21:18 / 31.01.2025
114

Nyu Yorkda uch yigit metro poyezdini olib qochdi (video)

Nyu Yorkda uch yigit metro poyezdini olib qochdi (video)
Foto: Depositphotos
Nyu Yorkda noma'lum shaxslar koʻngilxushlik uchun metro poyezdini olib qochdi. Bu haqda CBS News telekanali shahar politsiyasi vakillariga tayanib xabar bermoqda.

Hodisa 25 yanvar kuni kechqurun sodir boʻlgan. Oʻsmir yigitlar guruhi Bruklindagi Forest-Hills —71-avenyu bekati yonidagi toʻxtash joyida turgan tarkibga kirishgan. Jinoyatchilar mashinistning kabinasiga kirib, mustaqil ravishda poyezd boshqaruvini ishga tushirgan.

Ular metroda sayr qilish bilan cheklanib qolmay, vagonlar ichidagi kuzatuv kameralariga ham zarar etkazgan. Sayohat tugagach, oʻsmirlar tarkibni tark etib, noma'lum yoʻnalishga gʻoyib boʻlishgan.

Nyu York politsiyasi ma'lumotlariga koʻra, R poyezdi Kvinsdagi zaxira yoʻlda qoldirilgan. Zaxira yoʻl poyezdlar ishlatilmayotgan paytda ularni saqlash uchun qoʻllaniladi.

Metropolitan transport boshqarmasining (MTB) xabar qilishicha, R 9108 poyezdi boshqarma xodimlari tomonidan nazoratsiz qoldirilgan. Xodimlar qaytib kelganlarida, poyezdning dastlabki joyidan koʻchirilganini aniqlaganlar.

Xabarda ta'kidlanishicha, poyezdning eshiklari berk boʻlgan, bu kimdir tranzit kalitlaridan foydalangan holda poyezdga kirganidan dalolat beradi.

Ular, aftidan, poyezd qayerdaligi, uni qanday boshqarish va kalitlarni qanday olish haqida ma'lumotga ega boʻlgan, deydi transport boʻyicha ekspert Robert Pasvell.

Yigitlar poyezdni qancha vaqt boshqargani va qancha masofagacha olib ketgani noma'lum. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlarda poyezd yuqori tezlikda harakatlanganini koʻrish mumkin. Rasmiylarning ta'kidlashicha, qora kiyimli qoidabuzarlar poyezd ichidagi kamera ob'ektivlarini qora marker bilan boʻyagan.

MTB xodimlari poyezd qora qutisidagi ma'lumotlarni tahlil qilish va qayerda, qancha vaqt boʻlganini aniqlash uchun Kvins temiryoʻl stantsiyasiga yuborgan.

Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchilarning shaxsini aniqlash bilan shugʻullanmoqda. Nyu York aholisi aybdorlar aniqlanib, munosib jazoga tortilishiga umid bildirmoqda.

Rasmiylarga koʻra, bunday holatlar birinchi marta sodir boʻlishi emas.

Xususan, 2024 yil sentyabr oyida ikki nafar voyaga etmagan — 17 yoshli qiz va yigit metro poyezdini olib qochib, boshqa tarkib bilan toʻqnashuvga sabab boʻlgan. Hodisa jiddiy tus olgan boʻlsa-da, jabrlanganlar boʻlmagan. Voqea sodir boʻlgan joydan qochgan oʻsmirlar qoʻlga olingan.

Xuddi shunday holat oʻsha yilning yanvar oyida ham sodir boʻlgan, oʻshanda bir guruh shaxslar metropoliten tarkiblaridan birini vaqtincha nazorat ostiga olgan.

Yuqorida qayd etilgan barcha holatlarda qonunbuzarlarning maqsadlari oʻxshash boʻlgan: harakatlar faqat koʻngilxushlik uchun, potentsial xavflarni hisobga olmasdan amalga oshirilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo