
Foto: AP Photo
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 20 fevral kuni Kiyevda AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya masalalari boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashdi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida xabar berdi.
Uchrashuvdan soʻng taklif etilgan jurnalistlar siyosatchilarning matbuotga murojaat qilishini kutishgan, biroq bu sodir boʻlmadi.
Amerika tomonining iltimosiga koʻra, tadbir formati faqat protokol suratga olishdan iborat. Bayonotlar, savollar va javoblar rejalashtirilmagan, dedi Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov.
Zelenskiy uchrashuv haqida
Prezidentning aytishicha, ular “koʻplab tafsilotlarni oʻz ichiga olgan yaxshi suhbat” oʻtkazgan. Tomonlar jang maydonidagi vaziyat, asirlarni qaytarish va xavfsizlik kafolatlari haqida batafsil fikr almashgan. Ukraina prezidenti Tramp bilan “chindan ham foydali” kelishuv tuzishga tayyorligini ma'lum qilgan.
Ukraina ushbu urushning dastlabki soniyalaridanoq tinchlikka intilmoqda va biz tinchlikni ishonchli hamda uzoq muddatli qilishimiz mumkin va shunday qilishimiz kerak, toki Rossiya qaytib urush boshlay olmasin. Ukraina AQSh prezidenti bilan investitsiyalar va xavfsizlik boʻyicha kuchli, haqiqatda foydali kelishuvga tayyordir. Biz natijalarga erishishning eng tez va konstruktiv usulini taklif qildik. Bizning jamoamiz 24/7 ishlashga tayyor, deydi Zelenskiy.
Tramp maxsus vakilining Ukrainaga tashrifi
Kit Kellog 19 fevral kuni ertalab uch kunlik tashrif bilan Kiyevga keldi. Shu kuni u Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni general Aleksandr Sirskiy, Ukraina maxsus xizmatlari rahbarlari, shuningdek, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Ermak tomonidan qabul qilindi.
20 fevral kuni Kellog bilan Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga uchrashdi. TIV rahbarining soʻzlariga koʻra, uchrashuvda tomonlar keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish yoʻllarini muhokama qilgan.
“Men Ukrainaning kuch bilan tinchlikka erishishga tayyorligini va zarur qadamlarni koʻrishimizni tasdiqladim. Shuningdek, men Ukraina va transatlantika xavfsizligi boʻlinmas ekanligini takrorladim”, dedi u X ijtimoiy tarmogʻida.
Tramp Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” deb atadi
Saylovsiz diktator. Zelenskiy tezroq harakat qilishi kerak, aks holda uning mamlakati butkul tamom boʻladi. Biz Rossiya bilan urushni tugatish boʻyicha muzokaralarni muvaffaqiyatli olib bormoqdamiz. Buni faqat Tramp va uning ma'muriyati uddalay olishini barcha e'tirof etdi, deydi AQSh etakchisi.
U “Ukrainani yaxshi koʻrishi, biroq Zelenskiy juda yomon ish qilgani sababli uning mamlakati vayron boʻlgani va millionlab odamlar sababsiz halok boʻlgani”ni qoʻshimcha qildi.
Trampning ta'kidlashicha, Zelenskiy AQShni “hech qachon boshlanmasligi kerak boʻlgan, gʻalaba qozonib boʻlmaydigan urush uchun” 350 milliard dollar ajratishga koʻndira olgan. Ukraina prezidenti Vashington Kiyevga goʻyoki 500 milliard dollarlik yordam bergani haqidagi ma'lumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytdi.
Ukraina TIV munosabati
Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga AQSh prezidentining tahdidlariga javoba Ukraina Evropa zamonaviy tarixidagi eng dahshatli harbiy hujumga va uch yillik toʻliq urushga bardosh berganini aytdi.
Ukraina xalqi va uning prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning bosimiga boʻysunishni rad etdi. Hech kim Ukrainani taslim boʻlishga majburlay olmaydi. Biz oʻz mavjudlik huquqimizni himoya qilishda davom etamiz, deya ta'kidladi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar