23:09 / 01.02.2025
24

Gʻazo va Misr oʻrtasidagi Rafah chegara-oʻtish punkti ochildi

Gʻazo va Misr oʻrtasidagi Rafah chegara-oʻtish punkti ochildi
Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi yagona hisoblangan Rafah nazorat-oʻtkazish punkti 1 fevral kuni toʻqqiz oylik tanaffusdan soʻng ilk marta ochildi.

Xavfsizlik xizmatidagi manbalar, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakatining Misr boʻlimiga koʻra, Rafah nazorat-oʻtkazish punkti orqali Gʻazo sektoridan davolanishga muhtoj boʻlgan bir nechta bemor Misrga ketgan. Ularning umumiy soni 50 nafarga etishi mumkin, deb yozadi DPA.

Gʻazodagi birinchi bemorlar Misrga keldi

Misrning Al-Kahira News telekanali birinchi bemorlar Rafah chegarasidan oʻtganini ma'lum qildi. DPA’ning ta'kidlashicha, hozircha Misrdan Gʻazoga Rafah orqali insonparvarlik yordami etkazib berish qayta tiklanmagan.

Hozirda yordam Misr va Isroil oʻrtasidagi Kerem-Shal nazorat-oʻtkazish punkti orqali oʻtkazilmoqda, u erda ularni Isroil askarlari tekshirmoqda. Sinayda allaqachon Gʻazo uchun 3000 ta yuk mashinasi tayyorlandi, deb xabar beradi agentlik.

Rafah nazorat-oʻtkazish punkti may oyidan beri yopilgan edi

Isroil armiyasi 2024 yilning 7 may kuni Rafah shahriga tanklar olib kirib, Misr bilan chegarani nazoratga olgan edi. Oyning oxiriga kelib, Isroil tomoni sektor janubiy chegarasidagi butun Filadelfiya yoʻlagini oʻz nazoratiga oldi. U erdan qoʻshinlarning bosqichma-bosqich olib chiqilishi Isroil va HAMAS guruhi oʻrtasida 2025 yil yanvar oyi oʻrtalarida tuzilgan bitimning bandlaridan biridir.

Isroil 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS hujumidan soʻng Gʻazoga qoʻshin kiritishga qaror qildi. Oʻshanda HAMAS Isroilga keng koʻlamli raketa zarbalarini berib, 250 dan ortiq kishini garovga olib, Gʻazoga olib ketgan edi. Garovga olinganlarning bir qismi kelishuv doirasida almashtirildi yoki ozod qilindi, bir qismi esa halok boʻldi.

Yaqin Sharqdagi ziddiyatning kuchayishi

Isroil bunga javoban HAMASga qarshi urush e'lon qildi. Quruqlikdagi operatsiya va Gʻazo sektorini bombardimon qilish paytida qariyb 50 ming nafar falastinlik halok boʻldi va yana 110 ming nafardan ortiq kishi jarohatlandi.

Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish bitimi kuchga kirdi

Joriy yilning 19 yanvar kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kanselyariyasi Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bitim kuchga kirgani haqida xabar berdi. Kelishuv shartlariga koʻra, Isroil armiyasi Gʻazo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi Filadelfiya yoʻlagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. Gʻazoning tinch aholisi oʻz uylariga, jumladan, janglar tufayli eng koʻp zarar koʻrgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega boʻladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo