
Bugun iqlim oʻzgarishi sababli havoda chang massalarining toʻplanishi nafaqat Toshkentda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyoning koʻplab davlatlarida uchramoqda. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, iqlimshunos-ekspert Erkin Abdulahatov bu borada oʻz fikr va tavsiyalarini berib oʻtdi.
Mutaxassisning fikricha, er yuzining markaziy qismida joylashgan koʻplab mamlakatlar, Afrikaning shimoliy qismidan Xitoygacha boʻlgan hududda joylashgan davlatlarda choʻllashish jarayoni davom etmoqda va bu havoda chang massalari koʻpayishiga olib kelmoqda (xarita).

Fakt!
PM2,5 — havodagi qattiq zarrachalar yoki shu kabi zarrachalarning suv bugʻi bilan birikishidan hosil boʻlgan birikma boʻlib, diametri 2,5 mikrometrgacha boʻladi (soch tolasidan 30 barobar kichik). PM «Particulate Matter» birikmasining qisqartmasi boʻlib, «zarra moddalari» degan ma'noni bildiradi. 2,5 esa mikrometr kattalikdagi oʻlchov soni hisoblanadi. Havoni ifloslantiruvchi boshqa mayda zarrachalar ham boʻlib, ularning kattaligiga qarab RM1, RM10 va RM100 kabi zarrachalar ustida kuzatuv va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
JSST koʻrsatkichlariga hech qaysi davlat amal qilmaydi
E. Abdulahatovga koʻra, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan standart asosida mezonlar ishlab chiqiladi, bu yil davomida 5 mkg/m(3), sutkalik 15 mkg/m(3)ga teng. Bu koʻrsatkichlar biror-bir davlatning milliy standartlarida aks etmagan, chunki «Air Quality Index» platformasi qarorlar, tavsiyalar ishlab chiqish uchun etarli platforma hisoblanmaydi, faqatgina ilmiy tadqiqot institutlariga har bir davlatning oʻz milliy standartlari borligi va ularni solishtirib, reytinglarni shakllantirish qiyin boʻlganligi sababli 5 mkg/m(3) qiymat asosida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan ma'lumot asosida shaharlar reytingini shakllantirish uchun qulay boʻlgan qiymat hisoblanadi.

«Air Monitoring Tashkent» platformasi ishlab chiqilgan
2024 yilda Ekologiya vazirligi, Gidrometeorologiya agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi mutaxassislari tomonidan chuqur tadqiqotlar asosida Oʻzbekistonning milliy standartlari ishlab chiqildi. Unga koʻra, havo ifloslanishining me'yori yillik 35 mkg/m(3), sutkalik 60 mkg/m(3) deya belgilandi.
«Taqqoslash uchun, dunyodagi hech bir davlatning standarti JSSTniki bilan teng emas. Hattoki Evropa Ittifoqi mamlakatlari ham oʻz milliy standartlarini ishlab chiqqan. 2023–2024 yillarda Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan milliy standartlarimiz asosida «Air Monitoring Tashkent» platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur platforma orqali Toshkent shahridagi hududlar kesimida ma'lumotlar har soatda yangilab boriladi va ishonchli manba hisoblanadi», — deydi iqlimshunos-ekspert.

Shamol tezligi kamayib bormoqda
Mutaxassisning ta'kidlashicha, havo ifloslanishida «shamol guli» degan tushuncha bor, ya'ni atmosfera ifloslanishida shamol muhim rol oʻynaydi. Dengizboʻyi davlatlarida yil boʻyi shamol oqimi yuqori boʻlganligi sababli chang zarrachalari havoda muallaq toʻplanib qolmaydi. Toshkentda esa 1950–1980 yillarda shamol shimoliy-sharqdan kirib kelgan va shaharda aylanib, «shamol guli»ni hosil qilgan. 1990-2020 yillarda esa «shamol guli» oʻzgardi, ya'ni shamol oqimining kirib kelishi va shamol harakati kamaygani sababli Toshkent chang zarrachalari havoda muallaq toʻplanib qoladigan hududga aylandi.

«Toshkentda oʻtgan asrda shamol tezligi 1,7 metr/sekundga, 1981–2010 yillarda esa 1,4 metr/sekundga teng boʻlgan. Soʻnggi 5 yillikda esa 1,3 metr/sekundga tushib ketgan. Toshkentning togʻlar bilan oʻralganligi ham shamol harakatiga toʻsqinlik qiladi. Bundan tashqari, poytaxtda tartibsiz qurilayotgan baland binolar ham shamolning harakatlanishiga xalal bermoqda. Bu esa poytaxtda chang zarrachalarining muallaq turib qolishi va havoning ifloslanish darajasi ortishiga olib kelmoqda», — deydi E.Abdulahatov.

Biz yashillik deganda, odatda, daraxtlarni tushunamiz. Lekin aslida yashilllikka gazonlar va daraxt aralash butalar ham kiradi.
«2016 yilga nisbatan 2023 yilda qurilish maydonlari 2 barobarga koʻpaygan va natijada yashil maydonlar ikki barobar kamaygan. Ya'ni daraxtlarga qaraganda yashil gazonlar keskin kamayib ketgan», — deydi mutaxassis.
Issiqlik oroli
Erkin Abdulahatov «Issiqlik oroli» tushunchasiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
«Toshkentda 2016 yildan keyin haroratning keskin koʻtarilishi kuzatilmoqda. Bu esa tabiiyki koʻp qurilish boʻlayotgan va yashillik darajasi kamaygan hududlarda harorat yuqori darajada saqlanib turishiga olib kelmoqda. Bu esa Toshkentda «issiqlik oroli» tushunchasini keltirib chiqarmoqda", — dedi mutaxassis.

Iqlimshunos Toshkent shahri atmosferasiga avtomobillar hamda ogʻir va yengil sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli tashlamalar ham salbiy ta'sir koʻrsatayotganini ta'kidladi.
Ma'lumot uchun, avvalroq atmosfera havosi ifloslanishining doimiy va mavsumiy omillari haqida ma'lumot berilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar