22:44 / 10.03.2025
106

Ter Shtegen yolg‘on axborot tarqatgan ispan OAVlarini keskin qoraladi

Ter Shtegen yolg‘on axborot tarqatgan ispan OAVlarini keskin qoraladi
"Barselona" va Germaniya terma jamoasining tajribali darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen Ispaniya ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan shaxsiy hayotiga oid yolg‘on xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ter Shtegenning rafiqasi Daniela xiyonat qilgan va shu sababli juftlik ajrashishga qaror qilgan. Ammo 32 yoshli darvozabon bu ma’lumotlarni keskin rad etib, bunday xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

Ter Shtegen OAVni aybladi

Germaniyalik darvozabon, xususan, "Catalunya Radio" va "3Cat Group" media kompaniyalarini keskin tanqid qilib, ularni yolg‘on xabarlar tarqatishda aybladi:

"Hurmatli jamoatchilik, "Catalunya Radio" va "3Cat Group" media kompaniyasidagi yomon boshqaruv hamda rahbarlik va nazoratning yo‘qligi meni larzaga soldi va hafsalamni pir qildi. Ular yolg‘on xabarlar tarqatish va shaxsiy huquqlarni buzish bilan shug‘ullanmoqda."

Uning ta’kidlashicha, bu radiostansiyalarning jurnalistlari haqiqatni buzib ko‘rsatib, Daniela haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan.

"Bu radioning jurnalistlari yolg‘onchi bo‘lib, soxta xabarlar tarqatib, rafiqam Danielani va uning obro‘sini ommaviy ravishda haqorat qilmoqda."

"Hech qanday xiyonat bo‘lmagan"

Ter Shtegen mish-mishlarni rad etib, ularning oilaviy qaroriga tushunish bilan yondoshishni so‘radi:

"Daniela tomonidan hech qanday xiyonat bo‘lmagan. Bu haqiqat. Biz Dani bilan o‘zaro kelishib, turli yo‘llardan borishga qaror qildik. Biroq, do‘stona munosabatlarimizni saqlab qolamiz."

Ispan OAVlari yana tanqid ostida

Ommaviy axborot vositalarining bunday yolg‘on xabarlarni tarqatishi jamoatchilikda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. "Barselona"ning asosiy darvozaboni OAV vakillarini axloqiy me’yorlarga rioya qilishga va shaxsiy hayotga aralashmaslikka chaqirdi:

"Yetakchi davlat ommaviy axborot vositalarining Danielani nohaq ayblab, bu ma’lumotlarni tarqatishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi."

Ter Shtegenning bayonoti keng tarqalib, futbolchiga muxlislar tomonidan qo‘llab-quvvatlash bildirildi. Shu bilan birga, "Barselona" klubi rahbariyati bu holatga rasmiy munosabat bildirmagan.

Shuningdek, bu voqea Ispaniya OAVlarining futbolchilar shaxsiy hayotini muhokama qilish borasidagi chegaralarni qanday buzishi haqida yana bir bor bahslarga sabab bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo