgan ikkinchi holat: Mishel Obama sobiq prezident Jimmi Karterning dafn marosimida ham qatnashmagan edi, oʻshanda mamlakatning boshqa sobiq rahbarlari va ularning rafiqalari toʻplangan edilar.

Vitse-prezident Kamala Harris va uning turmush oʻrtogʻi Duglas Emxoff ham inauguratsiyada ishtirok etishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trampning inauguratsiyasida kimlar qatnashadi?