12:14 / 22.02.2025
237

Oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli boʻladimi?

Oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli boʻladimi?

Foto: SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy poliklinikalarda ayrim tibbiy xizmatlar pulli boʻlishi haqida xabarlar tarqaldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi Tibbiy sugʻurta boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Almardanov mazkur xabarlarga izoh berdi.

Konstitutsiyaning 48-moddasida Oʻzbekiston fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi koʻrsatilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻiga koʻra, ayni paytda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatiga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalardagi 28 ta diagnostik tekshiruv, 22 ta laborator tahlil, 138 turdagi dori vositalari, 57 ta tibbiy buyumlar, eng koʻp uchraydigan 110 ta tashxis, shuningdek, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 76 ta tibbiy buyumlar, 27 ta operativ davo hamda eng koʻp uchraydigan 257 ta tashxis kiritilgan boʻlib, davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.

Yangi qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga bepul taqdim etiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlaridan tashqari qoʻshimcha xizmat hisoblanadigan tibbiy yordam turlarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilmoqda.

Bu orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam paketiga kirmaydigan qoʻshimcha xizmatlarni tartibga solish koʻzda tutilgan.

Ushbu qonun loyihasiga koʻra, kafolatlangan hajmga kiritilgan tibbiy xizmatlarni davlat hisobidan yoki bepul olish uchun bemor belgilangan muddatlarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtishi, oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi talab etiladi. Bunga shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish kirmaydi, albatta.

Bemorning tor soha mutaxassisiga borib davolanishi uchun esa oilaviy shifokorning yoʻllanmasi zarur. Shundan soʻng kafolatlangan hajm doirasida tibbiy xizmatlar bepul koʻrsatiladi.

Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yoʻllanma beradi hamda bemor mazkur yoʻllanma asosida tor soha shifokori tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi va (yoki) uning tavsiyasiga koʻra, shifoxonaga yotqiziladi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda taqdim etiladi.

Bu bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan tibbiy yordam hajmidan ortiqcha tibbiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatish qoʻshimcha xizmatlar boʻlib, pulli asosda amalga oshiriladi.

Bunda oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yoʻllanmasi mavjud boʻlmasdan murojaat qilgan fuqarolarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam qoʻshimcha xizmat hisoblanishi (bundan shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish mustasno) belgilanmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo