
Turkmanistonda ayollar uchun kiyinish qoidalari yanada qat’iylashmoqda. Yangi talablarga ko‘ra, turmush qurgan ayollar ishga sariq ko‘ylakda, turmushga chiqmaganlar esa sariq ro‘mol o‘rab borishlari shart. Bu haqda “Ozodlik radiosi” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ashxoboddagi ish joylarida rahbarlar turmushga chiqmagan ayollarga sariq ro‘mol o‘rash majburiy ekanligini ma’lum qilgan. Bunday qarorning rasmiy sababi aniq ko‘rsatilmagan, ammo rahbarlar bu “yuqoridan kelgan buyruq” ekanligini ta’kidlashgan.
Kiyim rangiga doir qoidalar mart oyi boshida joriy etilgan. Ularga amal qilmaganlar ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Bu esa mahalliy aholi va ayniqsa, ayollar orasida norozilikka sabab bo‘ldi.
“Bu qachon tugaydi? Ayollarning qadr-qimmatini kamsitish qachon to‘xtaydi?” — deydi mahalliy fuqarolardan biri, ismini oshkor qilishni istamagan ayol.
Ayollar uchun qat’iy cheklovlar va bundan oldingi talablar
Turkmanistonda ayollar uchun tashqi ko‘rinish bo‘yicha cheklovlar avval ham amalda bo‘lgan. 2022 yilda qator kosmetik jarrohliklar, xususan, ko‘krak implantatsiyasi, lab kattalashtirish va tatuaj rasman taqiqlangan. Hukumat hujjatlariga ko‘ra, tirnoq va kiprik o‘stirish ham man etilgan.
Shuningdek, poytaxt va boshqa shaharlarda tirnog‘i yoki labi sun’iy usulda o‘zgartirilgan ayollar ommaviy ravishda hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan. Ularga kosmetik moddalarni olib tashlash majburiyati yuklatilgan va katta miqdorda jarima to‘lashga majburlangan.
Bundan tashqari, davlat muassasalarida ishlovchi ayollarga kosmetikadan foydalanmaslik to‘g‘risida tilxat yozdirilgan. Maktablarda katta sinf o‘quvchi qizlariga manikyur va pedikyur nojoiz ekanligi haqida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Yuqoridagi suratda Turkmanistonning an’anaviy liboslarini kiygan yosh qizlar aks etgan. Ularning kiyimlari chiroyli naqshli, uzun, milliy uslubdagi ko‘ylaklardan iborat. Turkman ayollari ko‘p holatda milliy liboslarga ustunlik beradilar. Bunday kiyimlar nafaqat madaniy an’analarning ifodasi, balki rasmiy talablarga javob beruvchi forma sifatida ham qaraladi.
Hozirgi yangi qoidalar esa turkman ayollarining kiyinishiga yanada ko‘proq cheklovlar joriy qilishga xizmat qilmoqda.
Turkmanistonda ayollar tashqi ko‘rinishiga bunday qat’iy aralashuv ilgari ham kuzatilgan, ammo bu safargi qarorlar jamoatchilikning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar