19:00 / 30.01.2025
303

Hamma kimnidir oʻldirmoqchi: diplomatiya qayerda qoldi?

Hamma kimnidir oʻldirmoqchi: diplomatiya qayerda qoldi?
Sayyoramiz oxirgi uch yilda chinakam xaos holatiga tushib qoldi. Boshqa odamlardan sovuqqonligi bilan ajralib turishi kerak boʻlgan siyosatchilar ham mojarolar faqat kimnidir yoki kimlarnidir oʻldirish bilan hal boʻladi deb oʻylaydigan boʻlib qolgan. Bu – insoniyatning fojiasi. Keling, bugun dunyoda diplomatiya yoʻq boʻlib borayotgani haqida gaplashamiz.

Biz tengi yigitlar bolaligida Jeyson Stethemning fantastik kinolarini koʻrib katta boʻlgan. Ayniqsa uning yollanma qotil sifatida oʻynagan kinolari tillarda doston boʻlardi. Oʻshanda biz Stethemning kinolarini koʻrib, bunaqa qotilliklar faqat kinoda boʻlsa kerak deb oʻylardik. Ulgʻayib dunyo «aqldan ozib boʻlgani», hayotda ham bunaqa insonga xos boʻlmagan ishlar boʻlishi tushunib etdik. Shu kunlarda suiqasd haqida tarqalgan ikkita xabar misolida diplomatiya inqirozini muhokama qilsak.

«Bayden ma'muriyati Putinni oʻldirmoqchi boʻlgan»

Amerikalik teleboshlovchi Taker Karlsonni tanisangiz kerak. Biz u haqda bir nechta videolar qilganmiz. Ularni koʻrsangiz, Karlson kimligini bilib olasiz.

Teleyulduz Karlson Moskvada: uning har qadamini yoritishdi

Bir soʻz bilan aytganda Karlson – Trampning doʻsti, respublikachilar partiyasining eng mashhur a'zolaridan biri, Fox News telekanali sobiq boshlovchisi.

Konspirologik qarashlarni ilgari suruvchi bu amerikalik jurnalist oʻzgacha fikrlovchi odam ekanini iddao qiladi. Karlson okean ortida Rossiyaning manfaatlari uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Mana shu rossiyaparast amerikalik yaqinda navbatdagi konspirologiyani trendga chiqardi. Bir podkastda chiqish qilgan Karlson sobiq prezident Bayden ma'muriyati Rossiya prezidenti Putinni oʻldirmoqchi boʻlganini aytdi. «Blinken katta urushni boshlashni shunchalik xohlardiki... Bayden ma'muriyati esa Putinni oʻldirishga harakat qildi», dedi Karlson. U soʻziga hech qanday isbot keltirmadi.

Men bu gap aytilgan podkastni koʻrarkanman, uning boshlovchisi kim ekan deb qiziqdim (u siyosatchidan koʻra koʻproq reperga oʻxshaydi) va juda ajoyib ma'lumotlarni topdim: podkastchining ismi – Mett Taybbi. U Rossiyada oʻqigan, rus nashrlarida ishlagan, Amerikada chop etilgan Rossiya gazetasiga muharrirlik ham qilgan. Xullas, tushundingiz.

Bu podkasterning (ha, hozir koʻpchilik bekorchilar podkast qilavergani uchun shunaqa kasb nomi ham paydo boʻldi) ishlagan joylari esa ekzotikaning oʻzginasi: Rolling Stone madaniy jurnali, The Moscow Times, New York Press, Playboy va diqqat qiling, Moʻgʻuliston milliy axborot agentligi!

Bu shovvoz 1992 yil ishlash uchun Oʻzbekistonga ham kelib, yarim yil oʻtib mojaroli bir maqola ortidan mamlakatdan chiqib ketgan ekan. Bu ma'lumotlar Taker Karlsonning AQSh prezident ma'muriyati Putinni oʻldirishga urindi degan gapi qanday minbarda yangraganini bilishingiz uchun muhim.

Va ma'lumot uchun, Taker Karlson urush boshlanganidan buyon Vladimir Putindan intervyu olgan yagona gʻarblik jurnalist ekanini ham unutmang. U Kremlga borib Putin bilan intervyu qilgan va katta shov-shuv bilan uni Tvitterda doʻsti Ilon Mask koʻmagi bilan translyatsiya qildirgandi.

«Rossiya Rheinmetall rahbarini oʻldirmoqchi boʻlgan»

Demak suiqasd mavzusidagi ikkinchi xabar. NATO rasmiy vakillariga koʻra, Rossiya Germaniyaning Rheinmetall kompaniyasi rahbariga suiqasd uyushtirishni reja qilgan. Ruslar bu ish uchun internet orqali odam yollamoqchi boʻlgan. Suiqasd nishoni kopmaniya rahbari Armin Papperger boʻlgan. Bu kompaniya ishlab chiqargan qurollar Germaniya tomonidan Ukrainaga yuborib kelingan. NATO vakilining aytishicha, Germaniya va AQSh razvedkasi bu urinishga chek qoʻygan. Keyinchalik boshqa urinishlar ham boʻlgan.

CNN Pappergerga suiqasd rejasi haqida 2024 yil yozida xabar tarqatgandi. Tadbirkorning oʻzi ham bu xabar rostligiga shama qilgan. Ma'lumot uchun, dunyodagi eng mashhur harbiy ishlab chiqaruvchilardan boʻlmish Rheinmetall asosan piyoda qoʻshinlar zirhli mashinalar, shuningdek, 155 mmli artilleriya snaryadlari ishlab chiqaradi.

Diplomatiya «boshini qumga suqqan»

Mana shu ikkita xabarga e'tiboringizni qaratmoqchi edik. Ular toʻgʻri boʻlmasligi ham mumkin, lekin bunday xabarlar katta-katta odamlar tomonidan aytilayotganining oʻzi davlatlar zamon shunchalik rivojlangan davrda oʻzaro kelishmovchilikni odam oʻldirish orqali hal qilishni normal holat deb hisoblay boshlaganiga ishora qiladi.

Bir qarashda hammasi juda oddiy: dunyoda Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qirgʻinbarot ketmoqda. Evropaning ikki eng yirik davlati urushayotgani uchun oʻziga qarshi tomonda boʻlgan barcha odamlarni oʻldirishni istaydi. Lekin eng dahshatlisi – dunyo mana shu darajaga kelib qolganida. Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo xulosa qilishi, davlatlar er uchun, oʻzidan boshqa hech kim ishonmaydigan iddaolar uchun bir-biriga urush ochmasligi kerak edi. Lekin insoniyat shu darajada tubanlashib ketibdiki, oxirgi yillarda yana mojarolarni urush bilan, odam oʻldirib hal qilish urfga kirdi.

Eng yomoni – oldingi urushlarda masala oshib borsa toʻp, tank va juda oddiy samolyotlarda hal qilingan boʻlsa, hozir ming turli zamonaviy qurollar ishlab chiqilgan. Davlatlar odamlarning ogʻirini yengil qilish oʻrniga trillionlab dollar pullarni yangi qurollar ishlab chiqarishga sarflamoqda.

Dunyoda qanchadan-qancha ozgina koʻmak bilan tuzalib ketadigan nogiron bolalar bor, lekin negadir ularning barchasini tuzatishga bu zolim dunyoda pul topilmaydi. Biroq tinch aholini, xususan, oʻsha nogiron bolalarni oʻldirish uchun qurol ishlab chiqarishga qancha kerak boʻlsa pul topiladi. Dahshat, shunday emasmi?

Shu oʻrinda savol paydo boʻladi: dunyo diplomatiyasi qayerga daf boʻldiki, ikki qirgʻinbarotdan xulosa qilmagan inson yana urushlarga zoʻr berdi? Axir zamonaviy dunyoda mojarolarni harbiylar emas, diplomatlar hal qilishi kerak-ku? Afsuski hozir diplomat deganda nomi uzundan uzun, hech narsani hal qilmaydigan konferentsiyalarda qimmatbaho qahvani noz qilib hoʻplab birov tushunmaydigan inglizcha iboralarni takrorlaydigan odamlar tushuniladigan boʻlib qolgan.

Aslida esa diplomatlar avvalo urushlar boshlanishiga yoʻl qoʻymasligi, boshlangan urushlarni dushman diplomati bilan mard boʻlib bir stolda oʻtirib tugatishi kerak. Ammo dunyoga ta'siri eng katta boʻlgan ikki davlatki, oʻzaro mojarolarni diplomatchasiga hal qilolmayaptimi, bu soha chinakam inqirozga yuz tutgan.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo