AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha ishlar allaqachon boshlanganini aytdi. Bu haqda u 23 yanvar, payshanba kuni Davosda boʻlib oʻtayotgan Jahon iqtisodiy forumida video-aloqa orqali nutq soʻzlaganida ma'lum qildi. Shu bilan birga, Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirishiga neft narxining hozirgi yuqori darajasi yordam bermoqda, degan fikrni bildirdi. U janglarni tezroq yakunlash uchun ularni qisqartirishga chaqirdi.
«Men Saudiya Arabistoni va OPEKdan neft narxini pasaytirishni soʻrayman. Uni tushirish kerak! Agar narx tushib qolsa, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush darhol tugaydi», — deya ta'kidladi AQSh prezidenti.
Hozirda neft narxi bir barrel uchun 80 dollar atrofida. Tramp nutqi davomida uning qiymati deyarli bir dollarga tushib ketdi.
Putin bilan uchrashuv
Tramp, shuningdek, Ukrainadagi urushni tugatish uchun yaqin vaqt ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni istashini aytdi. «Men bu urushni tugatish uchun prezident Putin bilan tez orada uchrashishni juda xohlardim. Va bu iqtisod yoki boshqa narsa nuqtayi nazaridan emas. Bu millionlab odamlarning hayoti nuqtayi nazaridan muhim», — deya tushuntirdi u.
Trampdan keyingi yilgi sammitda yana nutq soʻzlagunga qadar Rossiya va Ukraina tinchlik kelishuviga erishishiga ishonasizmi, deb soʻraldi. «Bu haqda Rossiyadan soʻrashingiz kerak, Ukraina kelishuvga tayyor», deb javob berdi AQSh prezidenti. U Kiyev va Moskva oʻrtasidagi ehtimoliy muzokaralar haqida batafsil ma'lumot bermadi.
AQSh prezidenti Xitoy mamlakatga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini toʻxtatishga yordam berishiga umid bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Pekin va Vashington oʻrtasidagi munosabatlar «juda yaxshi». «Xitoy Rossiyaga urushni zudlik bilan tugatish uchun ta'sir qilishga etarli kuchga ega. Biz buni Xitoy bilan birga qilamiz», — dedi Tramp.