23:39 / 24.02.2025
88

Rossiya Ukrainani magʻlub eta olmadi. Urushning uchinchi yilidan xulosalar

Rossiya Ukrainani magʻlub eta olmadi. Urushning uchinchi yilidan xulosalar
2022 yil 24 fevral tongini butun dunyo, ayniqsa ukrain xalqi juda yaxshi eslaydi. Kiyev, Xarkiv, Odessa, Dnepr va boshqa shaharlarda millionlab tinch aholi oʻsha kuni odatdagidek budilnik jiringlashidan emas, havo hujumi sirenalari va portlash ovozlaridan uygʻondi. Kiyev vaqti bilan taxminan soat 5 larda Rossiya armiyasi oliy bosh qoʻmondon Vladimir Putinning buyrugʻiga binoan Ukrainani borbardimon qila boshladi, rus harbiylari qoʻshni mamlakat hududiga birvarakayiga uch tomondan: shimol, janub va sharqdan bostirib kirdi.

Keng koʻlamli bosqinning dastlabki kunlarida shokka tushgan global hamjamiyat Kiyevdagi hokimiyat agʻdarilishidan xavotirda edi. Shunday boʻlgan taqdirda, ehtimol, Ukrainada Viktor Yanukovich boshchiligida qoʻgʻirchoq hukumat oʻrnatilgan, shu tariqa Rossiya, Belarus, Ukraina, “Donesk va Luhansk respublikalari”, Dnestrboʻyi, Janubiy Osetiya va Abxaziyani oʻz ichiga olgan “ikkinchi SSSR”ni e'lon qilish uchun sharoit hozirlangan boʻlardi. Voqealarning bunday rivoji keyingi navbatda avvalo Markaziy Osiyo uchun mudhish oqibatlarga ega boʻlishi shubhasiz edi.

Ammo bosqin boshlanganidan bir necha hafta oʻtib, Ukraina harbiy rahbariyati bu urushga etarlicha tayyorgarlik koʻrib qoʻygani oydinlashdi. Natijada Kremlning yashin tezligida gʻalaba qozonish rejasi chippakka chiqdi. Uch yildirki davom etayotgan urush global maydonda geosiyosiy muvozanatni tubdan silkitib yubordi va bu silkinishlar hamon davom etmoqda. Urush choʻzilib borarkan, ozodlik va erkinlik uchun kurashda Ukrainani qoʻllayotgan Gʻarbning birdamligi borgan sari koʻproq savol ostida qolmoqda. Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytishi bilanoq biron marta bosqinchi Rossiyani tanqid qilmasdan faqat Ukrainaga tashlanayotgani urushda butunlay yangi bosqich boshlanganidan darak beryapti.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida Rossiya–Ukraina urushining uchinchi yili bilan bogʻliq xulosalar va istiqboldagi kutilmalar haqida soʻz yuritiladi.

Gʻarb qurollarining frontdagi ahamiyati

Gʻarb davlatlari Ukrainaga uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berish masalasini 2024 yilning kuzida faol muhokama qila boshladi. 17 noyabr kuni AQShning endilikda sobiq prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yoʻllashga ruxsat berdi. 20 noyabrda Buyuk Britaniya ham Storm Shadow raketalaridan Rossiyaga zarba berish cheklovlarini olib tashladi. Bu qarorlar Rossiyaning Shimoliy Koreya qoʻshinlarini jangovar harakatlarga jalb qilishi ortidan qabul qilingan edi.

Gʻarb qurollari orasidan HIMARS raketa tizimlarini alohida ta'kidlash lozim. AQSh taqdim etgan yuqori mobillikka ega bu artilleriya komplekslari Rossiya qoʻshinlarini ta'minot zanjirini uzoqroqqa surishga majbur qildi, bu bilan hujum operatsiyalarini sekinlashtirdi. Ammo bu qurollar asosan Ukraina mudofaasini mustahkamlashga xizmat qilib, urushni tubdan oʻzgartirish uchun etarli boʻlmadi.

“Gʻarb haqiqatan ham Ukrainani muhim qurollar bilan ta'minladi va Kiyevga ancha yordam berdi. Lekin Abrams tanklari texnik jihatdan murakkab tuzilgani va armiya tarkibida zararlangan tanklarni doimiy ta'mirlovchi mexaniklar etishmasligi sabab kutilgandek samara bermadi. Undan tashqari Abrams’larning soni ham atiga 31 ta edi. F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqaruvchi uchuvchilar yetishmovchiligi ham uchoqning imkoniyatidan toʻliq foydalanish imkonini bermadi. Shunga qaramay HIMARS, ATASMS kabi uzoq masofaga zarba bera oluvchi raketa tizimlari Ukrainaga front chizigʻida katta yordam berdi”, – deydi siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov.

Ukraina uchun mas'uliyat Evropa zimmasiga tushadimi?

Donald Trampning qayta saylanishi bilan AQShda siyosat keskin oʻzgardi. AQShning asosiy e'tibori Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga oʻtayotgan bir paytda, Evropa Rossiyaga qarshi mustaqil harakat qilishga qodirmi? Siyosatshunos Farhod Tolipovga koʻra, ha, Evropa AQShsiz ham Ukrainani qoʻllashga va oʻz xavfsizligini oʻzi ta'minlashga qodir.

“Oʻylaymanki, Evropa Rossiyaga qarshi kurasha oladi. Koʻplab ekspertlarning AQSh Evropani tark etyapti, degan tahlillariga duch kelyapmiz, balki bu xavfsirash ma'lum darajada asoslidir. Lekin AQSh Evropani yolgʻiz qoldirib, oʻzining mintaqadagi harbiy bazalarini yopib, qoʻshinlarini butkul olib ketishini tasavvur qilish qiyin. Tramp qanchalik kutilmagan qarorlar qabul qilsa ham, Evropadan toʻliq yuz oʻgirib boʻlmasligini tushunsa kerak. Gʻarbning Ukrainani qoʻllashida Vashingtonni yaqqol ustun deb oʻylar edik, lekin Zelenskiy aytgan raqamlarga koʻra, Evropa davlatlarining umumiy moliyaviy yordamlari ham salmoqli ekanini koʻryapmiz. Shu nuqtayi nazardan yevropaliklar bu yogʻiga ham Kiyevni mustaqil qoʻllay olishsa kerak, deb oʻylayman”, – deydi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga koʻra, borgan sari Evroittifoqda tanlash imkoniyati qolmayapti: ittifoq endi oʻz xavfsizligi uchun asosiy mas'uliyatni oʻz zimmasiga olishga majbur.

“Mintaqada avvaldan Fransiya, Germaniya kabi xavfsizlik va geosiyosiy jihatdan AQSh orbitasidan mustaqil siyosat olib borishga intiluvchi davlatlar bor edi. Trampning bosimlari natijasida bu qarash endi kuchayib boradi. Aslida iqtisodiy, harbiy va demografik jihatdan AQShdan zaif deb boʻlmaydi, lekin siyosiy qadriyatlar jihatidan Vashington shu vaqtgacha Evropa ittifoqini individual harakat qilishga ragʻbatlantirmagan edi. Biroq Trampning oldinga surayotgan shartlari Putin istaklariga hamohang boʻlayotgani sabab, Evropa Ittifoqi endi mustaqil boʻlishga majbur”, – deydi u.

Tahlilchi Shuhrat Rasulning fikricha, Evropa Ukrainaning Rossiyaga yengilmasligini ta'minlay oladi.

“Myunxen konferentsiyasida AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Qoʻshma shtatlarning asosiy fokusi Xitoy sabab Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qaratilishini aytib oʻtdi. Katta ehtimol bilan Vashington Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamlarni toʻxtatishi mumkin, demak mas'uliyat Evropa davlatlariga oʻtadi.

Mintaqada asosiy yordami kutilayotgan davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha hamda Boltiqboʻyi davlatlaridir. Bu davlatlar bergan yordam bilan Ukraina Rossiyani urushda magʻlub qila oladimi? Yoʻq, lekin Ukraina magʻlub boʻlmaydi ham”, – deydi Shuhrat Rasul.

Siyosatshunos Jahongir Akramovga koʻra, Evropada yangi xavfsizlik arxitekturasining bosh mualliflaridan biri Britaniya boʻlishi mumkin.

“AQSh sabab NATO oʻzining 70 foiz qobiliyatini shubha ostiga qoʻyishi yevropaliklarga oʻzining xavfsizlik tizimini shakllantirishga turtki boʻladi. Fikrimcha, bu jarayonlarda Britaniya etakchi boʻladi va shu sabab London keyinchalik Evropa Ittifoqiga ham qaytishi mumkin”, – deydi u.

Koʻrsatuvni toʻliq video shaklida, YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Unda ekspertlar 2024 yil Rossiya iqtisodiyoti uchun qanday kechgani, oxirgi oʻzgarishlardan kelib chiqib, istiqbolda voqealar rivoji qanday kechishi mumkinligi kabi masalalarda ham oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo