
28 fevral kuni Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uchrashdi. Ikki yetakchi foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolashi kutilgan edi, lekin bu barbod bo‘ldi. Jurnalistlar qarshisidagi uchrashuv janjal bilan tugadi, Zelenskiyning AQSHga safari erta yakunlandi.
Diplomatik sahnadagi bu katta tortishuv ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida ham aks sado berdi. Unga ijtimoiy-siyosiy faollardan tortib, boshqa foydalanuvchilargacha turli fikr va munosabatlar bildirmoqda.
Masalan, tadbirkor Zafar Hoshimov holatni «ko‘ngilni xira qilgan tortishuv», deb atagan.
«Prezident Tramp va vitse-prezident Vens, ikki kishilashib, mana uch yildirki o‘z vatani mustaqilligi va territorial daxlsizligini agressordan himoya qilib kelayotgan dovyurak ukrain prezidentiga uning mamlakatini va xalqini «zaif va ilojsiz», «o‘ynaydigan kartasi yo‘q», deb unga ta’nalar otib, majburlab, hech qanday kafolatsiz, o‘zlari uchun «tinchlik» deb nomlagan, aslida esa tajovuzkorga yon beradigan otashkesim kelishuviga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi.
Xuddi uch yil oldin qurolli agressiyaga qanday jasurlik bilan qarshilik ko‘rsatgani kabi, bu gal ham ushbu og‘zaki tashlanishga prezident Zelenskiy mardlik va matonat ila qarshilik ko‘rsatdi», – deydi tadbirkor. Shuningdek, u janjal ortidan qilgan bir necha xulosalarini yozib qoldirgan.
BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoning fikricha, diplomatik uchrashuv «hech qachon bu kabi jirkanch va bozor tusini olmagandi».
«Tramp va Vans Zelenskiyni jahon matbuoti oldida yerga urishdi, Amerikaga hurmatsizlikda va yetarlicha minnatdorlik ko‘rsatmaganlikda ayblashdi. Tramp hatto Hillari Klinton, Obama, Baydenlar bechora Putinni yovuz qilib ko‘rsatishganini aytib, o‘z davlati obro‘si va hukumatini loyga bulg‘adi. Vens oraga suqilib, Ukrainani propagandada ayblay boshlaganida, Zelenskiy: «Ukrainada o‘zi biron marta bo‘lganmisiz» deya mot qildi. Ikki bullining oldida bo‘sh kelmadi. Meni taklif qildinglar-ku, gapirsam bo‘ladimi, deb ham so‘radi.
Bir vaqtlar dunyo lideri deb hisoblangan davlatning ikki vakili kelgan mehmonni koyib, Oq uyni sharmandali tomosha sahnasiga aylantirdilar, va Ukraina prezidentini haydab yubordilar. Kremlda eng katta popkorn mashina murvatlari zo‘r berib aylanayotgandi.
Zelenskiy bilan aytishuvni AQSH vitse-prezidenti Vens boshladi, ungacha hammasi tinch edi. Vens kechadan beri o‘zi g‘azabda — kecha Britaniya bosh vaziri Kir Starmer uni bir gap bilan joyiga o‘tqazib qo‘yganida, Vens ichidan olov bo‘lib yonayotgani ko‘rindi. Vens jurnalistlarga «biz Britaniyadagi so‘z erkinligidan xavotirdamiz» deyar ekan, Starmer uning gapini bo‘ldi va «Bizda juda uzoq vaqtdan beri so‘z erkinligi bo‘lgan va bundan juda faxrlanamiz» deya luqma tashladi. Boshqa davlatlar haqidagi ma’lumoti odmi bo‘lgan va o‘zini "hillbilly" (aqli past qishloqi) deb atagan Vensning Britaniya haqida bu tonda gapirishi Starmer uchun nomaqbul edi.
...Vens borgan sari avjiga chiqyapti, chunki lavozimga tayinlanganidan beri Ilon Maskning soyasida qolib ketdi va buni juda yomon qabul qildi. Trampni hayratlantirish uchun Mask va Vens o‘rtasida eng radikal chiqishlar bobida o‘ziga xos raqobat yuzaga kelgan. Bugun Zelenskiyga bo‘lgan hamla ham shu raqobatning bir qismi edi», – deya yozadi Ibrat Safo.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov esa Zelenskiy «biroz yengiltaklik qildi», deb hisoblamoqda. Uning fikricha, Zelenskiyning betoqatligidan ukrain xalqi jabr ko‘rishi mumkin.
«Demokrat odam o‘lim yoqasida ham chora qidiradi. Diplomatiyaning oltin qoidasini ortida o‘z xalqi va Vatani turgan odam ayniqsa unutmasligi kerak. Zelenskiy biroz yengiltaklik qildi, qilib hamki, Oq uyda Amerika bezgagi xuruj qilayotganini butun dunyo ko‘rib turgan bir paytda.
Siyosatchiga xarizma va ambitsiya yarashadi, ammo u foydaga ishlasa, dushmanni xursand qilmasa. Kremlda misli ko‘rilmagan tantana, jafokash Ukraina taqdiri shundoq ham boshi berk ko‘chada edi, imkoniyatlar yana qisqardi.
Ko‘pchilik Zelenskiyning muhorabasini qahramonlikka yo‘ymoqda, afsuski, bu geroizm emas, menimcha. Bir odamning nodonligini deb katta masalalarda fursatni boy berish noto‘g‘ri ekanini siyosatshunos bo‘lmasam ham sezib turibman. Qolaversa, ittifoqchilik munosabatlarida garovga kattaroq nimadir tikiladi, bu tabiiy.
Amerika bezgagi uzoq davom etmaydi, bu epidemiyadan AQSH xalqi juda uzoq bo‘lmagan muddatda chiqadi. Ammo Zelenskiyning betoqatligidan ukrain xalqining jabr ko‘rishi tayin, bo‘ron to‘xtaydi, ayozi qoladi», – degan huquq faoli.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa ikkita odam urishib qolsa, aqllirog‘i, sog‘lomrog‘i ko‘proq aybdor bo‘lishini ta’kidlagan. Zelenskiy Trampni cheklangan odam ekanini inobatga olib, mahorat bilan diplomatiya qilishi kerak edi, deydi u.
«Diplomatiyada bir urinishda barcha haqiqatlar aytilmaydi. Bir chiqishda barcha mantiqiy bosqichlar ifodalanmaydi. Tramp «Putin bilan diplomatiya qilmoqchiman» desa, Zelenskiy «iltimos, urinib ko‘ring, u sizni aytganingizni qilishiga umid qilaman, lekin bu adolatli kelishuv bo‘lishi kerak!» deyishi kerak edi. Makron va Starmer aynan shu pozitsiyani aytishdi.
Biroq, Zelenskiy «2014 yildan buyon Putin bosqinchi, hatto sen o‘tgan safar hokimiyatda o‘tirganingda, o‘zing ham hech narsa qilmading!» qabilida gapirdi. Balki Zelenskiy Tramp bilan ataylab aytishgandir. Balki Trampning psixologiyasini o‘rgangandir, kuzatamiz. Lekin hozircha, Zelenskiy Putin va Trampni yaqinlashtirdi xolos. Endi Putin o‘zining yopiq kanallari orqali «Donald, men senga nima degandim?! Bu bola o‘zi nenormal» deyishi aniq. Ukrainaning vaziyati jiddiy og‘irlashadi. Bu aytishuvdan keyin Ukraina AQSHni ancha o‘zidan uzoqlashtirdi. Putin yutdi», – deya yozdi siyosatshunos.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar