
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazish zarurligi haqidagi bayonotlari uning Vladimir Zelenskiydan qutulishni istayotganidan dalolat bermoqda, deb yozmoqda Daryo Britaniyaning The Economist jurnaliga tayanib.
"Tramp, chamasi, oʻzi hech qachon yoqtirmagan va murakkab shaxs deb hisoblagan Zelenskiydan qutulmoqchi. Gap saylovlar haqida emas, balki Zelenskiydan qutulish haqida ketmoqda", deya ta'kidlaydi nashr suhbatdoshi.
Nashrda yozilishicha, nazariy jihatdan Ukraina Trampning Rossiya bilan tinchlik muzokaralari haqidagi taklifini rad etib, jangovar harakatlarni davom ettirishi mumkin, ammo amalda voqealarning bunday rivojlanishi Kiyevning ahvoli tez orada yomonlashishiga olib keladi.
"Ukraina armiyasida operativ darajada jiddiy muammolar mavjud va strategik rejalashtirish deyarli yoʻq, oldingi chiziqdagi boʻlinmalarda shaxsiy tarkib keskin etishmaydi, ba'zi brigadalar soni odatdagi sonining uchdan biridan ham kamroqqa qisqargan", deyiladi xabarda.
Jurnalning baholashicha, Trampda Ukrainaga ta'sir oʻtkazish uchun koʻplab dastaklar mavjud – u Rossiyadan sanktsiyalarni bir tomonlama bekor qilishi va ehtimol Kiyevga harbiy yordamni qisqartirishi yoki butunlay toʻxtatishi mumkin. Bundan tashqari, Tramp AQShdan razvedka ma'lumotlari oqimini toʻxtatishi va Ukraina armiyasi boʻlinmalarining oʻzaro aloqasi uchun asos boʻlgan Starlink sun'iy yoʻldosh terminallarini oʻchirib qoʻyishi mumkin.
Avvalroq Tramp, agar Kiyev kelishuv boʻyicha muzokaralar stolida oʻrin olishni istasa, Ukraina prezidentlik saylovlarini oʻtkazishi kerakligini aytgandi.
Tramp Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atadi

Saylovsiz diktator. Zelenskiy tezroq harakat qilishi kerak, aks holda uning mamlakati butkul tamom boʻladi. Biz Rossiya bilan urushni tugatish boʻyicha muzokaralarni muvaffaqiyatli olib bormoqdamiz. Buni faqat Tramp va uning ma'muriyati uddalay olishini barcha e'tirof etdi, deydi AQSh etakchisi.
U “Ukrainani yaxshi koʻrishi, biroq Zelenskiy juda yomon ish qilgani sababli uning mamlakati vayron boʻlgani va millionlab odamlar sababsiz halok boʻlgani”ni qoʻshimcha qildi.
Trampning ta'kidlashicha, Zelenskiy AQShni “hech qachon boshlanmasligi kerak boʻlgan, gʻalaba qozonib boʻlmaydigan urush uchun” 350 milliard dollar ajratishga koʻndira olgan. Ukraina prezidenti Vashington Kiyevga goʻyoki 500 milliard dollarlik yordam bergani haqidagi ma'lumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytdi.
Zelenskiy oʻz reytingining 4 foizga tushgani haqidagi ma'lumotlarni dezinformatsiya deb atadi va uni davlat rahbari lavozimidan hozir almashtirib boʻlmasligini aytdi.
Ukrainada prezidentlik saylovlari 2024 yil mart oyida boʻlib oʻtishi kerak edi. Zelenskiyning vakolatlari oʻsha yilning 20 mayidan keyin rasman tugadi. Shu bilan birga, uning oʻzi qonuniylik masalasi uni tashvishga solmasligini aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar