15:30 / 06.03.2025
50

Tramp Hamasdan garovdagilarni ozod etishni talab qildi

Tramp Hamasdan garovdagilarni ozod etishni talab qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga ko‘ra ozod qilinganlar guruhi bilan uchrashdi.

«Garovga olinganlarning hammasini keyin emas, hoziroq ozod qiling, o‘ldirgan barcha odamlaringizning jasadlarini zudlik bilan qaytarib bering, aks holda tamom bo‘lasizlar. [...] Men Isroilga ishni yakunlash uchun barcha vositalarni beraman, aytganlarimni qilmaguningizcha Hamasning hech bir a’zosi xavfsizlikda bo‘lmaydi», — deb yozdi u o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Bu siz uchun oxirgi ogohlantirish! [Hamas] rahbariyatiga kelsak, hozir imkon borida G‘azoni tark etishning ayni payti. G‘azo aholisiga ham murojaat qilaman: sizni ajoyib kelajak kutmoqda, lekin garovga olinganlarni ushlab turish holatida emas. Agar shunday davom etsangiz, o‘lasiz. Aqlli qaror qabul qiling. Garovga olinganlarni hoziroq ozod qiling, yo‘qsa keyinroq buning badali jahannam bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bu Trampning Hamasga birinchi tahdidi emas. Fevral oyi boshida Hamas garovga olinganlarni ozod qilishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilganida, Tramp bunday holatda ular uchun «haqiqiy do‘zax boshlanishi»ni aytgandi.

O‘shanda Hamasdagilar tahdidlar bilan gaplashishdan ma’no yo‘qligi, bu vaziyatni faqat murakkablashtirishini bildirgandi.

Avvalroq Oq uy AQSH Hamas bilan garovga olinganlar bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqlagandi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ma’lum qilishicha, Isroil bilan muzokaralar boshlanishidan oldin maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

BBC manbalariga ko‘ra, Hamas va AQSH vakillari o‘rtasida ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Nashr muxbiri Pol Adams bu aloqalarni noodatiy, ammo misli ko‘rilmagan deb atash mumkinligini ta’kidlagan. AQSH 1997 yildayoq Vashington tomonidan terrorchilik guruhi deb e’lon qilingan Hamas bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilmagandi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning aprel oyida ham Bayden ma’muriyati vakillari bilan garovdagi amerikalik masalasini muhokama qilish uchun yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.

Hamas a’zosi va Qizil Xoch xodimi Rafahda garovga olinganlarni ozod qilish paytida, 22 fevral
Isroil tomoni ta’kidlashicha, G‘azoda hamon 59 kishi garovda ushlab turilibdi, ulardan kamida 24 nafari halok bo‘lgani aytiladi. Garovdagilar orasida AQSHning bir necha fuqarosi ham bor.

Vashington vakillarining Hamas bilan muzokaralari haqida birinchi marta Axios nashri xabar berdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar Qatarda asirdagilar taqdirini, shuningdek, urushni to‘xtatish bo‘yicha kengroq kelishuvni muhokama qilish uchun uchrashgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning kanselyariyasi muzokaralar bo‘yicha «o‘z pozitsiyasini bildirgani»ni ma’lum qildi, biroq qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilmagan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo