18:09 / 10.02.2025
848

Donald Tramp: “Gʻazoni sotib olishga qaror qildim”

Donald Tramp: “Gʻazoni sotib olishga qaror qildim”
AQSh prezidenti Donald Tramp Gʻazo sektorini sotib olib, uning ustidan nazorat oʻrnatishi va keyin arab davlatlari yordamida qayta tiklashi mumkinligini aytdi. Bu haqda Reuters'ga tayanib Daryo xabar berdi.

Tramp tegishli bayonotini Nyu Orleanga uchayotganda Air Force One samolyoti bortida aytgan.

“Gʻazoni sotib olish va unga egalik qilishga qaror qildim. Qayta tiklash masalasiga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga topshirishimiz mumkin, ular alohida qismlarni qayta qurishlari uchun yoki boshqalar bizning homiyligimiz ostida buni amalga oshirishi mumkin”, dedi AQSh prezidenti.

Uning tushuntirishicha, AQSh HAMASning hududga qaytishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Gʻazo sektorini oʻz nazoratida saqlab turishga majbur.

“U erga qaytadigan joy yoʻq. Bu joy butunlay buzib tashlanishi kerak. Qolgan qismlari ham buzib tashlanadi. Hammasi yoʻq qilinadi”, dedi siyosatchi.

Tramp, shuningdek, ba'zi falastinlik qochqinlarni AQShga kiritish imkoniyatiga ochiqligini, biroq bunday soʻrovlarni alohida koʻrib chiqishini aytdi.

Uning Gʻazoni sotib olish va unga egalik qilish haqidagi soʻnggi soʻzlarini HAMAS siyosiy byurosi a'zosi Ezzat El Rashq qoraladi.

“Gʻazo sotiladigan va sotib olinadigan mulk emas. Bu bizning bosib olingan Falastin erimizning ajralmas qismidir”, dedi u va falastinliklar koʻchirish rejalariga qarshiligini aytdi.

Tramp: “AQSh Gʻazo sektorini boshqaradi”

AQSh prezidenti Gʻazo sektorini “snos” maydonchasi deb atagandi. U anklav aholisini turli mamlakatlarga, jumladan, Iordaniya va Misrga koʻchirib oʻtkazish mumkinligini aytgan. U Qoʻshma Shtatlar bu jarayonni moliyalashtirmasligi, chunki xarajatlarni qoplashga Yaqin Sharq davlatlarining qurbi etishini ta'kidlagandi. Vashington esa mintaqadagi ishlar uchun javobgar boʻladi va zarurat tugʻilganda u erga oʻz qoʻshinlarini yuborishi mumkinligini aytgan.

Ushbu taklifga javoban arab davlatlari etakchilari AQSh davlat kotibiga maktub yoʻllab, falastinliklarni chiqarib yuborishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi, buni nafaqat xalqaro huquqning buzilishi, balki mintaqaviy xavfsizlikka tahdid deb atagan.

Boshqalar qanday munosabatda?

Saudiya Arabistoni hukumati oʻz bayonotida falastinliklarni oʻz erlaridan siqib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishlarni qabul qilmasligini ta'kidlab, Falastin davlati tuzilmagunicha Isroil bilan munosabat oʻrnatmasligini e'lon qildi.

HAMAS Trampning Gʻazodagi falastinliklarni chiqarib yuborishga chaqirgan da'vatlarini qoralab, ularni “oʻz eridan quvish” deb atadi.

Avstraliyaning mahalliy aholisi vakili boʻlgan siyosatchi Lidiya Torp Trampning Gʻazoni “egallash” haqidagi fikrlarini “etnik tozalash va mustamlakachilikning ochiq chaqirigʻi” deb baholadi.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti oʻtgan yilning noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud (XJS) Netanyaxuni qamoqqa olish uchun order bergan boʻlsa-da, uni qamoqqa olmasdan, AQSh “xalqaro odil sudlovga nisbatan nafratini namoyish etayotganini” bildirdi.

AQShda bir qator demokratlar Trampning rejasini tanqid qildi, demokrat senator Kris Merfi esa AQShning Gʻazoga bostirib kirishi minglab amerikalik askarlarning halok boʻlishiga va Yaqin Sharqda oʻn yillab davom etadigan urushga olib kelishini ta'kidladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo