22:55 / 22.01.2025
33

Tergovchilar Janubiy Koreya prezidenti ma'muriyatida tintuv oʻtkaza olmadi

Tergovchilar Janubiy Koreya prezidenti ma'muriyatida tintuv oʻtkaza olmadi
Koreya Respublikasi prezidenti ma'muriyati tergovchilarga harbiy holat voqealari bilan bogʻliq qoʻzgʻolon ishi boʻyicha prezident binosida tintuv oʻtkazishga ruxsat bermadi. Bu haqda Yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi ma'lum qildi.

“Boshqarma joriy yilning 22 yanvar kuni prezident ma'muriyati va uning qarorgohida tintuv oʻtkazish uchun orderni ijro etishga urinib koʻrdi, biroq prezident ma'muriyati soat 15:00 da tintuvga ruxsat bermadi. Maxsus tergov qoʻmitasining soat 16:50 dagi eshituvlarini hisobga olib, order ijrosi toʻxtatildi”, deyiladi boshqarma xabarida.

Foto: Yonhap
Janubiy Koreya Jinoyat kodeksida ta'kidlanishicha, davlat siri toʻgʻrisidagi qonun bilan qoʻriqlanadigan hududda tintuv oʻtkazish uchun tegishli organning roziligi zarur. Ma'muriyat bunday ruxsatni bermadi. Qarorgoh bilan ham xuddi shunday holat yuzaga keldi — prezident qoʻriqlash xizmati boshligʻi vazifasini bajaruvchi shaxs parlamentda harbiy holat voqealariga bagʻishlangan eshituvlarda ishtirok etayotgan edi.

20 yanvar kuni politsiya prezidentning “maxfiy uyi”da tintuv oʻtkazishga muvaffaqiyatsiz urinib koʻrdi.

Yonhap nashrining xabar qilishicha, videokuzatuv kameralaridagi yozuvlarni saqlash uchun serverlar Prezident Xavfsizlik xizmati idorasida joylashgan. Bu serverlar tergov uchun zarur, chunki Samchxondondagi uyda, taxminlarga koʻra, Yun Sok Yol 3 dekabr kuni harbiy holat e'lon qilinishidan uch soat oldin milliy va poytaxt politsiyasi boshliqlari bilan uchrashgan. Politsiya oʻsha kuni prezident huzuriga yana kimlar kirganini aniqlash niyatida.

Nashr ma'lumotlariga koʻra, Davlat xavfsizlik xizmati “harbiy sir yoki maxfiy hukumat ma'lumotlari saqlanadigan joylarda tintuv oʻtkazish uchun vakolatli organlarning roziligi talab etiladi” degan talabni roʻkach qilib, politsiyachilarga kirishni rad etgan. 11 dekabr kuni politsiya prezident ma'muriyatida tintuv oʻtkazishga uringan, ammo yana rad javobini olgan.

19 yanvar kuni Seulning Gʻarbiy okrug sudi impichment natijasida lavozimidan chetlatilgan Yun Sok Yolni qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqardi. Uning oʻn minglab tarafdorlari norozilik belgisi sifatida sud binosiga bostirib kirishdi. Sudning ta'kidlashicha, u qamoqxonadan tashqarida boʻlsa, isyon va hokimiyatni suiiste'mol qilish boʻyicha ayblovlar bilan bogʻliq dalillarni yoʻq qilishi mumkin. Shunga qaramay, Yun Sok Yol hamon soʻroqqa kelish talablarini e'tiborsiz qoldirmoqda.

Dekabr oyi boshida Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinib koʻrdi, shundan soʻng parlament uni isyon koʻtarishga uringanlikda ayblab, davlat rahbariga impichment e'lon qildi.

Foto: Yonhap
Yun 14 dekabrdan (parlament uning impichmenti uchun ovoz berganidan) prezidentlik lavozimidan chetlashtirilgan, ammo uni lavozimidan chetlashtirish uchun impichment Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma'qullangan boʻlishi kerak. Sud qaror chiqarmaguncha, Yun Sok Yol rasman prezident boʻlib qoladi.

Yunning oʻzi dekabrning birinchi yarmidayoq qoʻzgʻolonga urinish ayblovlarini rad etib, harbiy holat joriy etilishi “siyosiy jihatdan tasdiqlangan qaror” ekanini aytgan. U davlatni falaj qilgan muxolifatdan himoya qilish uchun shunday qaror qabul qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo