01:31 / 13.02.2025
109

Tramp HAMASga «jahannam bilan» tahdid qildi. Nima gap oʻzi?

Tramp HAMASga «jahannam bilan» tahdid qildi. Nima gap oʻzi?
AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS manziliga tahdidiy bayonotlar berdi. Xususan, Tramp uning gapiga kirmasa, hamaschilarni «haqiqiy jahannam kutishini» aytdi. Netanyahu esa TsAHAL urushni tiklab, HAMASni butkul yoʻq qilmay qoʻymasligi haqida gapirdi.

Barchasi HAMASning sulh shartlarini bajarishni bir muddat toʻxtatishini e'lon qilishidan boshlandi. Dushanba kuni harakat isroillik asirlarni ozod qilishning navbatdagi bosqichini noma'lum muddatga qoldirishini ma'lum qildi. Sabab sifatida Isroil kelishuvni buzgani keltirildi. HAMASga koʻra, Isroil gʻazoliklar shahar shimoliga koʻchishiga qarshilik qilgan, turli hududlarda ularga qarata oʻq uzilgan. Shuningdek, boʻlgaga humanitar yordam yuklari kirishiga toʻsqinlik qilgan.

«Shu bois 15 fevral, shanba kuniga belgilangan asirlarni ozod qilish jarayoni keyingi e'lon berilgan muddatgacha qoldiriladi», deyiladi harakat bayonotida.

HAMAS navbatdagi bayonotida muzokara uchun eshiklar ochiqligini aytib, vositachilarni faol boʻlishga chaqirdi. Koʻp oʻtmay Isroil tashqi ishlar vaziri Israyel Kas holatga munosabat bildirib, HAMASning bayonoti sulh kelishuvining buzilishi ekanini aytdi. Shuningdek, vazir TsAHALga Gʻazodagi urushning har qanday stsenariysiga tayyor turish boʻyicha koʻrsatma berganini ta'kidladi. «7 oktyabr takrorlanishiga yoʻl qoʻymaymiz», dedi diplomat Kas.

Chindan HAMASning bayonotidan keyin Isroil mudofaa armiyasi TsAHAL toʻliq jangovar holatga keltirildi.

Tramp nima dedi?

AQSh prezidenti Donald Tramp holatga munosabat bildirarkan, HAMAS shanba kuni tushgacha asirlarni qoʻyib yubormasa, oʻt ochishni toʻxtatish rejimi toʻliq bekor boʻlishi kerak deb hisoblashini aytdi. «Bu mening gapim, Isroil hukumatidagilar bunday hisoblamasligi mumkin», deb qoʻshimcha qildi Tramp.

«Agar asirlar qaytarilmasa, haqiqiy jahannam boshlanadi. HAMAS men nimani nazarda tutayotganimni yaxshi tushunadi», dedi Tramp harakat manziliga qaratilgan tahdidli bayonotida.

HAMAS Trampning tahdidiga tezda javob qaytardi. «Tramp orada ikki tomon amal qilishi kerak boʻlgan kelishuv borligini, asirlarni qaytarishning yagona yoʻli unga amal qilish ekanini esdan chiqarmasligi kerak. Tahdid bilan hech narsani oʻzgartirib boʻlmaydi, u faqat vaziyatni yomonlashtirishi mumkin», dedi Reuters bilan suhbatda harakatning yuqori martabali mulozimi Sami Abu Zuhri.

Netanyahu HAMASga ultimatum qoʻydi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASga shanba kuni tushgacha muddat berdi. Uning soʻzlariga koʻra, belgilangan vaqtgacha kelishilgan asirlar ozod qilinmasa, TsAHAL Gʻazoda yana intensiv hujumlarni tiklaydi.

«TsAHALga Gʻazo ichida va atrofida qoʻshinlarni toʻliq tayyor holatga keltirishni buyurdim. Operatsiya yaqin soatlar ichida yakunlanadi», dedi Netanyahu.

Ana shunaqa gaplar. Yaxshigina davom etayotgan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv yoʻqqa chiqishi mumkin. Bunga sulhni bekor qilishga arzimaydigan omillar sabab qilinayotganiga qaraganda kimdir urush qaytalanishini istayotgan koʻrinadi.

Demak, shanba kuni tushgacha isroillik navbatdagi asirlar guruhi ortga qaytmasa, Isroil Gʻazoni bombardimon qilishni yana davom ettiradi. Bundan esa tabiiyki, qishda koʻchada qolgan millionlab gʻazoliklar jabr koʻradi. Aftidan, hozir hech qanday himoyasiz, uy-joysiz, sovuqda hatto koʻrpa-toʻshaksiz qolgan, butun xonumonidan ayrilgan gʻazoliklar hayoti urushni tugata oladigan odamlarni umuman qiziqtirmayapti…

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo