00:04 / 23.01.2025
0

Davos forumida dunyo siyosatchilari nimalarni gapirmoqda?

Davos forumida dunyo siyosatchilari nimalarni gapirmoqda?
Evropa ham Isroildagi “Temir gumbaz” kabi oʻzining havo mudofaa tizimini qurishi kerak. Gʻazo sektori boshqaruvini qaysidir davlatlar emas, gʻazoliklarning oʻzi hal qilishi lozim. Tramp Eronni yanada koʻproq siquvga oladi. Ayni kunlarda boʻlib oʻtayotgan Davos forumida yuqori martabali siyosatchilar shu kabi bilan bayonotlari bilan e'tibor markazida turibdi.

20-24 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida an'anaviy Jahon iqtisodiy forumi boʻlib oʻtmoqda. Yirik anjumanda odatdagidek dunyo etakchilari, siyosatchilar, ishbilarmonlar, fuqarolik jamiyati vakillari qatnashib, global masalalarni muhokama qilyapti. Biz forumning dastlabki ikki kunida siyosatchilar qanday bayonotlar bilan chiqqaniga e'tibor qaratamiz.

“Putin toʻxtamaydi” — Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatiga xavfsizlik kafolati uchun kamida 200 ming askar kerakligini aytdi. U bunday kuch Ukrainaga zarur xavfsizlik kafolatlarining faqat bir qismi boʻlishini ta'kidladi. Uning aytishicha, Rossiya qurolli kuchlari askarlar sonini 1,5 million nafargacha etkaza oladi.

“Agar Ukraina kuchli xavfsizlik kafolatlarini olmasa, Putin oʻn barobar kuchliroq armiya bilan qaytadi”, dedi Zelenskiy Davosdagi forumda.

Ukraina etakchisining fikricha, Rossiyaning butun Evropaga qaraganda bir necha barobar koʻp oʻq-dori ishlab chiqarayotgani – Evropa xavfsizligi uchun jiddiy tahdid. Zelenskiy Evropa oʻzining “Temir gumbazi”ni yaratish kerakligini aytib, mudofaa tizimini rivojlantirishni taklif qildi. U, shuningdek, Ukrainadagi qurol ishlab chiqarishning oʻsishini ijobiy yutuq sifatida koʻrsatdi va jang maydonida ishlatilayotgan qurollarning 40 foizi mamlakatning oʻzida ishlab chiqarilganini qayd etdi.

Ukraina prezidenti tinchlik muzokaralari haqida soʻz yuritarkan, urushni tez yakunlash emas, balki adolatli yakunlash muhimligini ta'kidladi. U Ukraina armiyasini qisqartirish va NATOga a'zo boʻlishiga taqiq qoʻyish kabi Moskva ilgari surayotgan talablarga rozi boʻlmasligini eslatdi. Ha, urushni tugatishni va'da qilayotgan Trampga oson boʻlmaydi.

“Tramp Eronga bosimni kuchaytiradi”

Forumda Yaqin Sharq borasida ham bayonotlar yangradi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon Ol Saud AQShda hokimiyatga kelgan Donald Trampning tinchlikparvar siyosat olib borishiga umid bildirdi.

“Men AQShning yangi ma'muriyatini urush xavfiga hissa qoʻshayotganini koʻrmayapman. Aksincha, prezident Tramp mojarolarni yoqtirmasligini aniq aytdi”, – degan u.

Saudiya diplomatiyasi rahbari nafaqat Eron–Isroil qarama-qarshiligi, umuman mintaqadagi har qanday urushning oldini olish muhimligini qayd etdi.

Qatar bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy Gʻazodagi sulh haqida fikr bildirarkan, Tramp va uning Yaqin Sharq boʻyicha vakili Stiv Uitkoffning hal qiluvchi kelishuvga erishishdagi sezilarli xizmatlarini e'tirof etdi.

Qatar bosh vaziri Gʻazo sektori boshqaruvini qaysidir davlatlar emas, gʻazoliklarning oʻzi hal qilishi kerakligini aytdi. Eslatib oʻtamiz, urushdan keyin Gʻazo qanday boshqarilishi Isroil va Hamas oʻrtasidagi sulhda nazarda tutilmagan.

Isroil prezidenti Isxak Gertsog ham Davosda boʻlib, dushanba kuni qasamyod qilgan Trampning “kun tartibidagi asosiy masala” Eron boʻlishini aytdi. Gertsog jurnalist Farid Zakariya bilan suhbatda Tehrondagi rejim “hozir ham kun-u tun yadroviy bomba sari ildamlayotgani”ni da'vo qildi.

Shols va Mask aytishuvi

Germaniya kansleri Olaf Shols seshanba kuni amerikalik milliarder Ilon Maskning Donald Tramp inauguratsiyasi tantanalari chogʻida shov-shuvga sabab boʻlgan qoʻl ishorasidan bir kun oʻtib, soʻz erkinligi oʻta oʻng qarashlar uchun qoʻllanilsa, uni qoʻllab-quvvatlamasligini aytdi.

“Bizda, Evropa va Germaniyada soʻz erkinligi bor. Har kim xohlagan narsasini gapirishi mumkin, hatto u milliarder boʻlsa ham. Lekin bu oʻta oʻng pozitsiyalarni qoʻllab-quvvatlasa, uni qabul qilmaymiz”, – dedi kansler Shols.

NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo