
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Pekin Rossiya va AQSh oʻrtasida Ar-Riyodda «yaqinda erishilgan konsensus»ni qoʻllab-quvvatlashini aytdi. Bu Xitoyning yuqori martabali vakilining Rossiya-AQSh muzokaralari boʻyicha birinchi izohidir.
«Xitoy tinchlikka erishishga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarni, jumladan, yaqinda Qoʻshma Shtatlar va Rossiya oʻrtasida erishilgan konsensusni qoʻllab-quvvatlaydi va tomonlar oʻzaro xavotirlarni bartaraf etadigan barqaror va uzoq muddatli echim topishini kutadi. Xitoy tomonlarning soʻrovlariga muvofiq va xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, global Janubning xavotirlarini hisobga olgan holda inqirozni siyosiy yoʻl bilan hal qilishda bundan keyin ham konstruktiv rol oʻynashga tayyor», — deyiladi Van Ining bayonotida.
Vazir Pekin XXR raisi Si Jinping 2024 yil aprel oyida ta'riflagan toʻrtta tamoyilga muvofiq «tinchlikni faol targʻib etayotgani»ni ta'kidlagan. Ular «tinchlik va barqarorlikni saqlash», urushning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini yumshatish va kamaytirish, ta'minot zanjirlarini uzish zarurligi haqida.
Van I Yoxannesburgdagi G20 sammitida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashgandi. Rossiya tashqi siyosat idorasi ta'kidlashicha, uchrashuvda Ukraina mavzusi ham muhokama qilingan, biroq hech qanday tafsilotlar keltirilmagan.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 fevral kuni Vladimir Putin yaqin vaqtlar ichida telefon orqali Si Jinping bilan muloqot qilishini bildirdi.
Gʻarb sanktsiyalari tufayli ularga qoʻshilmagan Xitoy Gʻarb bozorlari va texnologiyalaridan mahrum boʻlgan Moskva bilan savdo aloqalarini sezilarli darajada mustahkamlashga muvaffaq boʻldi. Ba'zi tahlilchilar fikricha, Donald Tramp ma'muriyati Xitoyni tiyib turish boʻyicha global strategiyasi doirasida Rossiyaning Xitoy bilan aloqalarini zaiflashtirish uchun Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash yoʻlini tutgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar