
Foto: Sgt. Thiem Huynh/U.S. Army
AQSH prezidentligiga Donald Tramp kelgach mudofaa xarajatlarini qisqartirish tashabbusi bilan chiqa boshladi. Xususan u Ukraina va G‘azo sektoridagi urush tugashi bilan Rossiya hamda Xitoy bilan mudofaa xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp Rossiya va Xitoy bilan yadroviy qurollar sonini kamaytirish mavzusidagi muzokaralarni ham qayta tiklamoqchi. Xo‘sh, dunyo mamlakatlari harbiy sohaga qancha pul sarflaydi?

Al Jazeera'ning Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) tahlillariga tayanib yozishicha, 2023 yilda global harbiy xarajatlari 6,8 foizga ko‘payib, 2,44 trillion dollargacha oshgan. Bu kishi boshiga 306 dollarni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, 2000 yilda jahon harbiy xarajatlari 798 milliard dollar yoki aholi jon boshiga 130 dollar bo‘lgan. O‘tgan 23 yil mobaynida harbiy sohaga ajratilayotgan pul 3 barobardan ko‘proqqa oshgan.
Harbiy budjeti eng katta bo‘lgan mamlakatlar
AQSH – harbiy sohaga eng ko‘p mablag‘ sarflaydigan davlatdir. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Qo‘shma Shtatlarning mudofaa budjeti 880 milliard dollarni tashkil etgan. Bu keyingi o‘rinlardagi sakkizta davlatning umumiy xarajatlaridan ham ko‘proq.
Shuningdek, Xitoy (309 milliard dollar), Rossiya (126 milliard dollar), Hindiston (83 milliard dollar) va Saudiya Arabistoni (74 milliard dollar) kabi davlatlarning ham mudofaa budjeti ancha katta hisoblandi.

Harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan olinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Ukrainada – 36,7 foiz. Bu borada YAIMning 8,9 foizini sarflagan Livan ikkinchi, Jazoir (8,2 foiz), Saudiya Arabistoni (7,1 foiz) va Janubiy Sudan (6,3 foiz) esa keyingi o‘rinlarni band qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar