Avstraliya davlat ixtiyorida boʻlgan barcha qurilmalarda Xitoyning DeepSeek sun'iy intellektidan foydalanishga taqiq joriy etdi, deb xabar beradi Bild. Shaxsiy gadjetlar uchun hozircha cheklovlar yoʻq, ammo hukumat xavfsizlikka jiddiy tahdidlardan ogohlantirmoqda.
«Hukumat milliy xavfsizlik va mamlakat manfaatlarini himoya qilish uchun tez va keskin harakat qilmoqda», — deydi Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byork.
DeepSeek — ChatGPT’ning xitoycha muqobili boʻlib, 2025 yil 10 yanvar kuni taqdim etilgandi. Ishlab chiqaruvchining ma'lum qilishicha, ularning texnologiyasi gʻarbdagi raqobatchilaridan qolishmaydi, ammo ulardan ancha arzonga tushadi. Ammo ekspertlarning ogohlantirishicha, foydalanuvchilarning barcha ma'lumotlari Xitoy serverlarida saqlanadi.
Kiberxavfsizlik boʻyicha avstraliyalik mutaxassis Dana Makkeyning ta'kidlashicha, toʻplangan ma'lumotlardan nafaqat jinoyatlarni tergov qilishda, balki iqtisodiy josuslikda ham foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, DeepSeek’da kuchli tsenzura mavjud. Masalan, u 1989 yilda Tyananmen maydonida sodir boʻlgan voqealar, Si Jinping yoki Madaniy inqilobga oid savollarga javob bermaydi.
Avstraliyada DeepSeek’ning taqiqlanishi Xitoy texnologiyalariga qoʻyilgan cheklovlarning davomi boʻldi. 2018 yilda mamlakat oʻzining 5G-infratuzilmasidan Huawei va ZTE’ni chiqarib tashlagan, 2023 yilda esa TikTok’ni potentsial tahdid sifatida tan olgan edi. Endilikda AQSh, Fransiya, Irlandiya va Janubiy Koreya ham DeepSeek’dan foydalanishni cheklash choralarini koʻrib chiqmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar