00:47 / 25.02.2025
53

AQSh Rossiya bilan munosabatlarga yondashuvni qayta koʻrib chiqmoqda

AQSh Rossiya bilan munosabatlarga yondashuvni qayta koʻrib chiqmoqda
Foto: Reuters
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uols Fox News telekanali efirida Qoʻshma Shtatlar Rossiya bilan oʻzaro munosabatlarga yangicha yondashuvni shakllantirayotganini bildirdi.

"Biz Rossiya bilan munosabatlarimizni qayta koʻrib chiqmoqdamiz. Birinchi qadam prezident Trampning Putin va Zelenskiy bilan suhbatlari, keyinchalik esa Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan muzokaralar boʻldi", dedi u.

Uolsning qoʻshimcha qilishicha, Qoʻshma Shtatlar, shuningdek, “Amerika xalqi mamlakatga kiritilgan ulkan sarmoyalardan foyda olishi” uchun iqtisodiyot va muhim minerallar boʻyicha Ukraina bilan hamkorlikni qanday yoʻlga qoʻyishini yangicha talqin qilmoqda.

Joriy yilning 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSh delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Uning yakunlari boʻyicha Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralarda munosabatlarni tiklash yoʻlida muhim qadam qoʻyilganini ma'lum qildi. Shu bilan birga, u ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish uchun uzoq yoʻlni bosib oʻtish kerakligini ta'kidladi.

AQSh Davlat departamenti ham mustahkam tinchlikka erishish uchun birgina uchrashuv etarli emasligini qayd etdi.

Avvalroq AQSh Rossiyani tajovuzkor urush uchun qoralovchi Ukrainaning BMTdagi rezolyutsiyasini toʻxtatishga harakat qilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: Getty Images
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati BMTning barcha a'zolarini rezolyutsiyaning Amerika matnini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

"Qoʻshma Shtatlar BMTga tinchlikka erishish yoʻlini belgilash uchun barcha a'zo davlatlarni qoʻllab-quvvatlashga undaydigan oddiy tarixiy rezolyutsiyani taklif etdi", deya AQSh Davlat departamenti ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, ushbu rezolyutsiya prezident Trampning BMT oʻzining Nizomida mustahkamlangan asosiy maqsadiga — xalqaro tinchlik va xavfsizlikni, jumladan, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish orqali ta'minlashga qaytishi kerakligi haqidagi fikriga muvofiqdir.

"Biz qat'iy ishonamizki, hozir urushni toʻxtatish boʻyicha majburiyatlarni zimmaga olish vaqti keldi. Bu tinchlikka erishish uchun haqiqiy turtki yaratish imkoniyatimizdir", deyiladi bayonotda.

AQSh rezolyutsiyasi loyihasida Ukraina suvereniteti tamoyillariga havolalar yoʻq

Bloomberg’ga koʻra, Amerika rezolyutsiya loyihasida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyillariga havolalar mavjud emas. The Washington Post xabariga koʻra, Ukrainaga Amerika tomonining taklifi haqida 21 fevral kuni xabar berilgan.

Nashr suhbatdoshining aniqlashtirishicha, dastlab Vashington Ukraina tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani koʻrib chiqqan va “uni yumshatish uchun ba'zi oʻzgartirishlar kiritishni talab qilgan”. Keyin Vashington yangi rezolyutsiyani taklif qilib, Kiyevni oʻz variantini qaytarib olishga chaqirgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Ukraina TIVga rezolyutsiyani qaytarib olmaslikni buyurgan.

Rossiya AQSh hujjatiga tuzatish kiritilgan taqdirda, uni qoʻllab-quvvatlashga tayyor

AFP agentligining ma'lumotlariga koʻra, AQSh tomonidan ilgari surilgan loyihada Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududi haqida hech qanday eslatma yoʻq. Vashington tomonidan ilgari surilgan va qoʻllab-quvvatlangan avvalgi rezolyutsiyalardan farqli oʻlaroq, soʻnggi loyihada Moskvaga nisbatan tanqid mavjud emas va u mojaro manbai sifatida koʻrsatilmagan.

Rossiya “mojaroga tezroq barham berishga chaqiradi” soʻzlaridan keyin “shu jumladan, uning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali” iborasini qoʻshib, hujjatga tuzatish kiritishni taklif qildi, deb ta'kidladi Reuters.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa Amerika loyihasini “yaxshi qadam” deb atadi. Rossiyalik anonim diplomatga koʻra, agar bu tuzatish BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilinsa, Moskva AQSh rezolyutsiyasi uchun ovoz beradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo