06:25 / 22.01.2025
85

Prezidentlar nega qasamyod qiladi?

Prezidentlar nega qasamyod qiladi?
Kecha Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Amerikada an'anaga koʻra, saylovda gʻolib boʻlgan nomzod tantanali qasamyod qabul qilishi bilan rasman prezident lavozimiga kirishadi. Xoʻsh, oʻzi prezidentlar nega lavozimga kirishishdan avval ont ichishadi?

Majburiy emas, lekin odat

Keling, Amerika prezidentlaridan boshlasak, axir ular bu jarayonni an'ana koʻrinishiga olib chiqishgan. AQSh qonunchiligiga koʻra, prezidentlik saylovlari noyabr oyining birinchi seshanbasida oʻtkaziladi. Gʻolib nomzod kelasi yil 20 yanvarda lavozimga kirishadi. Amaldagi prezident saylovda yutqazgan yoki unda qatnashmagan boʻlsa ham, 20 yanvar kuni soat 12:00 gacha hech qanday vakolatlari cheklanmagan holatda Oq uy rahbari boʻlib qoladi. Soat millari 20 yanvar kunduzgi 12:00 ga bong urishi bilan noyabrdagi saylovda yutgan nomzod prezidentga aylanadi. Ya'ni qonunchilikka koʻra prezidentlar tantanali qasamyod qilishi majburiy emas, lekin barcha Amerika prezidentlari shunday qiladi. Axir bu Jorj Vashingtondan qolgan odat.

AQSh prezidentlari doim bir xil qasamyodni takrorlaydi: ular mamlakat konstitutsiyasini himoya qilishga ont ichadi. Axir 1787 yilda yozilgan konstitutsiyada barcha huquqlar kafolatlangan.

Amerika odatlariga koʻra, inauguratsiya kuni Oq uy rahbarligida soʻnggi kunini oʻtkazayotgan prezident boʻlajak prezidentni Kapitoliyda kutib oladi. Keyin ular birgalikda choy ichishadi. Shundan keyin sobiq prezident boʻlajak prezidentga Oq uy rahbarligini topshiradi va ular birgalikda, bitta “Limuzin”da qasamyod marosimiga yoʻl olishadi.

Amerika prezidentlari odatda qoʻllarini Injilga qoʻygan holatda qasamyod qilishadi. Qasamyod oxirida esa «Bu yoʻlda menga Xudo yor boʻlsin» deb qoʻyishadi. Bu ham Jorj Vashingtondan qolgan odat.

Qasamyoddan keyin prezidentlar inauguratsiya nutqini soʻzlaydi. Odatda ularga nutqni yozishda yordam berishadi. Uch prezidentning nutqlari etalon sifatida qaraladi. Linkoln va Ruzvelt nutq matnini oʻzlari yozgan. Ular orasida shubhasiz Avram Linkolnning nutqi ajralib turadi. U ajoyib badiiy uslubda amerikaliklarga murojaat qilgan, ta'sirli matnni shaxsan oʻzi tayyorlaydi.

Franklin Ruzvelt – inauguratsiya nutqida birinchi boʻlib hazillashgan prezident. Jon Fidjereld Kennedi esa 20 daraja sovuqda paltosi qoʻl harakatlariga xalaqit bermasligi uchun uni echib ta'sirli nutq soʻzlagan. Tramp ham bu borada boshqalardan ajralib turadi, kecha uning qoʻlida, menimcha, qogʻozi ham yoʻq edi. Axir Tramp hech nimaga qaramay soatlab gapira oladigan odam.

Boshqa davlatlarda-chi?

Dunyodagi koʻplab davlatlarda prezidentlar inauguratsiya kuni qasamyod qabul qilib, turli xil an'anaviy marosimlarda qatnashadi. Masalan, Braziliya prezidenti qasamyoddan keyin usti ochiq mashinada poytaxt koʻchalarida paradga chiqadi, keyin harbiy parad oʻtkaziladi, prezident odamlar koʻz oldida bir nechta lavozimlarga mulozimlarni tayinlaydi.

Italiyada prezidentlar respublika va konstitutsiyaga sodiq boʻlaman, deb ont ichishadi. Fransiya prezidentlari inauguratsiya kuni faxriy legion magistri ordeni bilan taqdirlanib, ularga yadroviy kod beriladi. Axir Fransiya yadroviy davlat. Biroq Fransiyada qasamyod an'anasi yoʻq. Janubiy Koreyada qasamyod jarayoni ob-havo qanday boʻlishidan qat'i nazar, parlament hovlisida oʻtkaziladi.

Nega qasamyod qilishadi?

Qasamyod qilishdan asosiy maqsad gʻolib nomzodlarni hushyorlikka chorlash hisoblanadi. Barchaning faoliyatini nazorat qiladigan qonunlar bor, aynan qonunlar insonga mas'uliyat yuklaydi. Shuningdek, har bir insonning qalban ishonadigan, ruhiy holatiga ta'sir qiladigan qadriyatlari bor. Shu uchun prezidentlar muqaddas kitoblarga qoʻllarini qoʻyib qasamyod qilishadi. Ba'zan esa oʻzlari uchun qadrli boʻlgan boshqa narsalarni qoʻshib ham ont ichishlari mumkin.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo