
AQSh prezidenti Donald Tramp Er-Riyodda Rossiya va Amerika delegatsiyalari oʻrtasida oʻtgan muzokaralarni yuqori baholadi.
Jurnalistlar savollariga javoban Tramp ushbu uchrashuvdan soʻng Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi kelishuvga erishish mumkinligiga «ancha ishonch hosil qilganini» ta'kidladi. Uning fikricha, Rossiya tomoni «nimadir qilishni va zoʻravonlikni toʻxtatishni xohlamoqda».
«Biz buni tugatmoqchimiz. Bu bema'ni urush», — dedi Tramp va urush uning prezidentligi davrida boshlanmaganini yana bir bor ta'kidladi. Uning fikricha, harbiy nizoni bir necha yil avval hech qanday hududiy yoʻqotishlarsiz hal qilish mumkin edi.
Shu bilan birga, Tramp Ukraina muzokaralarga taklif qilinmaganidan ranjiganini bildirdi.
Prezident Vladimir Zelenskiy bu uchrashuv natijalarini Ukraina tan olmasligini, shuningdek, Gʻarb davlatlarini Kiyev ishtirokisiz muzokaralar oʻtkazmaslikka chaqirdi.
Evropa Ittifoqi mamlakatlari esa «Ukraina va EI ishtirokisiz uzoq muddatli tinchlik boʻlishi mumkin emas», deb ta'kidlamoqda.
Tramp esa: «Ularning [Ukrainaning] muzokara stoliga oʻtirishi uchun uch yili bor edi», — dedi.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralar 18 fevral kuni boʻlib oʻtdi. Rossiya delegatsiyasi tarkibida prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya investitsiyalar jamgʻarmasi rahbari Kirill Dmitriyev bor edi. AQSh tomonidan muzokaralarda davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Uols va prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi.
Moskva va Vashington yuqori darajada ishchi guruhlar tuzish, urganish jarayonini boshlash va «oʻzaro geosiyosiy manfaatlar» hamda «janglar tugagandan keyin paydo boʻladigan iqtisodiy va investitsiya imkoniyatlari» boʻyicha hamkorlik asoslarini shakllantirishga kelishib oldi, deb xabar berdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus.
Oq uyda ushbu uchrashuv «tinchlik sari ulkan qadam» deb baholandi. Rossiya tomoni ham uni ijobiy baholadi.
«Muzokaralar juda foydali boʻldi. Biz faqat eshitmadik, balki bir-birimizni tushundik ham», — dedi TIV rahbari Sergey Lavrov.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar