21:30 / 04.02.2025
173

Tramp Evropa Ittifoqiga qarshi savdo urushi boshlamoqchi

Tramp Evropa Ittifoqiga qarshi savdo urushi boshlamoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi jurnalistlarga Evropa Ittifoqidan keltirilayotgan mahsulotlarga kelajakda “shubhasiz” boj soligʻini joriy etish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

"Boj soligʻini joriy etamanmi? Sizga toʻgʻrisini aytaymi yoki siyosiy javob beraymi? Albatta joriy etaman. Evropa Ittifoqi bizga nisbatan juda yomon munosabatda boʻldi", dedi Tramp. Siyosatchi EIga nisbatan “juda jiddiy choralar” koʻrishini qoʻshimcha qildi.

Respublikachining fikricha, EI Qoʻshma Shtatlarga qoʻshilgan qiymat soligʻi masalasida “oʻta adolatsiz” munosabatda boʻlmoqda.

"Ularning soliqlari yuqori. Ular bizning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarimizni ham, avtomobillarimizni ham qabul qilmaydi, lekin oʻzlari bizga millionlab avtomobillarni joʻnatishadi", dedi siyosatchi.

Evrokomissiya ma'lumotlariga koʻra, 2023 yilda EI va AQSh oʻrtasidagi tovar va xizmatlar savdosi hajmi 1,5 trillion yevrodan oshgan. Neft moylari, xom neft, dori-darmon, farmatsevtika preparatlari hamda tabiiy gaz blokning AQShdan import qiladigan eng ommabop tovarlari hisoblanadi.

Trampning EIga nisbatan boshqa da'volari ham mavjud. Xususan, siyosatchi Evropa Ittifoqining ruxsatnoma berish tartibidan norozi — uning soʻzlariga koʻra, “qandaydir yirik loyihani ma'qullash uchun besh yoki olti yil kutish kerak boʻlgan”. Shuningdek, u Bryusselni Apple, Google va boshqa Amerika korporatsiyalariga nisbatan jarimalar va monopoliyaga qarshi tergovlar uchun qoraladi.

Respublikachi bir necha bor Evropa ittifoqidan barcha import tovarlariga yangi 10-20 foizli bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi.

"Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun Bryussel Amerika neft va gazini koʻproq sotib olishi kerak", deb hisoblaydi Tramp.

Evrokomissiya “mutanosib ravishda” javob berishga tayyorligini ma'lum qildi, shu bilan birga Evropa Ittifoqi raisi Ursula fon der Lyayen savdo urushi xavfi fonida “jarlikka qarab poyga qilish”dan saqlanishga chaqirdi.

Tramp 3 ta davlatga bojlar joriy qildi

AQSh Kanada, Xitoy va Meksikadan keltirilayotgan tovarlarga bojxona toʻlovlarini joriy etadi. Prezident Donald Tramp tegishli farmonni 1 fevral kuni imzoladi. U mazkur qarorini noqonuniy migrantlar va giyohvand moddalar kontrabandasi tahdidi bilan izohladi. Bunga javoban Xitoy AQShni savdo urushi boshlanishidan ogohlantirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida “savdo yoki bojxona urushida” gʻoliblar boʻlmasligi ta'kidlangan.

"Qoʻshimcha 10 foiz miqdoridagi bojlar mamlakatlar oʻrtasidagi narkotrafikka qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikka ta'sir qilishi va unga zarar etkazishi muqarrar", deyiladi vazirlik xabarida.

Xitoy “yangi bojlarni qat'iyan rad etishi” va oʻz huquq va manfaatlarini qat'iy himoya qilishi uchun “tegishli javob choralarini koʻrishi”ni ta'kidladi. Endilikda Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) AQShga qarshi shikoyat qilish niyatida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo