![Tramp Zelenskiy bilan qachon uchrashishi mumkinligini aytdi](/uploads/posts/2025-02/c543b56cf0_3-8.webp)
AQSh prezidenti Donald Tramp kelgusi hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, urush haqida suhbatlashishi mumkinligini ma'lum qildi.
Tramp bu uchrashuv shaxsan boʻladimi yoki videokonferentsiya tarzida oʻtkazilishiga aniqlik kiritmadi. U Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isibani Oq uyning Oval kabinetida qabul qilish paytida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, mazkur ehtimol haqida gapirdi, deb yozmoqda Daryo nashri.
Tramp “ehtimol, kelgusi hafta prezident Zelenskiy bilan uchrashishini” aytdi.
AQSh etakchisi, shuningdek, rossiyalik hamkasbi bilan uchrashishga yana qiziqish bildirib, Putin bilan doimo “yaxshi munosabatlar”da boʻlganini ta'kidladi.
Zelenskiy bilan uchrashuv joyi haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp oʻzi “shu erda — Vashingtonda” ekanligini aytib, Kiyevga borish niyati yoʻqligini qoʻshimcha qildi.
"Men bu urush shunchaki insoniylik nuqtai nazaridan tugashini istardim. Bu bema'ni urush", dedi Tramp.
U Zelenskiy bilan Ukraina boyliklarini, xususan, noyob er minerallari xavfsizligini ta'minlash haqida gaplashmoqchi ekanligini va AQShning qoʻllab-quvvatlashi evaziga “teng miqdorda nimadir” olishni istayotganini aytdi.
"Biz ular ham oʻz navbatida shunday javob berishlarini xohlaymiz", dedi Oq uy rahbari.
Zelenskiy Trampning bayonotiga javoban Vashington va Kiyev muzokaralar oʻtkazishni rejalashtirganini ma'lum qildi.
"Biz har doim prezident Tramp bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Jamoalar darajasida uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazishni ham rejalashtirganmiz. Ukraina va AQSh jamoalari allaqachon tafsilotlarni ishlab chiqmoqda", deb yozdi Zelenskiy X platformasidagi postida.
Zelenskiy ma'muriyati rahbari Andrey Ermakning aytishicha, Kiyev shu oyda Trampning Ukrainadagi maxsus vakili Kit Kellogning tashrifini kutilmoqda. Ermak Kellog bilan jang maydonidagi vaziyat, Ukraina tinch aholisi xavfsizligi va shu oy oxirida boʻlib oʻtadigan yillik Myunxen xavfsizlik konferentsiyasidagi uchrashuvlar kabi mavzularni muhokama qilganini ta'kidladi.
Tramp avval ham Ukrainaning nodir er elementlarini Amerika yordami evaziga olishga qiziqish bildirgan edi.
"Biz Ukraina bilan shunday bitim tuzmoqchimizki, unga koʻra, ular bizdan olayotgan narsalar evaziga bizga nodir er elementlari va boshqa mahsulotlarni berishadi", dedi Tramp.
U nodir er elementlari etkazib berilishining xavfsizligini ta'minlashni istayotganini va Ukraina bu borada yordam berishga tayyor ekanligini qoʻshimcha qildi.
"Biz yuzlab milliard dollar sarmoya kiritmoqdamiz. Ularda ajoyib nodir er elementlari mavjud", deb ta'kidladi AQSh prezidenti.
Ukrainaning AQSh bilan noyob minerallarni birgalikda qazib olish boʻyicha taklifi mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy 2024 yil oktyabrda — Amerikadagi prezidentlik saylovidan oldin, Tramp va respublikachi kongressmenlarga taqdim etgan “gʻalaba rejasi”ning bandlaridan biri hisoblanadi. Bu haqda Financial Times (FT) nashri yozgan, keyinroq esa Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak ushbu ma'lumotni tasdiqlagan va gap, xususan, litiy va titan konlari haqida ketayotganiga aniqlik kiritgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar