23:41 / 20.02.2025
1 402

Trampning chiqishlaridan Kremldagilar ham hayratda

Trampning chiqishlaridan Kremldagilar ham hayratda
Avvalgi chiqishimizda tarixiy davrda yashayapmiz degandik. AQSh prezidenti Donald Trampning siyosatini har kim turlicha talqin qilishi mumkin, lekin anigʻi shuki, Tramp koʻz oʻngimizda tarix yozmoqda. Qanday tarix ekanini esa keyinroq bilib olamiz.

Shu kunlarda Mar-a-Lagodagi qarorgohidan ishlayotgan Tramp u erda brifing oʻtkazib urush boshlanishida Zelenskiyni ayblagani haqida xabar bergandik. Aftidan, bu gaplar Trampning xumorini bosa olmagan. Uyiga borgach AQSh prezidenti iPhoneʼini qoʻliga oldi-da, Ukraina manziliga navbatdagi tahdidomuz gaplarini yozdi. Darvoqe, Tramp negadir doʻsti Mask sotib olgan sevimli Twitterʼiga qaytmay, oʻzi ochgan Truth ijtimoiy tarmogʻida yozib yuribdi. Oʻzi bu platforma Tramp yozib turishi uchun ochilgan desa mubolagʻa boʻlmaydi. Video yozib boʻlingach, Ukraina oʻz hududida bu tarmoqni bloklagani ma'lum boʻldi.

Respublikachi shunday gaplarni aytmoqdaki, AQSh nashrlariga koʻra bundan hatto Kremldagilar hayron qolmoqda. Navbatdagi postida Tramp Zelenskiyga ochiqchasiga tahdid qildi va uni Rossiya propagandasi metodichkalaridagi kabi qiziqchi deb atadi: «Unchalik taniqli boʻlmagan qiziqchi AQShdan yutib boʻlmaydigan, endi esa TRAMPdan boshqasi tugata olmaydigan urush uchun 350 milliard dollar undirdi (Tramp oʻz nomini katta harf bilan yozib, negadir qoʻshtirnoqqa ham olgan – tarj.).

Amerika Ukrainaga Evropa Ittifoqidan 200 milliard dollar koʻproq yordam berdi. Lekin farq shundaki, Evropaning pullari qaytishi kafillangan, AQSh esa bir tsentni ham qaytarib ololmaydi. Nega uyquchi Bayden xarajatni teng taqsimlashni soʻramadi? Axir bu urush Evropa uchun bizdan koʻra muhimroq-ku. Bizni urushdan ajratib turgan katta, ajoyib okeanimiz bor boʻlsa», dedi Tramp.

Amerika prezidenti Evropaning pullari kafolatlangan deb, Rossiyaning qit'a banklarida muzlatilgan 300 milliard dollarni nazarda tutdi.

Tramp Zelenskiyning reytingi pastligi haqida navbatdagi marta gapirdi, lekin bu gal 4 foiz faktini tilga olmadi: «Zelenskiy saylov oʻtkazishdan bosh tortyapti. Uning reytingi juda past. U faqat Bayden bilan skripka chalishni yaxshi uddaladi. Saylovsiz diktator tezroq harakat qilmasa, davlatidan asar ham qolmaydi. Biz Rossiya bilan yaxshi muzokaralar olib boryapmiz. Urushni faqat TRAMP toʻxtata olishini hamma tushunyapti. Evropa sharmanda boʻldi, Zelenskiy esa aftidan pul oqimi toʻxtab qolishini istamaydi. Men Ukrainani yaxshi koʻraman, lekin Zelenskiy vazifani juda yomon bajardi, davlat barbod boʻldi, millionlab odamlar oʻldi va oʻlishda davom etmoqda», dedi AQSh prezidenti.

Ochiq tahdid

Trampning ushbu postidagi bir joyiga e'tibor bering: «Agar Zelenskiy tezroq harakat qilmasa, uning davlatidan asar ham qolmaydi». Ya'ni janob Tramp Kiyevga yaxshilikcha toʻrtta oblastingni Rossiyaga topshirib, Putinning hamma shartlariga koʻn-da, kelishuvni imzola, keyin men borib amerikaliklarga urushni tugatdim, deb tezroq maqtanay. Boʻlmasa shunday qilamanki, Putin joʻram Kiyevni uch kunda egallab oladi, demoqchi. Buning nomini esa tahdid deyishadi. Janob Tramp oldingi muddatida shunga oʻxshash ish ortidan impichment olishiga sal qolgandi, lekin bu gal bunaqa boʻlmasligi aniq. Chunki Kongressning ikki palatasi ham respublikachilar qoʻlida, 4 yil hech kim ularning mushugini pisht deya olmaydi.

Evropa Zelenskiyni qoʻllamoqda

Trampning tahdidli chiqishidan keyin butun Evropada davlat rahbarlarini Ukraina prezidenti Zelenskiyni qoʻllab chiqishdi: «Zelenskiyni diktator deyish uchun juda beadab boʻlish kerak», dedi Chexiya prezidenti Petr Pavel. Norvegiya bosh vaziri buni nohaqlik deb atadi. Finlandiya prezidenti Ukraina va uning konstitutsiyasini qoʻllashini bildirdi.

«AQSh prezidenti doʻstlarimizdan biridan yuz oʻgirib, kallakesar tomonda boʻlishi qanchalik jirkanch», dedi AQSh senatidagi demokratlar lideri Chak Shumer.

Trampning partiyadoshi kongressmen Mayk Lour Putinni diktator deb atab, u Amerikaning doʻsti emas, dedi. Senator Adam Shiff Gʻarb Chexoslovakiyadan keyin hech bir demokratik davlatni bu qadar ochiq sotmagandi, dedi 1938 yildagi Ikkinchi jahon urushiga yoʻl ochgan Myunxen kelishuviga ishora qilib. Oʻshanda Chexoslovakiya Britaniya va Fransiya vositachiligida Sudet viloyatini Hitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyasiga berishga majbur boʻladi. «Qonning hidini sezgan» Hitler esa bir yil oʻtib urush boshlaydi.

Britaniya konservatorlari lideri Kemi Banenox Zelenskiy diktator emas, Ukrananing demokratik saylangan prezidenti deb atadi. Germaniya kansleri Olaf Shols Zelenskiyni nolegitim deb atash xavfli ritorika ekanidan xavotir bildirdi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa AQSh bilan muloqot vaqtida Ukrainada uzoq yillik tinchlik boʻlishi uchun imkon qadar harakat qilishga va'da berdi. Shuningdek, urush boʻlayotgan mamlakatda saylov oʻtkazmaslikni toʻgʻri qaror deb baholadi. Zelenskiy Twitterʼdagi sahifasida barchaga qoʻllab-quvvatlagani uchun rahmat aytdi.

Ukrainalik harbiy rahbarlar oʻz kanallaridagi Zelenskiyga boʻlayotgan tahdidlar fonida mamlakat jiddiy sinov oldida turgani va dadil boʻlish kerakligi haqida postlar qoldirmoqda.

Ana shunaqa gaplar. Zelenskiy uch yildan buyon Rossiyaga qarshi urushayotgandi. Endi ikkinchi tomonda kimsan AQSh prezidenti Donald Tramp paydo boʻldi. Koʻramiz, Ukraina bu jiddiy sinovga qanday bardosh berarkin. Dunyoda juda gʻalati muvozanat paydo boʻldi. AQSh va Rossiya ikki tomondan bir davlatga bosim qilmoqda. Evropa esa kollektiv holatda oʻsha davlatni qoʻllayapti. Bir filmda aytilganidek, dunyomizda qiziq ishlar boʻlyapti.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo