Italiyaning Rokkarazo togʻ-changʻi kurorti (mamlakat sharqidagi Abrustsi hududida joylashgan) TikTok’da tarqalgan video tufayli misli koʻrilmagan sayyohlar oqimiga duch keldi. 26 yanvar yakshanba kuni shaharchaga 260 ta avtobusda 10 mingdan ziyod odam tashrif buyurdi. Ularning aksariyati Neapol va Kampaniya hududlaridan kelgan.
TikTok’da 1,7 million obunachiga ega bloger Rita De Kreschentso shahar manzaralarini aks ettirgan bir nechta video va fotosuratlarni tarmoqqa joylaganidan soʻng shunday yirik sayyohlar oqimi yuzaga keldi. Rolik koʻplab layk va izohlar toʻplagan. Oʻz navbatida, mahalliy sayyohlik agentliklari shaharchaga boʻlgan qiziqishni tez payqadi va Rokkarazoga nonushtani oʻz ichiga olgan 20-30 yevrolik arzon avtobuslar harakatini yoʻlga qoʻydi. Koʻpchilik sayyohlar uchun bu ayni muddao boʻldi, chunki odatda, Rokkarazodagi bir kunlik changʻi kartochkasi (ski-pass) ikki barobar qimmat - 60 yevro turadi.
Shahar meri Franchesko Di Donatoning ta'kidlashicha, kurort hatto eng gavjum kunlarda ham bunday sayyohlar oqimini koʻrmagan. Odatda qish mavsumida shaharda 20 ming changʻichi dam olsa, yana 15 mingga yaqin kishi shunchaki sayyohlik maqsadida tashrif buyurardi. Biroq roʻyxatdan oʻtmagan ikki yuzdan ortiq avtobusning kelishi barcha me'yorlardan oshib ketdi. Shu sababli shanba va yakshanba kunlari turistik avtobuslar sonini 100 tagacha cheklash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shaharga kirish uchun oldindan joy band qilish talab etiladi.
Ba'zi internet foydalanuvchilari shahar merining bu ishini Neapoldan kelgan sayyohlarni kamsitish deb baholadi. Di Donato bu ayblovlarni rad etib, Rokkarazo shahri sayyohlarni xush koʻrishini, biroq ularning tartib-intizomga rioya qilishini istashini ta'kidladi.
“Rokkarazo bu yakshanbadagi kabi sayyohlar oqimini qabul qila olmaydi. Biz togʻ-changʻi kurortiga 1000 ta hojatxona qurolmaymiz”, — dedi mer. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar