
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 fevral kuni G7 ning onlayn sammitida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan gaplashib olganini ma'lum qildi.
«Kanada rahbarligi ostidagi «katta ettilik» davlatlarining yigʻilishi doirasida juda yaxshi suhbat boʻldi… Biz Qoʻshma Shtatlar boshqa sheriklar kabi qoʻllab-quvvatlashni davom etishiga juda umid qilamiz. Albatta, biz Evropa va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi ushbu birdamlikni yoʻqotmasligimiz kerak», — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti oʻzaro suhbat tafsilotlarini ochiqlamagan. Tramp esa hozircha Zelenskiy bilan muloqotiga izoh bermadi.
Tramp soʻnggi kunlarda Zelenskiyga nisbatan oʻta qattiqqoʻl gapirib, uni “diktator” deb atadi va uni “noqonuniy”likda aybladi. Bu Ukraina Qoʻshma Shtatlar bilan mineral resurslar boʻyicha kelishuv imzolashdan bosh tortgan bir paytda sodir boʻldi.
Zelenskiy jamoasi 2024 yil oxirida xavfsizlik kafolatlari evaziga AQShga Ukrainada foydali qazilmalarni qazib olish huquqini berish taklifini ishlab chiqdi. Biroq Tramp prezident lavozimiga kirishgach, kelishuvga boshqacha qaray boshladi – aslida u Ukrainaga allaqachon yuborilgan yordam evaziga foydali qazilmalarni qazib olish huquqini, qoʻshimcha xavfsizlik kafolatlarini bermasdan talab qilmoqda.
Tramp va Zelenskiy oʻrtasidagi mojaro fonida Qoʻshma Shtatlar Kiyevga diplomatik yordam berishni amalda toʻxtatdi. Shunday qilib, Vashington "Katta ettilik" yillik bayonotida "Rossiya tajovuzkorligi" iborasini eslatib oʻtishdan bosh tortdi va BMTning tegishli rezolyutsiyasi loyihasini qoʻllab-quvvatlamadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar