07:43 / 21.01.2025
288

Tramp inauguratsiya marosimida: «AQSh hukumati faqat ikki jinsni tan oladi»

Tramp inauguratsiya marosimida: «AQSh hukumati faqat ikki jinsni tan oladi»
Vashingtonda butun dunyoga ta'sir qiladigan voqea sodir boʻldi, Donald Tramp rasman AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida Trampning inauguratsiya marosimi boshlandi va rasman Oq uy rahbarligi Jo Baydendan Trampga oʻtdi.

«Men Donald Jon Tramp AQSh prezidenti vazifasini vijdonan bajarishga, Qoʻshma Shtatlar konstitutsiyasini qoʻllash, asrash, himoya qilishga tantanali qasamyod qilaman. Bu yoʻlda Xudo menga yor boʻlsin», deb amerikalik soliq toʻlovchilar oldida ont ichdi Donald Tramp. Bu vaqtda AQShning 47-prezidenti qoʻllarini an'anaga koʻra Injilga qoʻyib turdi. Nasroniylar muqaddas kitobi esa bu gal ham Trampning xotini Melanya ushlab turdi.

Videoni koʻrgan boʻlsangiz, Melanyaning qoʻlida ikkita kitob bor edi. Ulardan biri Trampning shaxsiy kutubxonasida saqlanadigan, unga onasi 1955 yilda sovgʻa qilgan Ilnjil. Ikkinchisi esa Avraam Linkoln 1861 yilda foydalangan Injil. Uni Amerikada Linkoln Injili deyishadi.

Marosim Kapitoliyning ichkarisida oʻtkazildi. Odatda inauguratsiya marosimi bu tarixiy bino tashqarisida oʻtkazilardi, lekin bu gal havo sovuqligi uchun uni Kapitoliy ichiga koʻchirishdi. Marosimda AQShdagi barcha tirik sobiq prezidentlar Bill Klinton, Barak Obama, kichik Jorj Bush va Jo Bayden qatnashdi. Umumiy hisobda Kapitoliyda 200 ming atrofida odam yigʻildi.

Tramp qasamyod qabul qilganidan keyin rasman AQSh prezidentiga aylandi va ilk bayonotini hali sahnadan tushmay berdi. U AQShning janubiy chegaralarida favqulodda holat e'lon qildi va noqonuniy migrantlar mamlakatni kesib oʻtishiga ortiq yoʻl qoʻyilmasligini aytdi. «Hamma noqonuniy migrantlar kelgan joyiga qaytariladi», dedi Tramp. Yangi prezident AQSh milliy gvardiyasini noqonuniy migrantlar kirib kelishiga qarshi turish uchun janubiy chegaralarga yuborishini aytdi.

Tramp narkotik savdosi bilan shugʻullanadigan kartellarni terrorchilik tashkiloti deb e'lon qilishini e'lon qildi. Shuningdek, AQSh rasman doirada faqat ikki jinsni – erkak va ayol jinsini tan olishini ma'lum qildi.

Trampning inauguratsiyagacha boʻlgan boshqa davlatlarni qoʻshib olish gaplari shunchaki gap emaskan, chunki respublikachi prezidentlikka kirishgan ilk daqiqalaridayoq bu gapini takrorladi. «Bayrogʻimiz yangi va ajoyib horizontlarda hilpiraydi, fazogirlarimiz esa AQSh bayrogʻini Marsga oʻrnatishadi», dedi Tramp. Prezident bu gapni aytganda Ilon Mask xursandchilikdan sakrab yubordi.

Oq uy saytida ham Trampning soʻzlari baydo boʻldi. «Amerika qaytdi. Prezidentlik lavozimimdagi har bir kunda oxirgi nafasim qolguncha siz uchun kurashaman. Amerika farzandlarimiz faxrlanadigan darajada kuchli boʻlmaguncha charchamayman. Ishoning, Amerika uchun chinakam oldin asr boshlandi», degan Tramp Oq uy e'lon qilgan chiqishda.

Bayden nimalar qildi?

Inauguratsiya marosimida endilikda sobiq prezident Jo Baydenning harakatlari e'tiborni tortdi. Bilsangiz, Donald Tramp Baydenga saylovda yutqazib qoʻygach uning inauguratsiya marosimida qatnashmagandi. Toʻgʻri, demokratlarda bunaqa odat yoʻq, lekin Bayden Trampning inauguratsiya marosimida favqulodda xursand oʻtirdi. Bayden uni bir debatning oʻzida magʻlub etgan raqibi mardlarcha Oq uy eshiklari oldida kutib oldi va Oval kabinet rahbarligini unga topshirdi. Uyingizga xush kelibsiz, prezident Tramp deb ham qoʻydi.

Keyin Tramp qasamyod qabul qilayotgan vaqtda ham Bayden rohibning yonida turdi. Hatto raqibining qiziga iltifot koʻrsatib, unga joy ham boʻshatib berdi. Xullas, Bayden xuddi oʻz partiyadoshi saylovda yutgandek yaxshi kayfiyatda edi. Aslida shunday boʻlishi ham kerak aslida. Bayden yarim asrdan ortiq siyosat bilan shugʻullangan odam sifatida bunday siyosiy jentelmenlikni oʻrniga qoʻyishi tabiiy.

Shunaqa gaplar. Xullas, yana Trampning davri qaytdi, oʻrtoqlar. Endi tez-tez u haqda videlar qilib turamiz. Sizdan esa videolarimizga like bosib, fikringizda izohlarda qoldirishingizni soʻraymiz.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo