21:25 / 11.02.2025
244

Donald Tramp HAMASga qanday keskin shart qoʻydi?

Donald Tramp HAMASga qanday keskin shart qoʻydi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Falastinning HAMAS harakatidan barcha garovdagi isroilliklarni 15 fevral kuni soat 12:00 gacha ozod qilishni talab qilmoqda, deb xabar bermoqda Daryo nashri.

Foto: Reuters
"Shanba soat 12:00. Agar asirlar bu erda boʻlmasa, jahannam boshlanadi", dedi Tramp.

Uning soʻzlariga koʻra, garovga olinganlarning barchasi bosqichma-bosqich emas, balki bir vaqtning oʻzida ozod qilinishi kerak:
"Bittalab, ikkitalab, uchtalab, toʻrttalab emas. Hammasi birdan. Biz hammasini qaytarmoqchimiz. Men faqat oʻz nomimdan gapiryapman. Isroil oʻz bilganicha ish tutishi mumkin", deya ta'kidladi u.

Agar HAMAS shartlarni bajarmasa, Tramp Isroilga tashkilot bilan tuzilgan sulhni bekor qilishni tavsiya qilmoqda.

Tramp AQShning aniq qadamlari haqidagi savollarga noaniq javob berib, HAMAS tez orada u nimani nazarda tutayotganini bilib olishini aytdi. U Qoʻshma Shtatlarning mazkur mojaroga harbiy aralashuvi haqidagi savolga “nima boʻlishini koʻramiz” deya javob berdi.

Arxiv foto: AP Photo
Tramp ozod qilingan asirlarning holatini holokost qurbonlari bilan taqqosladi: "Ular konslager mahbuslariga oʻxshardi. Ular juda yomon ahvolda, holdan toygan edi. Buni qachongacha davom ettirish mumkinligini bilmayman."

Bir kun avval HAMAS Isroilni oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi kelishuvni buzganlikda, jumladan, Gʻazodagi falastinliklarga havo hujumlari uyushtirganlikda ayblab, garovga olinganlarni ozod qilish kelasi shanba kuniga qoldirilishini aytgan edi.

"Soʻnggi uch hafta davomida biz dushman tomonidan kelishuv shartlarining doimiy ravishda buzilishini kuzatdik," deb yozdi HAMASning harbiy qanoti hisoblanmish “Izzaddin al-Qassam brigadalari” guruhi vakili Abu Ubayda oʻzining Telegram kanalida.

Uning qayd etishicha, shu munosabat bilan HAMAS 15 fevral kuni ozod qilinishi kutilayotgan asirlarni Isroilga qaytarishni keyingi ogohlantirishgacha kechiktirishga qaror qilgan. U Isroil kelishuv qoidalariga rioya qilishi va soʻnggi haftalarda etkazilgan zararni qoplashi kerakligini qoʻshimcha qildi. Keyingi almashinuv shanba kuniga belgilangan boʻlib, unda yuzlab falastinlik mahbuslar evaziga uch nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish rejalashtirilgan edi.

Isroilni kelishuvni muntazam ravishda buzishda ayblagan Abu Ubaydaning ta'kidlashicha, ayblovlar “koʻchirilgan falastinliklarga Gʻazo shimoliga qaytishga ruxsat berishni kechiktirish, havo hujumlari va sektorning turli hududlarini oʻqqa tutish, shuningdek, kelishuvlarga muvofiq gumanitar yordam etkazib berishga koʻmaklashishga qodir emaslikni oʻz ichiga oladi”.

Sulh shartlariga koʻra, HAMAS 33 nafar isroillik asirni ozod qilishi kerak edi. Bunga javoban Isroil 1900 nafar falastinlik mahbusni mamlakatiga qaytarishi kerak.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo