15:37 / 11.02.2025
176

Umrni uzaytirish – Kremniy vodiysining eng dolzarb sanoatiga aylanmoqda

Umrni uzaytirish – Kremniy vodiysining eng dolzarb sanoatiga aylanmoqda
Texnologik taraqqiyot markazi sanalgan Kremniy vodiysi endi faqat sun'iy intellekt yoki blokcheyn texnologiyalari emas, balki inson umrini uzaytirishga qaratilgan innovatsiyalar sohasida ham eng qaynoq sarmoya kiritilayotgan makonga aylandi. BILD nashrining yozishicha, bu sohadagi bozor hajmi 2025 yilga borib 578 milliard yevroga etishi kutilmoqda.

Boylar uzoqroq yashash uchun katta pul tikishmoqda

Fan va tibbiyotning ilgarilashi bilan uzoq umr koʻrish imkoniyati haqida fikrlar ortgan sari, bu boradagi tadqiqotlarga yirik sarmoya kirituvchilar soni ham oshib bormoqda. Shveytsariyaning UBS banki tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 48 million dollarlik boylikka ega shaxslar qoʻshimcha 10 yil umr kechirish imkoniyati uchun boyliklarining yarmini berishga tayyor ekan.

Ushbu sanoatning eng faol ishtirokchilaridan biri tadbirkor va biohaker Brayan Jonson hisoblanadi. 47 yoshli Jonson yosharish maqsadida har kuni 50 dan ortiq vitamin va dorilar qabul qiladi, tanasining har bir organi doimiy nazoratda saqlanadi, shuningdek, u oʻgʻlining qon plazmasini muntazam ravishda quydirib turadi. Ushbu muolajalar va qarishga qarshi kompleks strategiyalar uchun u har yili 1,9 million yevro sarflaydi.

Texnologiya gigantlari ham bu jarayonda ishtirok etmoqda

Boy va mashhur shaxslar orasida uzoq umr siriga etishga qiziquvchilar kam emas. Amazon asoschisi Jeff Bezos bu borada oldinga qadam qoʻyib, Altos Labs biotexnologiya kompaniyasiga 2,9 milliard yevro sarmoya kiritdi. Bu startapning maqsadi – qarishni toʻxtatish, hatto inson hujayralarini qayta dasturlash orqali yosharishga erishish.

PayPal hammuassislaridan biri Piter Til esa qarishni oʻrganuvchi Methuselah Foundation jamgʻarmasiga 6,5 million yevro yoʻnaltirgan. Shuningdek, OpenAI rahbari Sem Altman ham uzoq umr siriga qiziqqan holda Retro Biosciences startapiga yirik sarmoya tikish bilan shugʻullanmoqda. U hatto Davosdagi jahon iqtisodiy forumida ushbu sohaga qiziqqan yangi sarmoyadorlarni izlagani xabar qilinmoqda.

Milliarderlar, olimlar va tadbirkorlar birlashmoqda

Umrni uzaytirish sanoati global fenomenga aylanishi mumkin. Bu yoʻnalishni rivojlantirish maqsadida Longevity Investors jamoasi tashkil etilgan boʻlib, uning asoschilaridan biri Mark Bernegger bu borada tadbirkorlar, milliarderlar va olimlarni birlashtirmoqda. Uning fikricha:

"Qanchalik sogʻlom va baxtli hayot kechirishim mumkin boʻlsa, shuncha uzoq yashashni istayman. Ilmiy nuqtai nazardan bu 90–120 yilga teng – va bunga erishish mumkin."

Biroq, bugungi kunda uzoq umr koʻrish imkoniyati hamma uchun bir xil boʻlmasligi mumkin. Milliardlab sarmoyalar oqib kelayotgan ushbu sanoat butun insoniyat taqdirini oʻzgartirishi mumkinmi yoki bu imtiyoz faqat boylar uchun qolib ketadimi? Buning javobini vaqt va pul koʻrsatadi. BILD tahririyati shu savolni ochiq qoldirgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo