
Foto: Saul Loeb/AFP/Getty Images
28 fevral, juma kuni Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp va uning ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzolash o‘rniga janjal bilan yakunlandi. AQSH Senati a’zolari va boshqa amerikalik siyosatchilar o‘rtasida bu boradagi fikrlar, asosan, partiyalar bo‘yicha ikkiga bo‘lindi.
Respublikachilar: "Amerika hammasidan ustun" tamoyili amalda
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson shunday dedi: «Bugun biz Oval kabinetda Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yadigan Amerika prezidentini ko‘rdik». «Amerikadan foydalanish va hurmatsizlik qilish mumkin bo‘lgan kunlar o‘tdi», dedi u.
Nufuzli respublikachi senator Lindsi Grem jurnalistlarga: «Oval kabinetda ko‘rganlarim hurmatsizlik edi va biz Zelenskiy bilan yana uchrashamizmi yoki yo‘qmi, bilmayman» dedi. Uning fikricha, Ukraina prezidenti yo «o‘zgarishi» yoki «iste’foga chiqib, Vashington «ishlay oladigan» odamni yuborishi kerak».
Ukraina SSRda tug‘ilgan va hozirda AQSH Senatida Indiana shtati vakili bo‘lgan Viktoriya Spars Zelenskiy «AQSH prezidenti va Amerika xalqini haqorat qilib, Ukraina xalqiga katta zarar yetkazdi» degan fikrni bildirdi. «Bu teatr sahnasi emas, balki haqiqiy urush», dedi respublikachi.
Shu partiyadan kongressmen Don Bekon esa boshqa pozitsiyani egalladi. «Ba’zilar haqiqatni yashirishni istaydi, lekin biz buni e’tiborsiz qoldira olmaymiz. Bu urushda Rossiya aybdor», — deydi respublikachi.
AQSH demokratlari: Moskva hozir bayramni nishonlamoqda
«Kremlda bayram nishonlanyapti», dedi Merilend shtatidan Senat a’zosi Kris Van Xollen muzokaralar yakunlarini sharhlar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning «Zelenskiyni haqorat qilgani va yolg‘on va dezinformatsiyaga to‘la shou ko‘rsatishi» «hatto Putinning ham hijolat bo‘lishiga olib keladi» va «Amerika uchun sharmandalik» bo‘ldi.
«Biz Trampga tarixni qayta yozishga yoki o‘nlab yillik hamkorlikni (Ukraina bilan) yo‘q qilishga ruxsat bera olmaymiz», — dedi Senatdagi demokratlar yetakchisi Dik Durbin. U Zelenskiydan «samimiy kechirim so‘rashini» bildirdi.
Massachusets shtatidan demokrat senator Elizabet Uorrenning aytishicha, AQSHning amaldagi prezidenti «demokratiyaning yo‘q qilinishini siyosiy tomosha sifatida ko‘rib, Ukrainani bo‘rilarga tashlamoqda va Putinga yaxshilik qilmoqda».
Obama ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan yana bir demokrat Ben Rods shunday dedi: «Tramp Qo‘shma Shtatlarni o‘ta o‘ng, avtoritar, qadrsiz oligarxiyaga aylantirmoqda, bu dunyo avtokratiyalari bilan chambarchas bog‘liq». “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar